Men Pahlavon Mahmudni polvonlar piri, ustozim deb bilaman — eronlik sportchi Reza Geytasi
Foto: “Xalq soʻzi”
Qadimiy va navqiron Xiva kuragi yerga tegmagan yengilmas bahodir va maʼrifatparvar shoir, faylasuf va soʻfiy Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan III xalqaro bahodirlar oʻyinlariga mezbonlik qilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vazirligi, Butunjahon strongmen federatsiyasi hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida oʻtkazilayotgan ushbu turnirda Oʻzbekiston, AQSH, Hindiston, Eron, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Ukraina, Latviya, Polsha kabi 17 ta davlatdan tashrif buyurgan bahodirlar ishtirok etmoqda. Ular 2 kun davomida aravaga yuk ortish va masofaga olib borish, obkash koʻtarib yurish, sangijumon toshlarini koʻtarish, milliy naqshli Xiva ustunlarini koʻtarish va ushlab turish kabi qator musobaqalarda asosiy sovrin uchun kuch sinashadilar.
— Bugun butun dunyo bahodirlari yana koʻhna va hamisha navqiron Xivada toʻplandilar, — deydi Xorazm viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Botir Saidov. — Ichanqalʼada 2019-yilda birinchi bor oʻtkazilgan bahodirlar oʻyinlari sport turizmi yoʻnalishida xalqaro aloqalarni rivojlantirish, turizm salohiyatini targʻib qilishga xizmat qildi. Shu bois turnirning mavqeyi, ishtirokchilar soni yildan yilga ortib boryapti.
Xalqaro bahodirlar oʻyinlari ishtirokchilari fikrlari bilan qiziqdik. Eronlik mashhur sportchi oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.
— Men Pahlavon Mahmudni polvonlar piri, ustozim deb bilaman, — deydi eronlik sportchi Reza Geytasi. — Qadimiy Xivada oʻtkazib kelinayotgan bahodirlar oʻyinlarida uchinchi bor ishtirok etyapman. 2019-yilda ikkinchi oʻrinni egallagan boʻlsam, oʻtgan yil turnirning mutlaq gʻolibi boʻldim. Bu safar ham muxlislarimni xushnud qilish niyatidaman.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring