Mehr-muruvvatdan koʻngillar shodon

13:22 30 Noyabr 2022 Jamiyat
335 0

Foto: Xalq so‘zi

3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan yurtimizda anʼanaviy tarzda har yili 30-noyabrdan 30-dekabrga qadar oʻtkaziladigan “Mehr-muruvvat oyligi” doirasidagi keng qamrovli xayrli ishlar yuzlab hamyurtlarimizning qalbida ertangi kunga ishonch va rozilik hissini oshirmoqda.

Namangan viloyatida ham bugundan eʼtiboran ushbu oylikni samarali tashkil etish yuzasidan belgilangan aniq manzilli chora-tadbirlarga uyushqoqlik bilan kirishildi. Bunda nogironligi bor fuqarolarga eʼtiborni yanada kuchaytirib, ularni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, xususan, bepul tibbiy xizmat bilan qamrab olish, nogironlik aravachalari, protez-ortopediya vositalari bilan taʼminlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Xalqaro nogironlar kuni oldidan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyat boʻlimi tomonidan jismoniy imkoniyati cheklangan qatlam vakillarining ahvoli oʻrganib chiqildi va ulardan 10 nafariga maxsus aravacha, 12 nafariga eshitish moslamalari topshirildi.

Ana shunday gʻamxoʻrlikdan bahramand boʻlgan Uychi tuman “Mashad” mahallasida yashovchi birinchi guruh nogironi Sayfiddin Patxiddinovning oilasi nihoyatda xursand. Chunki xonadon farzandiga maxsus moslama berilganidan soʻng uning eshitish qobiliyati anchagina yaxshilandi. Homiylar bu oilaga oziq-ovqat va kiyim-kechaklar ham taqdim etishdi.

Yangi Namangan tumanidagi “Istiqbol” mahallasida istiqomat qiluvchi Zokirjon Toshboyevning otasi vafot etgan. Onasi bilan yashayotgan bu yigit oilada yolgʻiz oʻgʻil boʻlib, qurilishda ishlagan vaqtida baxtsiz hodisa tufayli ikki oyogʻiga beton tushib ketgan. Mana, bir yildan buyon toʻshakka mixlanib qolgan Zokirjon doimiy davolanib turadi, yana jarrohlik amaliyotiga muhtoj. Ushbu oila oʻrganilganida Zokirjon onasining roʻzgʻor ishlarida qiynalayotganini aytib, kir yuvish mashinasi olib berishda yordam soʻragadi. Jamoat fondi tomonidan oilaga ushbu maishiy texnikaga qoʻshib oziq-ovqat va kiyim-kechaklar sovgʻa qilindi.

Davlatobod tumani “Yelxon” mahallasida yashovchi Abdugʻani Choʻtboyev 2016-yilda insult boʻlib yotib qolgan. Birinchi guruh nogironi boʻlgan bu inson ham shu kunlarda maxsus aravacha bilan taʼminlandi. Xuddi shunday, Toʻraqoʻrgʻon tumani «Qashgʻarguzar mahallasidan Shokirjon ota Ahmadjonov oʻziga koʻrsatilgan muruvvatdan mamnun. Yaqinda taqdim qilingan nogironlik aravachasida koʻcha-koʻyga bemalol chiqyapti.

Bu singari insonparvarlik yordamidan koʻngli koʻtarilgan koʻplab insonlarning qoʻli duoda. “Mehr-muruvvat oyligi” doirasida “Mahalla” fondi tomonidan yana yuzta xonadonga tashrif buyurish, ularga moddiy koʻmak va oziq-ovqat mahsulotlari topshirish rejalashtirilgan. Bu birgina fondning ezgu maqsadi. Unga boshqa xayrixoh tashkilotlar, homiylar harakati ham qoʻshilsa, muruvvatdan bahramand boʻladiganlar salmogʻi bir necha oʻn baravar ortadi. Eʼtirofli jihati, xayrli ishlarga saxovatli tadbirkorlar ham faol bosh qoʻshmoqda. Masalan, Namangan shahridagi «Grand tekstil savdo» masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻz korxonasida tayyorlangan tekstil mahsulotlarini “Mahalla” xayriya jamoat fondi orqali nogironligi boʻlgan shaxslarga taqdim etayotir.

Bugun “Mehr va muruvvat oyligi” tadbirlari viloyatning barcha shahar va tumanlarida keng miqyosda boshlab yuborildi.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?