Mehnat bozoriga 2021-yilda jami 560 ming bitiruvchi kirib keladi

16:33 25 May 2021 Jamiyat
261 0

Bu haqda bugun Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining majlisida maʼlum qilindi.

Unda senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab Senatning navbatdagi yalpi majlisiga kiritilgan masalalar koʻrib chiqildi.

Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil yakunlari va 2021-yilning birinchi choragi yakunlari yuzasidan Moliya vazirligi masʼullarining hisoboti eshtildi.

Tadbirda taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashdagi dolzarb muammolar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovini yuborish senatorlar diqqat markazida boʻldi.

Qoʻmita tomonidan taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash borasida oʻtkazilgan oʻrganishlar hozirda nafaqat oʻrta, balki oliy maʼlumotli yoshlar bandligini taʼminlashda ham hal qilinishi zarur boʻlgan ayrim masalalar borlgini koʻrsatdi.

Respublikamizda 2021-yil 1-yanvar holatiga mavjud boʻlgan 19,1 mln nafar mehnat resursining 14,8 mln nafari iqtisodiy faol aholi hisoblanadi. Shundan 13,2 mln nafari oʻz ish-joyiga ega, 1,6 mln aholi bandligini taʼminlash talab etiladi. Ulardan 805,2 ming kishidan ortigʻi 16-30 yoshdagi ishsizlardir.

Shuningdek, mehnat bozoriga 2021-yilda jami 560 ming bitiruvchi kirib keladi. Yaʼni, oliy taʼlim muassasalarini 103,1 mingdan ortiq, umumtaʼlim maktablarini 440 mingga yaqin, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini 18 mingdan ziyod yoshlar tamomlaydi. Natijada 2021-yilda yoshlar bandligini taʼminlash uchun ehtiyoj 1 365,2 ming nafarni tashkil qiladi.

Respublikada 131 ta OTMda bakalavriatda 134 ta taʼlim yoʻnalishi, magistraturada 147 ta mutaxassislik yangidan tashkil qilingan. Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 2030-yilga qadar 50 foizga yetkazish belgilangan.

2020-yilda respublikada jami band boʻlganlarning 82 foizi yoki 11,1 mln. nafar aholi xususiy sektorda mehnat faoliyatini olib bormoqda. Bu esa tadbirkorlik subyektlari va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida maqsadli kadrlar tayyorlash, kadrlarga buyurtma berish tizimida bevosita toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yana-da kengaytirish zarurligini anglatadi.

Senatorlar bitiruvchilar bandligini taʼminlash masalasida ilgʻor xorijiy davlatlardagi ijobiy tajribalarni ham oʻrganish zarurligini ham taʼkidladilar. Xususan AQSH universitetlaridagi “Rekruting markazlari”, Yaponiyadagi “umrbod bandlik tizimi”, Finlyandiyaning har bir oliy taʼlim muassasasi tarkibidagi maxsus bandlik xizmati, Qozogʻistondagi “Diplom bilan qishloqqa” kabi dasturlarni ham oʻrganish maqsadga muvofiqligini taʼkidladilar.

Yuqoridagilarni inobatga olib, taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash masalasida hukumatga Parlament soʻrovi kiritish yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Bundan tashqari majlisda Joriy yil oromgohlarda bolalar dam olishini mazmunli tashkil qilish, u yerda bolalarni besh muhim tashabbusga hamda chet tillarni oʻrganishga keng jalb etish masalalari ham muhokama etildi.

Bu yilgi yoz mavsumi davomida 1 ming 545 ta statsionar turdagi oromgohlar va sogʻlomlashtirish maydonchalarida jami 261 ming 608 nafar bolani dam oldirish rejalashtirilgan.

Oromgohlarda bolalar dam olishini mazmunli tashkil qilish, u yerda oʻgʻil-qizlarni beshta muhim tashabbusga keng jalb etish, xorijiy tillarni oʻrgatish kabi masalalari yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqilib, ijrochilarga yetkazish belgilandi.

Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?