Mehnat migrantlari uchun qanday yengilliklar beriladi?

17:10 21 Avgust 2020 Siyosat
563 0

Shu yilning 17-avgust kuni xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ushbu masalaga yana bir bor barchaning eʼtibori qaratildi.

Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda har yili qariyb 200 ming kishining bandligini tashqi mehnat migratsiyasi orqali taʼminlashga toʻgʻri kelmoqda. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, “... Bu tabiiy jarayon, barcha rivojlanayotgan davlatlar shunday bosqichdan oʻtgan. Qayerda mehnat migratsiyasi toʻgʻri tashkil etilgan boʻlsa, bandlik, oilalar daromadi, malakali mutaxassislar koʻpaygan.

Shu oʻrinda xorijdagi yurtdoshlarimiz huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy shart-sharoitlarini yaxshilash borasida keyingi yillarda amaliy ishlar qilinayotganligini taʼkidlash joiz. Xususan, Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya, Yaponiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan mehnat migratsiyasi borasida xalqaro shartnomalar imzolandi hamda tashqi mehnat migratsiya masalalari boʻyicha Bosh vazir maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Shu bilan birga, chet ellarda ishlayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus jamgʻarma tashkil etilib, 100 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi.

Shunga qaramay, chetda ishlayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va madaniy qoʻllab-quvvatlash borasida yechimini kutayotgan muammolar hali koʻpligi yigʻilishda alohida aytib oʻtildi. Ayniqsa, mehnat migrantlarimiz ish beruvchi kompaniyalarni topish, talab qilinadigan ish kuchiga mutaxassisiligi boʻyicha talab, til bilish va oʻsha davlatdagi mehnat qonunchiligini oʻrganish kabi muammolarga eng koʻp duch kelmoqdalar.

Shu bois yigʻilishda davlatimiz rahbari xorijda oʻzbekistonlik fuqarolarning yetarli darajadagi mehnat sharoitlarini taʼminlash uchun ish beruvchi chet el kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarni kengaytirish muhimligini taʼkidlab, ularning talabiga mos malakaga ega va til biladigan mutaxassislar tayyorlash vazifasini tegishli davlat organlari oldiga vazifa qilib qoʻydi.

Shu munosabat bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hududiy filiallarining vakolatlari kengaytirilib, ularga xorijiy ish beruvchilar bilan bevosita shartnoma tuzish, migratsiya xizmatlari bilan muzokaralar oʻtkazish huquqi berilishi va filiallar rahbarlari viloyat hokimining yordamchisi hisoblanishi belgilandi.

Fuqarolarning ishga joylashib, mehnat haqi olgungacha boʻlgan xarajatlariga mablagʻ topish muammosi ham oʻz yechimini topdi, yaʼni mehnat migrantlariga yoʻl haqi, patent olish hamda hayoti va sogʻligʻini sugʻurtalash xarajatlari uchun 10 million soʻmgacha past stavkada kreditlar ajratish belgilandi.

Yigʻilishda nafaqat chet elga ishga ketayotgan fuqarolarimizni, balki ularning oilasidan xabar olib, ota-onasining sogʻligʻi, farzandlarining oʻqishi va boshqa ehtiyojlariga koʻmaklashish vazifasi qoʻyildiki, bu ham mehnat migrantlari uchun ayni muddaodir.

Chet elda malaka orttirgan va vatanimizda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan fuqarolarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ular bilan manzilli ishlaydigan, moliyaviy qoʻllab-quvvatlaydigan tizim yaratilishi aytildi. Jumladan, ularning davlat roʻyxatidan oʻtishiga koʻmaklashish, 3 oygacha ijara toʻlovi boʻyicha subsidiya berish, tadbirkorlikni boshlashi uchun kredit resurslari ajratilishi hamda bank kreditlari taʼminoti boʻyicha sugʻurta polisi xarajatlarining bir qismi qoplab berilishi, bu maqsadlarga Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan yil yakuniga qadar 25 milliard soʻm, kreditlar uchun 100 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

Oʻz navbatida, ish stajini hisoblash boʻyicha mehnat migrantlari uchun yana bir ijtimoiy himoya — yaʼni oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni roʻyxatga olish va mehnat stajini hisoblash tizimini migrantlar uchun ham tatbiq etish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.

Umuman, videoselektorda ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslar mehnat migrantlarimiz uchun qator yengilliklar beradiki, bu kezi kelganda oilalar toʻkinligi va pirovardida yurtimiz iqtisodiyotining yana-da rivoj topishida muhim omil boʻladi.

Erkin GADOYEV,
Oliy Majlis Senati
Byudjet va iqtisodiy islohotlar
masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?