Mehr...(Esse)

11:04 25 Fevral 2021 Jamiyat
2179 0

Illyustrativ foto

(Onam Muborakxon Rahmonovaning yorqin xotirasiga bagʻishlayman)

“Xalq soʻzi” tanloviga

“Yoshlik – inson umrining eng begʻubor va betashvish pallasi”, – deb bejiz aytilmagan ekan. Hozir yarim asrdan ortiq hayot yoʻlim davomida oʻsha bolaligim oʻtgan hovlimizni tez-tez yodga olgim keladi.

Darvozamizning roʻparasi, koʻchaning oʻrtasida bir tup katta, 4-5 kishining qulochi yetmaydigan oʻrik daraxti boʻlardi. Bu daraxt oʻsha men yashagan mahalladagi insonlarga mehr bergan, mahalladagi bolakaylar uchun yaxshigina oʻyin maydoni edi. Har tong hovlilarni supurib, sidirganimizdan keyin opam bilan shu oʻrik tagini ham supurib, suv sepib, sholchalar solib, koʻrpachalar toʻshab qoʻyardik. Chunki oʻrik gʻoʻralab, to mevasi tugaguncha undan ne-ne bolakaylar bahramand boʻlishmagan. Bolalar-ku oʻz yoʻliga, mahalladagi onamning, biz buvi der edik, buvimning tengdosh dugonalari ham shu oʻrik salqinida suhbat qurishar, juda koʻp hollarda mehr dasturxoni yozishardi. Kun choshgohga kelganida mahalla ayollarining biri ustiga yalpizmi, rayhonmi sepilgan bir kosa ugra osh, yana birlari piyozli qatlama, yana birlari achchiqina bir choynak choy damlab chiqishardi. Xuddi shu tariqa ularning saflari kengayib, hamma topgan-tutganini shu mehr dasturxoniga olib chiqardi. Ularning suhbatlari chin maʼnodagi mehr va oqibat gurungi boʻlardi. Men va opam ularning choylari va idish-tovoqlaridan xabardor boʻlib turardik, xolos, lekin bu begʻubor dilkash bazmdan biz ham bahramand boʻlardik. Oʻsha maroqli suhbatlarga ham mana 40 — 45 yil boʻlibdi. Ammo hamon yodimda. Ular nima haqda, kim haqda gaplashishgan — bizga qiziq emas, asosiysi, daraxt soyasida bir-birlariga mehr berishgan, shu qatori shu atrofda oʻralashib yurgan bizlarga ham. Kechagina bir-birlari bilan uzoq gaplashib oʻtirgan boʻlishsa ham, bugun sogʻinib ketdim, deya bagʻrini keng ochadigan ayollar hamon koʻz oldimda turadi.

Yillar oʻtib opam ikkimiz Toshkentga oliygohga oʻqishga kirdik. Oʻsha kunlardagi buvimning quvonchini soʻz bilan taʼriflay olmayman. Bu quvonchni tanasiga sigʻdira olmay dugonalarini mehr dasturxoniga chaqirishdi. Maqtana-maqtana bu shu mehr daraxti tagida mehr dasturxonida qilingan tilaklar ijobati, deb quvonardi buvijonginam.

Lekin, lekin oradan koʻp vaqt oʻtmay mehr dasturxoni va uning tagiga toʻshalgan sholchalar bir umrga yigʻildi. Farzandlariga hali nasihat qilishga yoki ularni duo qilishga ulgurmagan ozgʻingina, istarasi issiq, koʻzlari hamisha kulib turadigan, uyimizga birov kelsa mehmon deb oʻtirgʻizgani joy topolmaydigan, barcha-barchaga bir xil ona, opa, dugona, yaxshi suhbatdosh boʻlgan mahalla ayollarini bir dasturxonga yigʻib, ularda oqibat rishtalarini mustahkamlagan buvim toʻshakka mixlanib qolishdi. Mustahkam rishtalar kuchi, mehr va oqibat kuchi bora-bora uzildi.

Buvimdan keyin uyimizga oʻsha ayollar koʻp-koʻp kelishdi. Oʻsha mehrni bizga berishga harakat qilishardi. Bu ayollardan yalpiz va rayhon hidiga qorishib ketgan ugra oshlarni, buvimning siymosini koʻrardik.

Lekin, lekin ona oʻrnini hech qanday oqibat bosa olmas ekan. Men hamisha oʻsha mehr dasturxoni atrofidagi samimiy suhbatni sogʻinib yashayman. Bir ustozimning shunday gapi bor edi: “Qoʻshnining bir kosa ovqati qorin toʻydirmaydi, lekin mehr beradi”. Oradan yillar oʻtib opam ham, men ham, ukalarim ham uyli-joyli, farzandli boʻldik (Ukalarim oʻshanda oʻyinqaroq bolakaylar edi). Buvimning dugonalari sochlariga oq oraladi, yuzlariga hayot sinovlaridan ajinlar qoʻndi. Har bor oʻsha ota uyimizga borganimizda, qoʻshni ayollar bir piyola choy ichib, bizga suhbatdosh boʻlish uchun uyimizga chiqishadi. Oʻzlari bilan yana bir kosa ovqat, koʻylaklari yengiga shirinliklar shimarib, juda boʻlmasa varaq-varaq boʻlib oʻsgan bir tutam oʻsma olib chiqishardi. Uzoq-uzoq oʻsha begʻubor va maza qilib kulishgan gurunglarni eslardik. Ular bizga bolaligimizni, buvimning samimiy va dilkash suhbatlarini qaytarganday boʻlishardi.

Buvimdan keyin oʻsha ayollar koʻp yashashdi, lekin yildan-yil ularning saflari ham qisqarib bormoqda.

Eng achinarlisi, koʻchaning narigi boshidan koʻrinib turadigan oʻsha mehr daraxti ham qurib, qoʻporildi. Ne-ne insonlarga suhbatdosh oshyon boʻlgan oʻrik tagiga hech kim kelmay qoldi.

Anchagina joyga soya solib, mahalladoshlarni bir joyga jamlagan bahaybat daraxt oʻrni jazirama kenglik, bolakaylar oʻynaganda oyoqlarini kuydiradigan, birov qadam bosmaydigan oqibatsiz makonga aylandi.

Daraxt koʻrinmay qolgandan keyin, mening yuragim ham boʻshab qolgan, xoʻrligim kelib, ota uyimga kirib kelgunimcha oradan oʻtgan yillar, begʻam-betashvish buvimning dugonalarini yodga olib, toʻliqib-toʻliqib ketaman. Chunki... bu yurakdagi boʻshliqni hech kim va hech narsa toʻldira olmaydi.

Endi-chi, farzandlarim boʻylari boʻyim bilan teng boʻlib, ularning kichkinagina yutuqlaridan quvonganimda, ular haqida iliq soʻzlar eshitganimda beixtiyor Sizni eslayman, buvijonim. Farzandlarim uyga xotirjam, mamnun kirib kelganda yoki biror yumush bilan koʻchaga chiqib ketishayotganda ularni uzoqdan-uzoq duo qilgim keladi va beixtiyor buvim bizni duo qilishga, nasihat qilishga ulgurmagan, deb qoʻshib ham qoʻyaman.

Oʻsha mehr dasturxoni yopilganiga 35 yil boʻldi. Hamon, hamon yodimizdasiz. Onasizlik qanchalik qiyinligini his qilganimda, men buvimga nima berdim, meni dunyoga keltirgani, yuvib-tarab oyoqqa qoʻygani, oʻqitib nonimni butun qilgani uchun, deb oʻylayman.

Bular mening doimo xayolimda aylanadigan, menga sherik va hamisha oʻrtoq boʻlib kelgan oʻylarim, xolos.

Shuning uchun ham ayol – qadr qoʻrgʻoni, mehr – ustuni, oqibat – koʻprigi boʻlsa kerak.

Hamisha joylaringiz jannatda boʻlsin, jondan aziz azizam, koʻzlarim nuri, yuragimning quvvati boʻlgan onajonim, Onajonginam!

Hamisha bir-birimizga mehr berib, sogʻinib yashaylik!

Raʼnoxon RAHMONOVA,
Oltiariq tumanidagi 28-maktabning
rus tili fani oʻqituvchisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер