Millat maʼnaviyati qoʻrgʻoni

16:04 08 Mart 2022 Jamiyat
1338 0

Foto: president.uz

Mushohada

Ayol — ona. Ayol — goʻzallik va latofat timsoli...

Umuman, hayotni ayollarsiz tasavvur qilish qiyin. Homila ona qornida rivojlanar ekan, onasi nimani eshitsa, qanaqa maʼlumotlarni oʻqisa, qanday manzarani koʻrsa, nima haqida oʻylasa, fikr-mulohaza qilsa, murgʻak jonning maʼnaviy ongi shunga qarab shakllanib boradi. Onasining feʼli, xatti-harakati, ijobiy va salbiy xislati, fazilatlaridan andoza oladi. Farzand dunyoga kelganidan keyin ham ota-onaning topgan luqmasi orqali, ona suti bilan oziqlanadi. Demak, qanchalik toʻgʻri yoʻldan yurib, halol rizq topib roʻzgʻor tebratsak, farzandlarimiz shunchalik imonli, eʼtiqodli, tarbiyali, maʼnaviy dunyoqarashi keng, solih farzandlar boʻlib kamolga yetadi.

Dunyodagi jami buyuk insonlarni ham ona dunyoga keltirgan. Erishilgan katta-katta yutuqlarimizda ham ayol kishining oʻrni beqiyos.

Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam yosh yetim qolgani uchun bir umr volidasini alqab oʻtgan. Oq sut berib, tarbiyalagan, mehr bergan onasiga ham ehtirom koʻrsatgan.

Tarixdan maʼlumki, ajdodlarimiz doim ayollarni qadrlashga, ularga nisbatan hurmat va izzatda boʻlishga daʼvat etgan. Ular uchun saroylar, maqbaralar bunyod qilgan. Sohibqiron Amir Temur Samarqandda Bibixonimga madrasa, boburiylar sulolasidan Shohjahon Mumtozbegimga Hindistonda Toj Mahal saroyini qurdirgan.

Milliy tafakkur har bir xalqda koʻp asrlar mobaynida shakllanadi, uning eng muhim jihatlaridan biri esa ayollarning oila va jamiyatdagi roli, yosh avlodni tarbiyalash masalasi hisoblanadi. Xususan, XX asr boshlarida milliy maʼrifatparvarlarimiz xotin-qizlarning oʻqimishli, ilmli, madaniyatli, oʻz jamiyati uchun zarur va foydali insonlar boʻlib yetishishlariga oʻz munosabatlarini bildirgan. Jumladan, Abdulla Avloniy: “Qizlar bilim olishga hammadan koʻproq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, deb yozadi.

Bugungi kunda xotin-qizlarning yangicha yondashuv, yangicha gʻoya va tashabbuslar bilan chiqishlariga koʻmak berish davr talabiga aylanmoqda. Respublikada amalga oshirilayotgan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalarda xotin-qizlarning faol ishtirok etayotganligi ham eʼtiborga molik. Olima ayollar tomonidan bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlar, sanoat, qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy-maʼrifiy va madaniy sohalarning rivojiga munosib hissa boʻlib qoʻshilmoqda. Zero, yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti, gullab-yashnashi ilm-fan rivojiga bogʻliq. Bu esa oʻz navbatida, ilm-fan sohasida izlanishlar olib borayotgan xotin-qizlar zimmasiga ham alohida masʼuliyat yuklaydi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, salomatligini muhofaza qilish, intilish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularga munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ularning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari Konstitutsiyamiz, qonunlarimizda mustahkamlab qoʻyilgan. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Ayoli eʼzozlangan yurt qudratli boʻladi”.

Keyingi yillarda davlatimiz xotin-qizlarni har qanday kamsitish va tahqirlashdan huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan himoya qiladigan barcha yirik xalqaro shartnomalarga qoʻshildi. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”, “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida” va boshqa qator qonunlar qabul qilindi. Baʼzi kodekslarga oʻzgartirishlar kiritildi.

Davlatimiz rahbarining sohaga doir 20 dan ortiq farmon va qarorlari ayollarning ogʻirini yengil qilishga, ularning yashashi, taʼlim olishi, sogʻligʻini tiklashi, jamiyatda oʻz oʻrnini topishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga xizmat qilmoqda. Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi, Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi faoliyat yuritmoqda.

Olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar natijasida nozik xilqat vakillari jamiyatda oʻz oʻrnini topmoqda. Turli sohalarda oʻz salohiyatini namoyon etib, muvaffaqiyatlarga ham erishayotir.

Yurtimizda joriy etilgan “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻlganlar orasida ayollarimizning borligi ham yuqorida aytib oʻtilgan fikrimiz isbotidir. 1994-yilda taʼsis etilgan ushbu yuksak davlat mukofoti bilan shu vaqtga qadar 17 nafar ayol taqdirlangan.

Atoqli shoira Zulfiyaxonim izdoshlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼsis etildi. Hukumat qarori bilan har yili oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun xotin-qizlarga qoʻshimcha grant ajratilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy faol xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning el-yurt oldida koʻrsatgan xizmatlarini munosib ragʻbatlantirish maqsadida “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etildi hamda hozirga qadar koʻplab ayollar mazkur mukofot bilan taqdirlandi.

Bugungi kunda umumtaʼlim muassasalarida joriy etilgan ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimida faoliyat yuritayotganlarning ham koʻp qismini, masalan, Toshkent viloyati boʻyicha qariyb 70 foizini yozuvchi, jurnalist, shoira hamda ijodkor oʻqituvchi ayollarimiz tashkil etadi.

Muxtasar aytganda, Oʻzbekistonda xotin-qizlar doimo eʼzozda. Yangi Oʻzbekiston kelajagini esa tashabbuskor, matonatli, sadoqatli, mehnatsevar, oilaparvar oʻzbek ayolisiz tasavvur etib boʻlmaydi.

Komiljon SAFAROV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Toshkent viloyati boʻlimi bosh mutaxassisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?