Mehrdan koʻngillar shodon

22:22 03 Dekabr 2021 Jamiyat
342 0

3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Navoiy viloyatidagi taʼlim muassasalari, mahallalar va idora hamda tashkilotlarda bayram tadbirlari tashkil etilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Qiziltepa tumanidagi 36-ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internatida ham oʻtkazildi.

Viloyat 2-sektori tashabbusi bilan uyushtirilgan ushbu tadbirda prokuratura organlari xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, muassasa oʻquvchilari, nogironligi boʻlgan bolalar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olgan yurtimizda mamlakatimizda insonparvarlik gʻoyalariga yoʻgʻrilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani, tashkil qilinayotgan mehr-saxovat tadbirlari ham buning yorqin namunasi ekani eʼtirof etildi.

— Bugungi tadbirda imkoniyati cheklangan farzandlarimiz sogʻlom bolalar kabi oʻzlarini teng huquqli ekanliklarini yana bir bor his etishdi, — deydi 36-ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internati tarbiyachisi Nilufar Ismoilova. Koʻrsatilgan eʼtibor va mehrdan ularning quvonchi cheksiz. Bunday tadbirlar ularga ruh beradi, shijoat bagʻishlaydi. Ularning quvonchini esa hech narsaga tenglashtirib boʻlmaydi. Zero, ular ham baxtli yashashga haqli.

Bayram tadbiri yakunida imkoniyati cheklangan fuqarolar hamda maktab oʻquvchilariga tashkilotchilarning esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

Tadbir konsert dasturiga ulanib ketdi. Maktab oʻquvchilari oʻzlarining qoʻshiq va raqslari, sahna chiqishlari bilan bayramona kayfiyat ulashdi. Sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan shoʻx kuy-qoʻshiqlar ham davraga yanada fayz bagʻishladi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?