Millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik tinchlik kafolati

18:01 16 Noyabr 2022 Jamiyat
650 0

Arxiv surat

16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni

Xalqaro YUNESKO tashkiloti tomonidan dunyoda tinchlik, dinlar va konfessiyalararo muloqot oʻrnatish, millatlar va elatlar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish borasida, bagʻrikenglikka oid 70 dan ziyod xalqaro hujjatlar qabul qilingan. 1995-yil 16-noyabrda Parijda YUNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida eʼlon qilingan “Bagʻrikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” ana shu faoliyatning yorqin namunasidir. Hozir bu kun butun dunyoda “Xalqaro bagʻrikenglik kuni” sifatida keng nishonlanadi.

Tolerantlik (bagʻrikenglik) tamoyillari dunyodagi koʻpchilik davlatlarning qonun hujjatlarida, insonning asosiy huquqlari va erkinliklari sifatida mustahkamlab qoʻyilgan va xalqaro deklaratsiyalarda oʻz ifodasini topgan. Bu sohada BMT tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumiy deklaratsiyasi, shuningdek Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi Xalqaro Pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi Xalqaro Pakt eng asosiy hujjatlar boʻlib xizmat qiladi. Yevropa Kengashi doirasida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Yevropa Konvensiyasi amal qiladi. Konvensiya yuzasidan tuzilgan va uni ratifikatsiya qilgan davlatlar zimmasiga barcha huquqlarni hech bir kamsitishsiz kafolatlash majburiyatini yuklaydigan va majburiyatlar bajarilmagan taqdirda jazo chorasini qoʻllashni koʻzda tutadigan 12-bayonnoma kuchga kirdi.

Hozirgi kunda bagʻrikenglik muammosi butun dunyoda dolzarb muammo sifatida tegishli xalqaro tashkilotlarda muhokama qilinmoqda. Chunonchi, YUNESKO bagʻrikenglikni shakllantirish yoʻlida muhim ishlarni amalga oshirmoqda. Uning Parijdagi qarorgohida 1993-yili tolerantlik boʻlinmasi tuzildi. Oradan ikki yil oʻtib (1995-yil 16-noyabrda) YUNESKO Bosh Konferensiyasi "Declaration of princip les on tolerance«ni tasdiqladi. Bu hujjatni 185 ta davlat, shu jumladan Oʻzbekiston ham imzoladi.

Deklaratsiyada milliy, etnik, diniy va til guruhlariga nisbatan zoʻravonlik, yotsirash va kamsitishning yalpi avj olishiga qarshilik koʻrsatish lozimligi taʼkidlandi. Bagʻrikenglik xalqlar oʻrtasida murosaga kelish yoʻlini topish, mojarolarning tinch yoʻl bilan bartaraf etishning muhim sharti ekanligini keng jamoatchilik eʼtirof etmoqda.

Diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik masalasi boshqa davrlarda boʻlgani kabi, Oʻzbekistonda ijtimoiy-siyosiy va huquqiy islohotlarning yangi bosqichida ham Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ustuvor yoʻnalish sifatida eʼtirof etib kelinmoqda. “Oʻzbekiston millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik sohasida oʻz anʼanalariga doimo sodiq boʻlib, bu yoʻldan hech qachon ogʻishmasdan ilgari boradi. Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat, doʻstlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali eʼtibor qaratiladi. Bu – bizning eng katta boyligimiz va uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir” degan edi Prezidentimiz 2018-yil 28-dekabrda Oliy Majlis palatalariga qilgan Murojaatnomasida.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi faoliyat yuritmoqda. Mazkur qoʻmita davlatimiz rahbarining 2017-yil 19-maydagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq tashkil etildi .

Ayrim suveren davlatlardan farqli oʻlaroq bizning mamlakatimizda insonning hayotiy muhim xalqaro huquqni himoya qilish hujjatlarida tan olingan asosiy ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlari hamda erkinliklari kamsitishga duchor qilinmaydi.

2017-yil 19-sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyaning 72-sessiyasida Oʻzbekiston Prezidenti “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Ushbu taklif BMTga aʼzo boʻlgan 193 ta davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlandi va Bosh Assambleyaning yalpi majlisi tomonidan tarixiy  rezolyutsiya qabul qilindi.

Mustaqil Oʻzbekiston Konstitutsiyasi yangi jamiyatning ishonchli huquqiy kafolatidir. Mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlaydigan, davlat va jamiyatning siyosiy tuzilishi, tizimini belgilaydigan, xalqaro qabul qilingan meʼyoriy hujjatlarga javob beradigan va xalqning tarixiy tajribasiga mos keladigan Konstitutsiya – mustaqil, demokratik, huquqiy davlatni qaror toptirish va rivojlantirishning eng muhim sharti hisoblanadi.

Konstitutsiyani tayyorlash va qabul etishda Oʻzbekistonning davlat suvereniteti, irqi, millati, qaysi dinga mansubligi, tili, tugʻilgan joyi, ijtimoiy kelib chiqishi, siyosiy eʼtiqodlaridan qatʼiy nazar, fuqarolarning teng huquqliligiga asoslanishi kerakligi qatʼiy ravishda hisobga olingan. Unda belgilanganidek, “Oʻzbekiston xalqini, millatidan qatʼiy nazar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tashkil etadi”.

Bosh Qomusimizning 18-moddasida: «Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar» deyilgan.

Shu bilan birga, zamon shiddat bilan oʻzgarayotgan, kutilmagan joylardan kutilmagan xatarlar paydo boʻlayotgan bir paytda Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasida qilgan maʼruzasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” toʻgʻrisidagi tashabbusi jahon hamjamiyati tomonidan nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda tinchlik va taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan yuksak harakat deb baholandi.

Oʻzbekiston diyorida yashovchi barcha xalqlarning hamjihatlikka va inoqlikka intilishi barqarorlikning oʻziga xos nishonasidir. Oʻzbekiston hamisha koʻp millatlilik va koʻp dinlilik sharoitida millatlararo hurmat va totuvlik ruhi bilan ajralib kelgan. Huquqiy davlat barpo etish sari borayotgan jamiyatimizning madaniyligi va davlatimizning demokratiklilik darajasi, milliy va etnik guruhlarga yaratib berilgan sharoit va imkoniyatlar bilan belgilanadi. Shu tufayli ular madaniy oʻziga xoslikni qaror toptirib, oʻzlarining maʼnaviy va aqliy salohiyatini toʻla-toʻkis tarzda roʻyobga chiqarib kelmoqda.

Oʻzbekistondagi barqarorlikni hamda davlat va jamiyat taraqqiyotini mamlakatda istiqomat qiladigan 136 dan ortiq millat va elatning oʻzaro totuvligisiz, rasman roʻyxatdan oʻtgan 16 diniy konfessiya vakillari oʻrtasida bagʻrikenglik munosabatlarisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Tarkibi va miqdori jihatidan qatʼi nazar, har bir millat oʻz madaniy markazini tuzish huquqlariga ega.

Agar 1500 ga yaqin xitoylar,1300 ta litvaliklar va 200 mingdan kamroq dunganlarning ham milliy madaniy markazlarini inobatga oladigan boʻlsak, Respublikamizda har bir millat va elat vakillarining milliy qadriyatlari,urf-odat va rasm-rusumlari, tili va madaniyatini saqlash va rivojlantirishi uchun huquqiy, nazariy va amaliy asoslarga keng imkoniyatlar yaratilganligini koʻramiz. Bugungi kunda mamlakatimizda taʼlim 7 tilda – oʻzbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirgʻiz va turkman tillarida olib borilmoqda. Yoshlarimizga davlat tomonidan fanlarni oʻzlashtirish uchun darsliklar va badiiy adabiyotlar oʻz tillarida yetkazib berilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 30-iyul Xalqlar doʻstligi kuni deb eʼlon qilindi. Davlatimiz tomonidan Yangi Oʻzbekistonning tinchliksevar va xalqparvar siyosatini xalqaro miqyosda keng targʻib etish borasidagi katta xizmatlari, yosh avlodni vatanparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yoʻlidagi ibratli ishlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh insonlar davlat mukofotlari va «Xalqlar doʻstligi «koʻkrak nishonlari bilan taqdirlanmoqda.

2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasining beshinchi yoʻnalishida keltirilgan 74-maqsad jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan. Bugungi vaziyatda dunyo qalqib turgan, turli mintaqalarda urush davom etayotgan, qon toʻkilayotgan bir sharoitda milliy xavfsizlikni taʼminlashga jiddiy eʼtibor berish eng muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Oʻzbekiston deb atalgan umumiy xonadonimiz, 35 millionli koʻp millatli oilamiz istiqboli uchun diniy eʼtiqodi, milliy mansubligi, kasbu kori va yoshidan qatʼi nazar, har bir fuqaro masʼul ekanini anglash, farzandlarimizni shu ruhda tarbiyalash asosiy vazifa etib belgilangan.

Koʻp millatli jamiyatda bagʻrikenglik, oʻzaro ishonch va hurmat- millatlararo hamjihatlikning poydevori, mamlakatdagi xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni uygʻunlashtirishning harakatlantiruvchi kuchidir. Millat va elatlarning bagʻrikengligi, oʻzaro hurmati – jamiyat madaniyatlilik darajasining koʻrsatkichi, davlatdagi millatlararo totuvlikning asosi va shu bilan birga kelgusidagi muvaffaqiyatli rivojlanishning eng muhim sharti hamdir.

Bu borada yurtimizda millatlararo ahillik va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, maʼnaviy-axloqiy tarbiyani kuchaytirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yuqorida taʼkidlangan jihatlarni eʼtiborda tutib shuni taʼkidlash kerakki, Oʻzbekistonda ijtimoiy sohalarda salbiy hodisalar roʻy berishi uchun hech qanday asos yoʻq. Chunki respublikada fuqarolik toʻgʻrisida, aholini ish bilan taʼminlash haqida Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa bir qator qonunlar qabul qilinganki, ularda fuqarolarning tub joyli millatga mansub boʻlmagan shaxslarning huquqlari boshqalar bilan birga fuqarolikka ega boʻlish, ozod mehnat, erkinlik, mashgʻulot va ish turini tanlash kabi huquqlar bilan taʼminlanadi.

Oʻzbek xalqining hayotida roʻy berayotgan chuqur oʻzgarishlarda Oʻzbekistonda yashovchi boshqa xalqlarning vakillari ham bir jon, bir tan boʻlib qatnashmoqdalar. Ana shu xalqlarning hayotida ham chuqur tarixiy oʻzgarishlar faol sodir boʻlmoqda. Millatlararo hurmat va totuvlik ruhi bilan ajralib turadigan Oʻzbekistonda millati, diniy eʼtiqodi, tilidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarning yakdilligini taʼminlash siyosati yuritilyapti.

Bugungi kunda mamlakatimizda tinchlik, osoyishtalik begʻubor osmon, munavvar kunlarimizning qadr-qimmati, ahamiyati har qachongidan ham ortib bormoqda. Ana shu tinchlik, osoyishtalik omili boʻlgan diniy bagʻrikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Yurtimizda xilma–xil diniy eʼtiqodga ega boʻlgan kishilarning bir zaminda buyuk gʻoya va sof niyatlar yoʻlida hamkor va hamjihat boʻlib yashashi bagʻrikenglikning yorqin namunasidir.
Rahbar XOLIQOVA,
Toshkent davlat texnika universiteti professori,
tarix fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер