Mehr-muhabbat va qadr-qimmat ayyomi

14:26 21 Mart 2022 Jamiyat
655 0

Foto: Халқ сўзи

Sir emas, koronavirus pandemiyasi sabab oxirgi ikki yilda butun Sharq mamlakatlarida, jumladan, yurtimizda ham Navroʻz umumxalq bayramini keng nishonlash imkoniyati boʻlmadi. Shukrki, bugun vaziyat biroz barqarorlashgach, Samarqandda ham xalq sayilga chiqib, Navroʻzni chinakam bayram sifatida keng nishonlashmoqda.

Bu yilgi Navroʻz tantanalari “Assalom, Navroʻz — yangilanish, mehr-muhabbat va qadr-qimmat ayyomi” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruhda va yuqori saviyada oʻtkazilyapti. Joylarda boʻlib oʻtayotgan bayram tadbirlarida ona tabiat goʻzalligi, bugungi tinch hayot hamda inson qadri ulugʻlanmoqda.

Samarqand viloyatida asosiy bayram tantanalari koʻhna va qadimiy kentning markaziy istirohat bogʻi va uning atrofidagi Alisher Navoiy, Kamol Ota Turk koʻchalarida tashkil etildi. Bu yerda korxona-tashkilot va muassasalar tomonidan ayyom bilan bogʻliq urf-odat va anʼanalar, milliy taomlar koʻrgazmalari tashkil qilindi. Milliy kuy-qoʻshiqlar, laparlardan tuzilgan dasturlar namoyish etildi.

Shuningdek, Samarqand shahrining Alisher Navoiy koʻchasida ilk bor “Kabob” festivali tashkil etildi. Unda yetti jamoa besh xil turda kabob pishirib, oʻzaro mahorat sinovida bellashishdi. Festival doirasida 20 metrlik kabob tayyorlandi.

Sportning badiiy gimnastika, badminton, basketbol, boks, kamondan otish, karate, ogʻir atletika, stol tennisi, taekvondo, oʻzbek jang sanʼati, akrobatika, armrestling, shaxmat-shashka turlari boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar ham koʻpchilikka manzur boʻldi.

Tadbirlarda Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, faollar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Qatnashchilar birma-bir har bir korxona-tashkilot va muassasalar xodimlarini bayram bilan qutladi.

Bayram sayli “Moʻjiza” amfiteatrida konsert dasturiga ulandi.

Bundan tashqari viloyatning bayram tadbirlari doirasida Qorasuv massivi, Kimyogarlar qoʻrgʻonidagi “Nurafshon” sanʼat saroyi, Farhod shaharchasida ham bayram sayillari uyushtirilib, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, konsert dasturlari oʻtkazildi.

Bayram munosabati bilan viloyatning barcha hududlarida xalq sayillari, aholi gavjum maskanlarda arzonlashtirilgan mahsulotlar savdo-yarmarkalari davom etmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?