Mehnat munosabatlari tizimida erishilgan ulkan natijalar Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan yuksak eʼtirof etildi

14:30 22 Noyabr 2022 Siyosat
370 0

Toshkent shahrida Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining sobiq maslahatchisi Kari Tapiolaning “Paxta dalalarida ishonchning mustahkamlanishi: Xalqaro mehnat tashkilotining Oʻzbekistondagi faoliyati” nomli monografiyasi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbir Oʻzbekistonda mehnat munosabatlari tizimida erishilgan natijalar sarhisobida hamda mamlakatda munosib mehnat tamoyillarini takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va gʻoyalarni ishlab chiqishda salmoqli oʻrin tutadi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva, Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha byurosi direktori Olga Kulayeva, Tashkilot Bosh direktorining sobiq maslahatchisi Kari Tapiola va qator xalqaro tashkilotlardan mutaxassis va ekspertlar, xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Jumladan, Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboyeva soʻzga chiqib, mamlakatimizda oxirgi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida mehnat munosabatlari tizimida amalga oshirilgan islohotlar va uning natijalari, majburiy mehnat va bolalar mehnatini bartaraf etish borasida qilingan ishlar hamda xalqaro hamkor tashkilotlar bilan sohani xalqaro standartlar asosida rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli tizimli ishlar olib borilayotganligini alohida qayd etib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa qator xalqaro tashkilotlar bilan soʻnggi yillardagi amaliy hamkorligi mehnat munosabatlari tizimi mustahkamlanishi va rivojlanishiga xizmat qildi, xususan, sohada 10 ta yuksak koʻrsatkichga erishildi. Jumladan, sohada mavjud muammolar belgilab olindi, ular keng jamoatchilikka va xalqaro hamjamiyatiga ochiq eʼlon qilindi va tez fursatda ularni yechimi boʻyicha amaliy ishlar bajarildi, inson huquqlarini taʼminlashning oʻziga xos mutlaqo yangi tizimi yaratildi hamda mamlakatda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha uch bosqichli tizim (Milliy komissiya – kichik komissiyalar – hududiy komissiyalar) shakllantirildi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Shuningdek, xalqaro normalar asosida meʼyoriy-huquqiy baza takomillashtirildi, fuqarolik jamiyati vakillari monitoring faoliyatini olib borishda asosiy lokomotiv kuchga aylandi, xalqaro nohumat tashkilotlari vakillari bilan mehnat masalalari boʻyicha muloqot va xamkorlik kengaytirildi va oʻzaro ishonch mustahkamlandi. Bundan tashqari xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni tizimli qoʻllab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi, qishloq xoʻjaligi tizimi isloh qilindi, klaster tizimi yaratildi, tizimli bolalar va majburiy mehnatga butunlay barham berildi.

Muhimi, oʻzbek paxtasiga boykot bekor qilinib, AQSH Mehnat vazirligi tomonidan mamlakatda ishlab chiqarilgan paxtani “Bolalar va majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlar roʻyxati” dan chiqarildi.

Tadbirda halqaro ekspertlar tomonidan mehnat munosabatlari sohasida erishilgan natijalar va bugungi kunda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro maydonda yuksak eʼtirof etilishi va bu borada Oʻzbekistonning milliy tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna boʻlishi mumkinligi taʼkidlandi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Ushbu masalalar Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining sobiq maslahatchisi K.Tapiola muallifligidagi monografiyada ham oʻz aksini topgan boʻlib, unda Oʻzbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashish, mehnat huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish, mehnat sohasiga oid xalqaro standartlarni joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar va natijalar keng yoritilgan.

Tadbirda Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha byurosi direktori O.Kulayeva, Tashkilot Bosh direktorining sobiq maslahatchisi K.Tapiola va qator xalqaro tashkilotlarning mutaxassislari hamda xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari mazkur muhim nashr yuzasidan oʻzlarining xulosa va fikrlarini bayon qilib, mehnat sohasida Oʻzbekiston erishgan yuksak natijalarni xalqaro maydonda targʻib qilish muhimligini taʼkidladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?