“Meni haqorat qilish, soʻkish hisobiga Oʻzbekiston rivojlanadigan boʻlsa men tayyorman” — Alisher Qodirov migrantlarni soliqqa tortish taklifiga izoh berdi

23:00 22 Oktyabr 2021 Jamiyat
987 0

Arxiv surat

21-oktyabr kuni “Milliy tiklanish” partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov toshkentlik saylovchilar bilan uchrashgan.

Ushbu uchrashuv yakunida Alisher Qodirov migrantlardan soliq undirish borasidagi taklifi yuzasidan izohlarga munosabat bildirgan. Bu haqda gazeta.uz xabar bermoqda

U mamlakat haligacha mehnat resurslarini xorijga eksport qilishga majbur ekanligini taʼkidlab, mehnat migrantlarini bunga tayyorlash kerakligini aytdi. 

“Bu mavzu (migrantlarni soliqqa tortish) Andijonda koʻtarildi. Andijondan qaytib kelganimizdan keyin men xastalanib yotib qoldim. Shu vaqtda mening oilam, saylov kampaniyasidagi doʻstlarim meni internetdan uzishdi. Lekin oʻzim shu mavzu yuzasidan turli fikrlar boʻlayotganini taxmin qildim”, — deydi Alisher Qodirov.

Prezidentlikka nomzodning soʻzlariga koʻra, u “bugun ijtimoiy tarmoqlarda oʻz postlarini qoʻyishga tayyorgarlik koʻrmoqda”.

“Lekin bir narsani aytishim kerak. Men saylov boshlanishidan oldin ham aytganman — haqiqat ogʻir va achchiq boʻladi. Biz yoqish uchun shirin gaplarni gapirmoqchi emasmiz. Oʻzbekiston bugun bir qator muammolarni hal qilishi shart. Va shu muammolardan bittasi aynan migratsiya bilan bogʻliq. Men ikkita masalani alohida aytganman migratsiyadan oldin. Biz yaqin 10 yillar ichida mehnat resurslarimizni xorijga eksport qilishga majburmiz. Chunki Oʻzbekistonning iqtisodiy oʻsish darajasi barcha mehnat resurslarimizni Oʻzbekistonning ichida ish bilan taʼminlash imkoniyatini bermaydi”, — deydi Alisher Qodirov.

“Andijonda aytgan fikrlarimning aynan shu qismlari tushib qolgan. Faqat kerakli qismlari olingan, lekin shu gaplar oʻsha yerda ham aytilgan. Men aytyapman, biz hamon mehnat resurslarimizni xorijga eksport qilishga majbur ekanmiz, iqtisodiy holatimiz shuni taqozo qilar ekan, biz mehnat migrantlarimizni muntazam tayyorlab borishimiz kerak. Nimaga? Birinchidan, haq-huquqlarini toʻgʻri tushunadigan, huquq va majburiyatlarini anglaydigan va ularga rioya qiladigan fuqarolarni tayyorlashimiz kerak. Dunyoning qaysi chekkasida ishlashidan qatʼiy nazar oʻz haq-huquqlarini anglasin. Oʻzining qadriga yetsin. Mana bu bizning asosiy vazifalarimizdan bittasi boʻlishi kerak”, — deydi prezidentlikka “Milliy tiklanish” partiyasidan nomzod.

“Ikkinchi masala, men yuqorida aytib oʻtgan masala. Dunyoning qaysi chekkasida ishlasa ham u Oʻzbekistonning fuqarosi. U dunyoning qaysi chekkasida ishlashidan qatʼiy nazar «vatanim”, deb qaytib keladigan joyi, mana shu joy boʻladi», — deydi u.

Alisher Qodirov Oʻzbekiston pandemiya davrida 100 trln soʻmga yaqin mablagʻ sarf qilganini maʼlum qildi.

«Oʻzbekiston fuqarolarini himoya qilish uchun, ularning sogʻligini tiklash uchun sarflandi. Men bilmayman boshqa bir davlatda mehribonchilik qilib, yotqizib davolanganini. Buni ham notoʻgʻri tushunmanglar. Masalan, Rossiyada bizning fuqarolar yotqizib davolandi. Biz pul berdik. Biz sharoit yaratdik, fuqarolarimiz izolyatsiyasiga pul toʻladik. Ularning sharoiti uchun Oʻzbekiston pul toʻladi. Mana shu harakatlarning hammasiga 100 trln soʻmga yaqin pul ketdi. Bu Oʻzbekistonning mablagʻi. Bu mablagʻ osmondan tushgani yoʻq. Bu mablagʻ Oʻzbekiston fuqarolarining toʻlagan soliqlaridan iborat mablagʻlar», — deydi u.

Alisher Qodirov “Oʻzbekistonning fuqarosi nafaqat oʻzining qorni, balki Oʻzbekiston, deb yashashi kerakligini” aytdi.

“Oʻzbekistonda ishlayotganlar koʻp oylik olishayotgani yoʻq. Oʻylab qaralsa xorijga kim ishga ketadi? Oʻzbekistonda topayotgan daromadidan koʻngli toʻlmagan odam ishga ketadi. Oʻzbekistonda bitta oʻqituvchi 3−5 mln soʻm oylik olyapti. Yetyapti, deb oʻylaysizmi? Albatta, yetmayapti. Shuning uchun xorijga „bundan koʻproq topaman”, deb ketyapti. Bilaman, u oʻsha davlatga borib, soliq toʻlanyapti. Oʻsha davlatlarning taraqqiyoti uchun hissa qoʻshilyapti», — deydi nomzod.

“Bugun xorijda ishlab yurgan bizning fuqaromiz oʻsha davlatdan olayotgan foydasining oʻziga nisbatan 10 karrasini oʻsha davlatga koʻproq foyda beryapti. Arzon boʻlmaganda u davlatlar hech qachon ishlatmagan boʻlardi. Oʻzida ishlamagani uchun ishlatyapti. Meni haqorat qilish mumkin. Lekin Oʻzbekistonni rivojlantiraylik. Agar meni haqorat qilish, soʻkish hisobiga Oʻzbekiston rivojlanadigan boʻlsa men tayyorman”, — deya qoʻshimcha qiladi Alisher Qodirov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?