Mening jonajon mahallam!

14:38 28 Fevral 2022 Jamiyat
1432 0

Foto: Халқ сўзи

Bugun yurtimizda yoshlar bilan ishlashda samarali tizim yaratish, yangi avlodning orzu-intilishlari, muammolarini bevosita mahallaning oʻzida hal etish, maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy ishlar samaradorligini yanada oshirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor amaliy oʻzgarishlarga zamin yaratmoqda.

Bu borada davlatimiz rahbarining joriy yil 19-yanvarda qabul qilingan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etayotir. Ayniqsa, ushbu hujjatga koʻra har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, navqiron avlod vakillarining huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish ishlariga jadal kirishilganiga bugun barchamiz guvohmiz.

Fargʻona shahridagi “Neftchi” professional klubi futbol maktabida “Mening jonajon mahallam” shiori ostida oʻtkazilgan yoshlar festivalida shahardagi 70 ta mahalla fuqarolar yigʻinlaridan yigit-qizlar ishtirok etdi.

Festival doirasida mahalla yoshlari oʻrtasida futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi musobaqalari, “Zakovat” intellektual bahsi, kompyuter oʻyinlari boʻyicha bellashuvlar boʻlib oʻtdi. Shuningdek, “Yosh oshpaz oila”, “Men oʻqigan kitob” tanlovlari, «Uch avlod» uchrashuvlari oʻtkazildi.

Harbiy xizmatchilar, Milliy gvardiya hamda ichki ishlar xodimlarining koʻrgazmali chiqishlari, harbiy texnikalar namoyish etildi. Fargʻonalik sanʼatkorlarning dilrabo kuy-qoʻshiqlari festivalga yanada fayz kiritdi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?