MIB xodimining harakati tufayli qashqadaryolik tadbirkor 1 yilu 7 oydan buyon oʻz mablagʻini erkin tasarruf qila olmayapti

20:32 23 Sentyabr 2021 Iqtisodiyot
1672 0

Arxiv surat

Yurtimizda har bir tadbirkor eʼtiborda, eʼzozda. Ularga yaratuvchi va yashnatuvchi, yurt istiqboliga daxldor shaxs sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, Prezidentning tadbirkorlar bilan qilgan ochiq muloqoti tadbirkorlikka gʻov boʻlayotgan bir qator toʻsiqlarni olib tashladi. Yurtimizda tadbirkor erkin nafas olyapti, erkin biznes muhitidan bahra olyapti, desak sira mubolagʻa boʻlmas.

Ammo qashqadaryolik tadbirkor Zafar Xoliyorov haqida bunday deya olmaymiz. Gap shundaki, u 1 yilu 7 oydan buyon oʻzining mablagʻini erkin tasarruf qila olmayapti? Uning 84 mln soʻm mablagʻi u foydalana olmayotgan boshqa hisob raqamida turibdi?

Gap shundaki, Qarshi tumanilik tadbirkor Zafar Xoliyorov oʻz biznes makonini kengaytirish maqsadida Qarshi tumani majburiy ijro byurosi tomonidan elektron-onlayn auksion savdoga chiqarilgan «Mebel ishlab chiqarish ustaxonasi va savdo doʻkoni hamda avtosalon binosi obyektiga xaridor boʻladi. Tenderda u gʻolib chiqadi. Uning tenderda gʻolib chiqqani 2020-yilning 4-mayda № OA 0403- 000024 raqamli elektron-onlayn auksion natijalari toʻgʻrisidagi Bayonnomada aks ettiriladi.

Lekin uning hamma saʼy-harakatlari sarobga aylandi. Qarshi tumani majburiy ijro byurosi mulkka egalik qilish dalolatnomasini tuzishni paysalga solib kelaverdi. Zafar Xoliyorovga tenderda gʻolib boʻlsada, mulkka egalik qilish huquqi berilmadi. Nega berilmadi, degan savol tugʻiladi? Bu savolga 2021-yil 27-may kuni Fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻuzor tumanlararo sudi aniq javob berdi. Sud Majburiy ijro byurosi Qarshi tumani boʻlimiga nisbatan Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi davlat unitar korxonasining 2020-yil 04-maydagi № OA 0403-000024-sonli elektron onlayn auksion savdosini haqiqiy emas deb topdi.

Sudning bunday qarorga kelishiga Qarshi tumani majburiy ijro byurosi tomonidan mazkur obyekt noqonuniy savdoga chiqarilgani sabab boʻldi.

Men Qarshi tumani majburiy ijro byurosi tomonidan huquqiy asosga ega boʻlmagan obyekt shoshma-shosharlik bilan tender tanloviga chiqarib yuborilgani haqida gapirmoqchi emasman. Ish bor joyda kamchilik boʻladi, ular qilgan xato sud orqali toʻgʻrilandi. Gap sud qarorining noqonuniy deb topilgan obyektga sarflangan 84 mln soʻmga yaqin mablagʻni Qarshi tumani majburiy ijro byurosi tomonidan Zafar Xoliyorovga qaytarish haqidagi bandi bajarilmayotgani haqida ketyapti.

— Qarshi tumani majburiy ijro byurosi sud qarorida belgilangan 84 mln soʻmga yaqin mablagʻimni qaytarib bermayapti, — deydi Z. Xoliyorov. — Agar men shu mablagʻni bankda saqlaganimda shu muddatda 30 mln soʻmga yaqin foyda olgan boʻlardim. Ammo men oʻzimning peshona terim bilan topgan pulimni ololmayotganim uchun juda afsusdaman. Bu haqda Majburiy ijro byurosining Qarshi tumani boʻlimiga, viloyatdagi rahbariga bir necha bor murojaat qildim. Ammo ular sud qarorini bajarishni paysalga solib kelishmoqda. Aslida Majburiy ijro byurosining asosiy vazifasi sud qarorlari bajarilishi ustidan nazorat oʻrnatish bilan bogʻliq. Negadir ularning oʻzlari bu borada boshqalarga “oʻrnak” boʻlayotgani juda achinarli.

Men Majburiy ijro byurosining Qarshi tumani boʻlimi rahbari Qobil Tursunovga uchrashganimda, pulni qaytarish boʻyicha tadbirkor taqdim etgan hujjatlarda kamchilik mavjudligi uchun uni qabul qilmadik, tadbirkor hujjatlarni toʻgʻrilab olib kelgani yoʻq, degan gapga oʻxshash vajni roʻkach qildi. Axir tadbirkor Zafar Xoliyorov pulni aynan Majburiy ijro byurosi Qarshi tumani boʻlimi hisob raqamiga oʻtkazganku! Yana qanday hujjat talab etilmoqda? Pulni toʻlagani haqida tadbirkorning qoʻlida “kvitansiya” boʻlsa, yana nima kerak ularga?

Maqola nihoyasida kulishni ham kuyushni ham bilmaganim bir gʻaroyib voqeaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Ijrochi: “undiruvchi va qarzdorning manzili koʻrsatilmagan, qarzdorning tugʻilgan vaqti qoʻyilmagan, ish joyi yoʻq” deb tadbirkorning hujjatlarini qaytaribdi. Vaholanki, ijrochining oʻzi qarzdor tashkilot — Majburiy ijro byurosi Qarshi tumani boʻlimida ishlaydiku! Nahotki oʻzi ishlab turgan idora manzilini oʻzi bilmasa. Bu pulni qaytarmaslik uchun bir bahona, xolos...

Xoʻsh, Majburiy ijro byurosi Qarshi tumani boʻlimi rahbarlari tadbirkorning peshona teri bilan topgan pulini nega qaytarmayapti? Bu savolga mutasaddi idoralardan aniq javob kutamiz.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?