Meni eng koʻp qiynaydigan masala — bu hudud aholisiga munosib hayot, toʻkin dasturxon va doimiy daromad manbalarini taʼminlab berish — Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashdi

17:27 11 Oktyabr 2021 Siyosat
519 0

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 11-oktyabr kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning viloyat boʻyicha ishonchli vakili T. Poyonov ochdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev oʻzining saylovoldi dasturi yuzasidan maʼruza qildi. Bu dastur iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan oʻnta ustuvor yoʻnalishdan iborat.

— Qashqadaryo toʻgʻrisida oʻylaganimda, bugungi uchrashuvga tayyorgarlik koʻrganimda, meni eng koʻp qiynaydigan masala — bu hudud aholisiga munosib hayot, toʻkin dasturxon va doimiy daromad manbalarini taʼminlab berish, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois nomzodning besh yillik dasturida 400 mingta ish oʻrni yaratish eng asosiy maqsad etib belgilangan. Buning uchun tadbirkorlikni rivojlantirish, yirik korxonalar infratuzilmasidan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Jumladan, viloyatdagi yirik sanoat korxonalari yonida 75 ta yangi kichik sanoat zonasi ochib, 25 mingta doimiy ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, Qarshi aeroporti yaqinidagi 120 gektar maydonda sanoat texnoparki tashkil etish 10 mingta ish joyi ochish imkonini beradi.

Qashqadaryoda koʻpchilikning daromadi qishloq xoʻjaligiga bogʻliq. Shu bois dasturda bu sohani rivojlantirish, mahsulotlarni koʻpaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Urugʻlik va navlarni yaxshilash, qishloq xoʻjaligi texnikalarini yangilash, yerlarni suv bilan barqaror taʼminlash choralari belgilangan. Xususan, Qarshi nasos stansiyalari kaskadini rekonstruksiya qilib, 400 ming gektar maydonning suv taʼminotini yaxshilash moʻljallangan.

Nomzod investitsiya va eksport sohalaridagi rejalarini ham aytdi. Qayd etilganidek, kelgusi besh yilda sanoat tarmoqlarida qariyb 10 milliard dollarlik 2 mingdan ziyod katta-kichik loyihalar amalga oshiriladi va 150 mingta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Xususan, yangi kimyo klasteri tashkil etilib, jami 2,7 milliard dollar boʻlgan 12 ta loyiha amalga oshiriladi. Nishon, Kasbi, Mirishkor va Yakkabogʻ tumanlarida toʻqimachilik korxonalari ochiladi. Qurilish materiallari tarmogʻida 740 million dollarlik 430 ta, oziq-ovqat sanoatida 320 million dollarlik 185 ta loyiha bajariladi. 

Umuman aytganda, kelgusi besh yilda Qashqadaryo viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat hisobidan 60 trillion soʻm ajratiladi.

Nomzodning dasturida aholiga munosib turmush sharoitlari yaratish, salomatligini yaxshilash boʻyicha ham koʻplab rejalar belgilangan. Jumladan, kelgusi besh yilda toza ichimlik suvi bilan taʼminot darajasini 47 foizdan 80 foizga yetkazish moʻljallangan.

Joriy yildan boshlab, “Bogʻdod tajribasi” asosida uylar, sanoat korxonalari va ijtimoiy infratuzilmani oʻz ichiga olgan Yangi Oʻzbekiston massivlari barpo etilishi taʼkidlandi. “Toshkent-Termiz” avtomobil trassasining 60 kilometr qismi va ichki yoʻllar taʼmirlanishi aytildi.
Tibbiyot, taʼlim, madaniyat, sport sohalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuv qatnashchilari, tuman studiyalaridagi saylovchilar bilan suhbatlashdi. Ular viloyatni rivojlantirish imkoniyatlari, joylardagi muammolar boʻyicha fikrlarini bildirdi. Nomzod aholi takliflarini oʻz dasturiga kiritish va amalga oshirishga vaʼda berdi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?