“Meta («Facebook”) delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyuradi

17:30 19 Iyul 2022 Jamiyat
509 0

Foto: Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov “Meta («Facebook”) kompaniyasining Xitoy, Moʻgʻuliston va Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Jorj Chen bilan uchrashdi.

Bu haqda Vashingtondagi elchixonamiz tomonidan “Xalq soʻzi”ga maʼlum qilindi. Uchrashuvda Amerika tomoniga mamlakatimizda davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan bugungi oʻzgarishlar, Oʻzbekistonning soʻz va ommaviy axborot vositalari, jumladan, internet makonida erkinlikni taʼminlash borasidagi qatʼiy intilishi, shuningdek, yuqori malakali mahalliy IT-mutaxassislarini tayyorlash borasidagi saʼy-harakatlar haqida batafsil maʼlumot berildi. 

“Meta” vakili Oʻzbekiston internet makonidagi yangi dinamika va hukumat tomonidan davlat organlari faoliyatining ochiqligi va soʻz erkinligini taʼminlash sohasidagi muammolarni hal etishga qaratilayotgan alohida eʼtibor ushbu texnologiya konglomerati siyosatiga toʻliq mos kelishini taʼkidladi. 

Chenning aytishicha, “Meta” Oʻzbekiston tomonining yaqin oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istagidadir. Shu munosabat bilan “Meta” vakili mamlakatimizning IT va raqamli texnologiyalar sohasida iqtidorli mutaxassislarini tayyorlashda, xususan, qoʻshma treninglar tashkil etish va “Meta” innovatsion ishlanmalarini jalb etish orqali yordam berishga tayyorligini bildirdi. 

“Meta” taʼlim dasturlari tinglovchilarga ushbu platformalarning ishlash tamoyillari va reklama kampaniyalari samaradorligini oshirish metodologiyalarini oʻrganish imkonini beradi. Bu borqali esa “Facebook” va “Instagram” ijtimoiy tarmoqlarida biznesni ilgari surish sohasidagi bilimlarni ham kengaytirishlari mumkin. Bunday dasturlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mahalliy foydalanuvchilar uchun yangi daromad manbalarini yaratishi taʼkidlandi.

Olib borilgan muzokaralar natijasida joriy yil kuzida “Meta” delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?