Mendan ham ahvoli ogʻirlar olsin — qoʻl-oyogʻi ishlamay qolgan qashqadaryolik ayol nogironlik nafaqasini rad etdi

19:06 29 Sentyabr 2021 Jamiyat
496 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Qaynar qishlogʻida yashovchi, uch farzandning onasi Dilafroʻz Ostonovaning bexosdan qoʻl-oyogʻi ishlamay qoldi. Uch oy toʻshakda mixlanib yotgan ayol undan hol-ahvol soʻrab kelganlarga “Agar oyoqqa turib ketsam, faqat el uchun xizmat qilaman, keksalarning duosini olaman”, deyishni kanda qilmasdi. Unda yashashga ishtiyoq, hayotga intilish juda kuchli va sogʻayib ketishiga dildan ishonardi.

Xuddi shunday boʻldi ham. Umurtqa pogʻonasida oʻtkazilgan murakkab operatsiyadan soʻng u ilk bor qadam tashlaganida hoʻngrab yubordi. “Nahotki men ham boshqalarday yura boshlasam?!” der edi quvonib.

Dilafroʻz kasalxonadan davolanib chiqayotgan paytda shifokorlar nogironlik nafaqasiga chiqishi uchun tayyorlangan hujjatlarni qoʻliga tutqazadi. Ammo u bu hujjatlarni olishni rad etadi. “Mendan ham ahvoli ogʻirlar, toʻshakda yotganlar olsin nafaqani, men sogʻlomman”, deydi qatʼiyat bilan.

Binobarin, toʻrt muchasi butun boʻlsa ham, “Kasalman!” deya yordamga muhtojligini roʻkach qilib, nogironlik nafaqasini olish uchun idorama-idora yurgan fuqarolar yoʻq emas. Boqimandalik kayfiyatidan qutula olmayotgan bunday toifa insonlarga Dilafroʻzni ibrat qilib koʻrsatsak arziydi.

— Koʻnglim sezardi, baribir oyoqqa turishimga ishonardim, — deydi Dilafroʻz. — Nega endi men nogiron boʻlishim kerak?! Xullas, tadbirkorlikni boshlab yubordim. Turmush oʻrtogʻim bilan har kuni tongda non yopib, qishlogʻimiz ahli dasturxoniga tortiq qilyapmiz. Soat 3:00 da turib xamir qoraman, turmush oʻrtogʻim esa tandir yoqadi. Kuniga 1-2 qop undan non yopamiz. Keyin mahallaga ishga shoshaman.

Darvoqe, Dilafroʻzdagi gʻayrat, shijoat va ishtiyoqni koʻrgan qishloq ahli uni Qaynar MFY raisining xotin-qizlar boʻyicha maslahatchisi vazifasiga ishga taklif etishdi. El xizmatida boʻlish niyatida yurgan Dilafroʻz bu taklifni qabul qildi.

Mashaqqatli hayot yoʻlini bosib oʻtgan, oʻzining metinday irodasi va hayotga ishtiyoqi bilan namuna boʻlayotgan shunday insonlar borligi uchun ham yurtimizda fayzu baraka bor.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?