Millat hamiyatining muntazam himoyati

17:55 06 Oktyabr 2022 Jamiyat
414 0

Mamlakatimizda benihoya koʻlamli islohotlarning naqd natijalari bois “Yangi Oʻzbekiston” degan magʻzi toʻq istiloh istifodasi urfga kirdi. “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori yurtimizda mutlaqo tabiiy ravishda bosh gʻoya maqomiga koʻtarildi. Davlatimiz rahbarining izchil va chinakam xalqchil siyosati tufayli inson qadri eng oliy qadriyatlardan biri sifatida eʼzozu eʼtibor, hifzu himoyat bagʻridan muqim va mustahkam joy oldi.

Shubhasizki, bu xalqimizning nelarni koʻrmagan boshini koʻkka yetkazdi. Zotan, oʻzbekning oʻlmas hikmat yombilari orasida “Qornimga emas, qadrimga yigʻlayman” tarzidagi teran va dildagi adoqsiz ogʻriq bilan aytilgan haqiqat ham bor. Inson bolasi, xususan, bizning ajdodlarimiz azaldan qorin qaygʻusi bilan emas, balki, avvalo, qadr qaygʻusi bilan umrguzaronlik qilgan. Shuning uchun ham ular hech kimdagidan kam boʻlmagan qadr tuygʻusi bilan ilm-fan, maʼrifat, madaniyat va maʼnaviyat bobida tengsiz durdonalarni yaratgan, oʻz nomlarini tarix sahifalariga muhrlagan.

Oʻzbek tilidagi qadr soʻzining asosiy maʼnosi lugʻatda shunday izohlangan: «jamiyatda, kishilar oʻrtasida tutgan oʻrin, oʻzga(lar) tomonidan boʻlgan hurmat, eʼtibor». Albatta, buni salomat saqlash hamiyat soʻzi bilan ifodalanadi. Bu soʻzning asosiy maʼnosi izohli lugʻatda “or-nomusini, qadr-qimmatini pok saqlash tuygʻusi” tarzida tavsiflangan. Aytish mumkinki, qadr tuygʻusi va hamiyat tirikligi bir-biri bilan tamoman uyqash, birisiz ikkinchisining mavjudligi nomumkin boʻlgan tushunchalar oʻlaroq insonning oliy va ardoqli sezgilari sirasiga kiradi. Albatta, til, xususan, ona tili ayni shu qadrning ham, hamiyatning ham hamisha zimnu zaminida yotadigan tushunchalardandir.

Til saltanatining benazir sultoni ulugʻ bobomiz Alisher Navoiyning «Insonni soʻz ayladi judo hayvondin», “Tilga eʼtiborsiz — elga ixtiyorsiz” kabi hikmatlarida odam bolasi uchun tilga ehtiromli munosabatning azaliy va abadiy ehtiyoji, insonlikning bosh belgisi til ekanligi, til va el hurmati tanosibining tarangligi goʻzal shamoyillarda ifoda topgan. Umuman, har qanday tilga, xususan, ona tiliga, biron-bir darajada boʻlsin, nopisandlik yoki kamsitish bilan qarash inson va el qadriga hurmatsizlik, inson va xalq hamiyatiga daxl qilish tarzida anglanishi, kishilar koʻnglini, yumshoqroq taʼbir bilan aytganda, ogʻritishi, tabiiyki, yaqin oʻtmishimizda biz buning guvohi boʻlganmiz.

Bugun yurtimizda xalq hamiyatining muntazam va iddaosiz himoyasi muddaosi bilan oʻzbek tilini davlat tili deb eʼlon qilgan qonunning imzolanganiga 33 yil boʻldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida alohida taʼkidlaganidek, “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir”. Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlamoq joizki, davlatimiz rahbarining doimiy eʼtibori bilan, ayniqsa, soʻnggi besh-olti yil ichida mamlakatimizda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish borasida yangi bosqich boshlandi. 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiya va maxsus dastur qabul qilingan, kelgusidagi ishlar aniq-tiniq koʻrsatib berilgan, shu asosda til ilmi tadqiqi, taʼlimi va targʻibiga daxldor tizimli hamda keng qamrovli ishlar jadal surʼatlarda amalga oshirildi va oshirilmoqda.

Prezidentimizning oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish borasidagi koʻrsatmalari asosida izchil harakat olib borilmoqda. Mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlar tillarining rivojlanishi uchun keng imkoniyat hamda sharoitlarning yaratilgani ham bor haqiqatdir. Yurtimizda qaror topgan benihoya oqil va odil til siyosati tufayli koʻp millatli xalqimizning birligi, hamjihatligi yanada mustahkamlanmoqda. Oʻzbek tili bayrogʻimiz, gerbimiz, madhiyamiz qatorida davlatimizning muqaddas hamda muhtasham ramzlaridan biri sifatida takomil va rivoj oʻzanidan bormoqda. Har yili 21-oktyabr “Oʻzbek tili bayrami kuni” sifatida butun xalqimiz tomonidan cheksiz mamnuniyat bilan keng nishonlanmoqda, bu kun amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, yangidan-yangi rejalarning tarhi chizilmoqda.

Tilning ijtimoiy hodisa ekanligi haqida koʻp gapirilgan. Shubhasizki, tilning paydo boʻlishi, oʻzlashtirilishi va taraqqiyotiday murakkab jarayonlarni jamiyatdan ayro holda aslo tasavvur qilib boʻlmaydi. Bu murakkab jarayonda ijtimoiy muhitning, kishilik jamoasining, uy-xonadon degan birlikning hal qiluvchi omil ekanligidan iborat haqiqatni inson aqli hazm qilib ulgurguncha, ne-ne nasllar yugurik asrlar toʻzoni ichra abadga qoʻnim topgan.

Eramizdan oldin ham, bizning eramizda ham dunyoning turli burchaklarida ana shu haqiqatni izlab, turli-tuman tajribalar oʻtkazilgan. Jumladan, “Moʻgʻullar imperiyasining umumiy tarixi” (Parij, 1705) nomli kitobda XVI asrda Akbarshoh tomonidan oʻtkazilgan bir gʻaroyib tajriba haqida batafsil yozilgan. Ulugʻ shoh “Biron-bir tilga oʻrgatilmagan odamning tabiiy tili yahudiy tili boʻladi”, degan gʻayriilmiy gapni eshitib qoladi. Shunda Akbarshoh bolaga hech qanday til ataylab oʻrgatilmasa, u, chindan ham, qaysi tilda gapiradigan boʻlishini bilishni istaydi. Ana shu maqsadda shoh oʻn ikkita emizikli bolani ajratib olib, Agradan olti mil uzoqlikdagi qalʼaga joylashtiradi, ularni tarbiyalashni oʻn ikki soqov enagaga topshiradi. Tilsiz qorovulga qalʼa darvozasini ochish qatʼiyan taqiqlanadi. Bolalar oʻn ikki yoshga yetganda, shoh ularni huzuriga keltirishni buyuradi va saroyga barcha tillarni biladigan donishmandlarni ham taklif etadi. Agrada yashaydigan bir yahudiy bolalar, chindan ham, yahudiycha gapirish yoki gapirmasliklariga hakamlik qilishi kerak edi. Agrada arablar va xaldey (somiylardan boʻlgan qadimiy xalq)lar bisyor edi. Hind faylasuflari bu bolalarning tili sanskrit (qadimgi hind tili)cha boʻlib chiqadi deb hisoblardi. Ammo bolalar shoh huzuriga keltirilganda, barcha hayratdan tosh qotib qoladi, chunki ular hech bir tilda gapirmas edi. Bechoralar oʻz enagalaridan fikrlarini faqat turli imo-ishoralar bilan ifodalab, hech qanday tilsiz muomala qilishni oʻrgangandi. Ular bu notanish, begona jamoadan qoʻrqib-hurkib turardi, ochilmay tugilgan bu tillarning tugunini yechmoq tamoman mushkul, ularga nutq tovushlarini ayttirmoq zamoni oʻtib boʻlgan edi.

Qilni qirq yorgan aksariyat dunyo tilshunoslarining taʼkidlashlaricha, nafaqat tilni oʻzlashtirish, balki tilning ibtidodan paydo boʻlishi ham muayyan jamoada birovning boshqasiga nimanidir aytish, nimagadir undash, oʻzining muayyan hissiy holatini bildirish kabi ehtiyoji mahsulidir. Qisqacha aytganda, jamoa-jamiyat bilan bogʻliqdir. Aytish joizki, tilning takomilu taraqqiyotini ham, uning shaxs maʼnaviy-madaniy tashakkuli va ajdodu avlodning zamonlar osha vorisiyligidagi qiyossiz oʻrnini ham jamiyatsiz anglash mutlaqo mumkin emas. Shuning uchun ham jamiyat hamda xalq taraqqiyoti, tinchligi va farovonligini, ularning milliy manfaatlarini taʼminlashday oliy maqsadni birlamchi burchi deb bilgan davlat oʻz hududida milliy tilni davlat tili maqomiga koʻtarishi, uning tirikligi muhofazasi hamda har taraflama kamoloti uchun qaygʻurishi qonuniy va haqqoniy zaruriyatdir. Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrdagi «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi tarixiy Farmonida behad oʻrinli taʼkidlanganidek, “Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada avvalo oʻz madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir”.

Tilsiz milliy ruh degan bemisl teran va ulugʻvor tushunchaning mohiyati tamoman muallaqlashadi. Oʻzbek pedagogikasining atoqli namoyandalaridan biri Abdulla Avloniy 1917 yilda ikkinchi marta nashr qilingan “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida bu haqiqatni mana bunday ifodalagan: «Har bir millatning dunyoda borligʻin koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur». Demakki, milliy ruh, milliy ong, milliy maʼnaviyat, milliy madaniyat kabi tushunchalarning tayanch ustuni, tirik tirgagi ona tilidir. Zabardast oʻzbek tilshunosi, akademik Alibek Rustamov bu holatni goʻzal va ohorli qiyos vositasida mana bunday tavsiflagan: “Tirik jonning hayoti uchun havo qanchalik zarur boʻlsa, insonning inson sifatidagi turmushi va uning insonligini belgilovchi maʼnaviy tirikligi uchun soʻz (yaʼni til) shunchalik zarurdir”.

Til nafaqat maʼnaviyat va madaniyatning, balki tafakkurning ham asosiy tayanchi, shuning uchun ham milliy tafakkur tushunchasi mavjud. Tabiiyki, insonning dunyoni bilishiday adoqsiz tadrijiy jarayonning qudratli harakatlantiruvchi kuchlarining boshida tafakkur turadi. Bu kuch taʼrifini ulugʻ mutafakkir bobomiz Alisher Navoiydan oʻtkazib hech kim aytolgan emas: «Har ishki qilmish odamizod, Tafakkur birla bilmish odamizod». Shuni ham yodda tutish joizki, tafakkurni voqelantiradigan, unga faqat shamoyilgina emas, balki aniq oʻzan baxsh etadigan qudrat esa tildir. Til milliy tafakkur tarzini tayin etadi va mutlaqo tanosibiy bir intizomda tafakkur takomili tilning tadrijiy taraqqiyotini taʼminlaydi. Insoniyat kamolotida, uning tafakkuri, tasavvuri va taxayyuli parvozida tilning beqiyos omil ekanligi bugun eʼtirof etilgan haqiqatlardandir.

Mashhur olmon allomasi V. Gumboldt va uning davomchilarining eʼtiroflaricha, til kishilar oʻrtasidagi shunchaki aloqa vositasigina emas, u millatning dunyoni koʻrar koʻzi, eshitar qulogʻi, anglar aqlidir. Har bir xalqning boshqalardan farqli milliy nigohi bor. Har bir til vakili muayyan tovushni boshqasidan farqli eshitadi, masalan, oʻzbek itning tovushini “vov-vov” deb, rus «gaf-gaf» deb va hokazo tarzda ifodalaydi. Idrok intizomidagi farqlarni ham sezmaslik mumkin emas, masalan, ruschadagi «ne dayot govorit» birikmasini oʻzbekchaga “gapirishga bermayapti” tarzida oʻgirish ana shu ruschadagi idrok intizomini oʻzbekchaga nooʻrin koʻchirish natijasidir, oʻzbekcha idrok intizomiga muvofiq “gapirishga qoʻymayapti” tarzida boʻlishi zarur. Til bu sinoatli olamni muntazam inkishof qilishning birlamchi qudratli qurolidir.

Dunyo adabiyotining nomdor namoyandasi Chingiz Aytmatov «Avezov haqida soʻz» nomli maqolasida “Til xalqning avtoportretidir”, degan behad teran obrazli taʼrifni aytgan. “Avtoportret” soʻzining maʼnosi, maʼlumki, “rassom yoki haykaltaroshning oʻz qoʻli bilan ishlagan oʻz tasviri, portreti”dir. Chindan ham, masalan, oʻzbek tili oʻzbek xalqining siyratu suratini, tafakkur va taxayyul olamini, oʻtmishu bugunini boricha aks ettiradigan, muhimi, shu tilning oʻzi vositasida hamda “oʻz qoʻli” bilan “chizilgan” ham ichki, ham tashqi xolis qiyofasidir. Bu qiyofa xalqimizning ming yillik lisoniy-tarixiy taraqqiyoti jarayonlarida, betakror madaniy va aqliy, adabiy-badiiy durdonalarida boʻy koʻrsatib turibdi. Bu qiyofa parvarishu muhofazaga, eʼzozu ehtiyotga, koʻz qorachigʻidek asramoqqa, yanada kamolot sari eltmoqqa shoyon muhtasham boylikdir.

Dunyo til ilmida til va tafakkur munosabati borasida turli fikrlar bildirilgan, ulardan biriga koʻra, til tafakkurning shakllanishi jarayonlarida bevosita ishtirok etadi. Bunday fikrni ilgari surganlardan biri amerikalik taniqli olim Benjamin Li Uorfdir. Uning nazariy qarashlarini tahlil qilgan Maks Blek “Til mustaqil mazmunning tashqi ifodasidir, til va mazmun oʻrtasidagi munosabat kiyimning oʻzi yopib turgan tanaga munosabatiga oʻxshaydi”, qabilidagi hukm aytilsa, bunga Uorfning mutlaqo qoʻshilmagan boʻlishini taʼkidlaydi. Buning maʼnosi shuki, tilni Uorf hech qachon ikkilamchi, yaʼni tafakkur shakllanishidagi yordamchi vosita deb hisoblamagan. Ana shu jihatdan qaraganda, mutafakkirning quyidagi ikki mulohaza-hukmi ham alohida eʼtiborga molik: «Taʼkidlamoq kerakki, «Hind-Yevropa tillarida gapiradigan barcha zamonaviy olimlar» va “barcha olimlar” tushunchalari bir-biri bilan teng emas. Zamonaviy xitoy yoki turk olimlarining dunyoni Yevropa olimlari kabi tavsiflashi faqat shuni koʻrsatadiki, ular oʻz tafakkur tizimlarini mustaqil holatda ishga solmaganlar, balki butun gʻarbcha tafakkur tizimini yaxlitligicha oʻzlashtirganlar». “Aytish mumkinki, insoniyatni kelajakda bir tilda, xoh ingliz, xoh nemis yoki xoh rus tilida, gaplashishini tasavvur qiladiganlar insoniy tafakkur taraqqiyotiga ulkan zarar keltirishi aniq boʻlgan holatni ideal sifatida qabul qilganlari uchun qattiq adashadi”. Olimning bu gaplaridagi ayovsiz haqiqatni unutmaslik lozim. Til tafakkurning shunchaki libosi, tashqi tomoni emas, balki tafakkurning tashakkulida bevosita ishtirok etadigan, uning oʻzanini tayin etadigan benazir unsurdir. Ana shuning uchun ham unutmaslik zarurki, ona tili darsliklarini faqat xorijiy til darsliklari qolipida yaratish, ona tilini oʻqitish jarayonlarini tamoman chet tili taʼlimi andozalariga solish maqsadga muvofiq emas. Ona tili taʼlimida raso milliy tafakkur va rost milliy maʼnaviyatning muntazam tarbiyasi ustuvor yoʻnalish boʻlmogʻi kerak.

“Davlat tili haqida”gi Qonunimizda bu tilni rivojlantirish va uning sofligini saqlash masalalariga daxldor qoidalar belgilangan. Bugungi kunda oʻzbek tili rivojlangan tillardan biri sifatida hayotimizning barcha sohasida emin-erkin qoʻllanmoqda. Oʻzbek tilining sofligini saqlashday ezgu maqsad bilan baʼzan u yoki bu oʻzlashgan (arab, fors, rus, Yevropa tillaridan) soʻzni tildan chiqarish, uning oʻrniga boshqa soʻzni kiritish borasidagi yetarlicha oʻylanmagan yoki ilmiy-mantiqiy asosi anchayin boʻsh taklif-mulohazalar bildiriladi, oʻzbek tilidagi har qanday oʻzlashmaga gʻashlik bilan qaraladi, har qanday oʻzlashmani eski turkiy tilga oid soʻz bilan almashtirish tavsiya qilinadi. Holbuki, Yer yuzidagi 6909 ta tildan (YUNESKOning 2012-yildagi maʼlumoti) lugʻat boyligida oʻzlashmalar tamoman yoʻq boʻlgan birorta til mavjud emas. Hatto eng yirik va rivojlangan deb hisoblangan tillarda oʻzlashmalar anchayin katta miqdorni tashkil etadi. Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi Mahmudxoʻja Behbudiy tomonidan 1915-yilda aytilgan quyidagi fikrlarning nechogʻli asosli ekanligiga diqqat qiling: “...Ming yil avvalgi tilgʻa qaytmoq qonuni tabiatgʻa muxolifdur. Chunki moziygʻa rujuʼ mumkin yoʻq. Begona tildan soʻz olmoqdan qutulgan til yoʻqdur. Anglischani arabchadan soʻngra eng boy til derlar. Ma fihi (shunga qaramasdan), oʻn minglar ila begona lugʻatlarni majburan olganligini yozarlar. Xulosa fikrimiz shuki, yalgʻuz turkcha soʻylamak va yozmoq abadan mumkin yoʻq. Baqadri imkon arabiy va forsiyni oz yozayluq. Barcha ilmu fan istiloh lugʻatlarigʻa turkchadan muqobil oxtarib vaqtni zoye etmayluk». Bugungi globallashgan XXI asrda esa bir-biri bilan muloqotda boʻlmagan til yoki xalqning oʻzi yoʻq, tillararo soʻz olish-berish ancha faollashgan va bu odatiy hol tusini olib boʻlgan. Tilimizga kirib, oʻzlashgan, lugʻatimiz tarkibidan joy olib ulgurgan har qanday chet soʻzga muqobil izlayverish, oʻrinli-oʻrinsiz uni almashtirish payidan boʻlaverish foydali yumush emas.

Koʻhna va donishmand Sharq odamlarida, xususan, bizning alloma bobolarimizda koʻp tilni bilish benihoya moʻtabar fazilat hisoblangan va ana shu fazilat sohiblari boʻlganliklari bois ham ular jahon ilm-fani hamda adabiyotida muhtasham va muhtaram oʻrinlarni egallagan. Hatto XIII asrda yashagan tarixchi Ibn Xallikonning koʻrsatishicha, buyuk olim Abu Nasr Forobiy oʻz ona tili — turkiy tildan tashqari yetmishdan ortiq tillarni bilgan. Bu haqdagi rivoyatlardan birida aytilishicha, bir kuni Damashq hokimi huzuridagi olimlar yigʻiniga Forobiy ham kelib qoladi. Oʻz taxtida oʻtirgan hokim Sayfutdavla Forobiyni oʻtirishga taklif etadi. Forobiy: “Oʻzimning martabamga qarab oʻtiraymi yoki sizning martabangizga qarab oʻtiraymi?” deb soʻraydi. Hokim: “Oʻzingning martabangga qarab oʻtir”, deb javob beradi. Olim toʻppa-toʻgʻri hokimning taxti yoniga borib oʻtiradi. Bundan gʻazablangan hokim koʻpchilikka nomaʼlum boʻlgan bir tilda soqchisiga: “Bu odobsizlik qildi, axloqsizligi uchun uni ketayotganida jazolanglar!”  deydi. Shunda Forobiy: “Men hech qanday gunoh qilganim yoʻqku, nima uchun meni jazolaysiz?” deb soʻraydi. Hayratga tushgan hokimning “Bu tilni xalq orasida hech kim bilmas edi, sen qayerdan oʻrgangansan?” degan savoliga Forobiy: “Men koʻp tillarni oʻrganganman”, deb javob beradi. “Ikkinchi muallim”ni tanib qolgan hokim olimdan uzr soʻraydi.

Yurtimizda koʻp tilni bilish, koʻp tilni oʻrganishga harakat qilish azaldan anʼana tusini olgan. Bu anʼananing mamlakatimizda bardavom boʻlishini taʼminlash borasida davlatimiz rahbari doimiy ravishda gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelmoqda. Prezidentimiz oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Biz yoshlarimizning jahon tillarini egallashga boʻlgan ulkan qiziqish va intilishlarini har doim qoʻllab-quvvatlaymiz”, deb taʼkidlar ekan, XX asr boshida olti tilli — oʻzbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lugʻat tuzgan maʼrifatparvar Isʼhoqxon Ibratning quyidagi soʻzlarini eslatadi: «Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat — bu vataniy ishdir». Shubhasizki, odam har qancha koʻp tilni bilmasin, uning tamomila va tom maʼnoda oʻziniki boʻlgan tili faqat bitta boʻladi, albatta, bu uning oʻz ona tilidir. Shuning uchun ham boshqa tillarni oʻrganishda ona tili orqali u tillar olamiga kirish aql va mantiqning yoʻrigʻidir. Ona tilidagi sobitlik — milliy tafakkur oʻzanini salomat saqlaydi.

Yana shuni ham taʼkidlamoq joizki, xalqimizda “Oʻz qadrini bilmagan oʻzganing qadrini bilmas” tarzidagi bikir bir hikmat bor, shu hikmat taʼbiri doirasida atoqli oʻzbek shoiri Erkin Vohidov oʻzining “Soʻz latofati” nomli latif kitobida quyidagi haqqoniy gaplarni aytgan: “Biz oʻz ona tilimiz qadriga yetsak, arab tilining boyligi va mukammal qurilishini qadrlaymiz, fors tilining nafosati va goʻzalligidan bahra olamiz, ingliz, rus tillarining qudratini his qilamiz. Ularni chuqur oʻrgansak, raqobat toʻla bu olamda bamaylixotir qadam tashlaymiz”.

Intihosiz iftixor bilan aytish joizki, oʻzbek tili bu kurrai zamindagi eng qadimiy va boy tillardan biridir. Bu tilda bugun ellik millionga yaqin kishilar soʻzlashmoqda, bu tilning chin muhiblari soni ortib bormoqda. Koʻplab turli xorijiy mamlakatlarda oʻzbek tilini katta ishtiyoq bilan oʻrganishmoqda. Mamlakatimizda millat va xalq hamiyatining muntazam himoyatini yelkalagan “Davlat tili haqida”gi Qonunimizga muvofiq tarzda shakllangan xolis til siyosati bois oʻzbek tili hamda boshqa tillar erkin rivoj va takomil yoʻlidan bormoqda.

Oʻzbekiston mustaqil davlat sifatida oʻzining ozod va obod soʻzi bilan, bu soʻzga monand koʻlamli faoliyati bilan oʻzligini dunyoga namoyish etayotir.
Nizomiddin MAHMUDOV,
OʻzRFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori,
 filologiya fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?