Mehnat huquqi va ijtimoiy himoya – ustuvor maqsadimiz

18:34 11 Noyabr 2022 Jamiyat
823 0

Foto: Xalq so‘zi

Tumanimiz iqtisodiyotida agrar sohaning ulushi 60 foizdan oshadi. Ayni paytda tizimda 12 mingdan ortiq ishchi-xizmatchi faoliyat koʻrsatayotir. Ularga munosib mehnat sharoiti yaratish, dam olishini tashkil etish, xodimlarning ijtimoiy himoyasi borasidagi ishlarni izchil yoʻlga qoʻyganmiz. Masalan, mehnatkashlar salomatligini mustahkamlash maqsadida joriy yilning toʻqqiz oyida 21 kishini sihatgohlarga imtiyozli yoʻllanma bilan taʼminladik. Ikki nafar boquvchisini yoʻqotgan ayol bepul dam olib qaytdi. 35 ta kam taʼminlangan oilaga 7 million soʻm, umuman, ijtimoiy himoya yoʻnalishida 25 million soʻm moddiy yordam koʻrsatildi. Bundan tashqari yozning yuqori haroratli kunlarida 200 nafardan ortiq kasaba uyushma aʼzosining viloyatning soʻlim maskanlariga bepul sayohati uyushtirildi.

Faoliyatimizning asosiy yoʻnalishlari haqida gap borar ekan, fuqarolarning mehnat qilish huquqini toʻla roʻyobga chiqarish, xususan, kafolatlangan ish joyi bilan taʼminlash masalasiga alohida ahamiyat qaratilayotganligini taʼkidlash oʻrinlidir. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning rahbarlari bu borada bizga yaqindan yordam koʻrsatishayotir. Bundan ikki yil avval tashkil etilgan “Runam tex” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxonasi direktori Mahfuza Gumushning tashabbuskorligi koʻpchilikka ibrat. Keyingi paytlarda MCHJga 200 ga yaqin kishi ishga joylashdi. Ularning 150 nafarga yaqini ijtimoiy daftarlar roʻyxatida turgan ayollar va yoshlardir. M. Gumush yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha kasaba uyushmalari tomonidan tashkil etilgan respublika tanlovi sovrindori boʻldi va 30 million soʻmlik pul mukofotini qoʻlga kiritdi. Yana bir hamkorimiz - 1-sonli kasb-hunar maktabi direktori Gulnora Sodiqovaning saʼy-harakatlari ham eʼtiborga molik. Uning intilishlari bilan maktabni tugallagan 148 nafar yosh kasbi va qiziqishiga mos ish joyini topdi.

Ishchi-xizmatchilarning huquqiy savodxonligini oshirish masalasida targʻibot tadbirlarini izchil olib boramiz. Joylarda tashkil etilayotgan seminar va suhbatlarda fuqarolarning mehnat huquqlari haqida batafsil tushuncha berilyapti. Endilikda kasaba uyushma faollari oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazishni moʻljallab turibmiz.

Bir soʻz bilan aytganda, tuman Kengashimiz va boshlangʻich tashkilotlarning astoydil harakati bilan “Kasaba uyushmalari – mehnatkashlarning chinakam himoyachisi va madadkori” tamoyilining hayotbaxshligi taʼminlanmoqda.

 

Aqida GʻOYIBBOYEVA,

agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Toʻraqoʻrgʻon tuman Kengashi raisi,

Namangan viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер