Mavzuga qaytib: Jurnalistika  isteʼdodlar maydoni boʻlishi kerak yoxud nega mutasaddilar hamon sukut saqlamoqda?

11:38 18 Oktyabr 2021 Jamiyat
870 0

Illyustrativ foto

Xabaringiz bor, “Xalq soʻzi” gazetasi saytida shu yil avgust oyida “Jurnalistikaga qabul: ijodiy imtihonlar nega olib tashlandi?” sarlavhali tahliliy maqola eʼlon qilingan edi. Unda jurnalistika  boʻyicha oliy taʼlimga qabulda, milliy jurnalistikamizni haqiqiy isteʼdodli kadrlar bilan taʼminlashda ijodiy-kasbiy imtihonlarning ahamiyati  va ushbu amaliyotni  yana qoʻllash zarurligi boʻyicha tegishli idoralarga murojaat talqinidagi fikrlar bildirilgan edi. Oradan deyarli ikki oy oʻtib, hamon munosabat kutilayotgan boʻlsada, jurnalistika fakultetining sirtqi boʻlimiga imtihon topshirib, oʻtgan yilgi oʻtish balidan ancha yuqori, bu yilgisidan esa biroz kam ball toʻplab talaba boʻla olmagan, endilikda qatʼiy maqsadi yoʻlida yana repetitorga qatnab, navbatdagi qabul sinovlariga tayyorgarlik koʻrayotgan yosh hamyurtimizning fikrini eshitib, yana mavzuga qaytdik.  

Uning aytishicha, oʻzi oʻqiyotgan ona tili va adabiyot boʻyicha repetitor  guruhida jurnalistikani tanlaganlar ham bor ekan. Lekin ularning “Agar ijodiy imtihoni boʻlsa, jurnalistikaga topshirmayman” deyishi nimadan dalolat beradi? Axir jurnalistika nainki bilim, balki ijodiy salohiyatni talab qiladiku! Demak, ijodiy-kasbiy sinov qayta joriy etilmas ekan, bu yil kuzatilgani kabi yilt etgan isteʼdodi  yoʻq, eng achinarlisi, maqsadi jurnalistika kasbini egallash emas, shunchaki oliy maʼlumotlilik diplomini qoʻlga kiritish boʻlgan yoshlar kelgusi qabulda ham besh yoʻnalish tanlovida  jurnalistikani belgilaydilar. Alaloqibat ulardan qanaqa jurnalist chiqadi? Bugun amaliyotda bot-bot duch kelayotganimiz — ikki qator xabar ham yozolmay, hafsalani pir qiladiganlarmi?

Xullas, biz, amaliyotchi jurnalistlarning fikricha, toki sohamiz boʻyicha mavjud oliy oʻquv yurtlarining asosiy vazifasi milliy jurnalistikamizni salohiyatli kadrlar bilan  taʼminlash ekan, ularning  qabulida ijodiy-kasbiy imtihon ustuvor boʻlishi suv va havodek zarur. Toʻgʻri, 2020-yilda bunday sinovlarni oʻtkazishda koronavirus pandemiyasi xalal bergandir, lekin bu yilchi? Axir joriy yilda boshqa yoʻnalishlarda oliy oʻquv yurtlariga qabulda ijodiy imtihonlar boʻlib oʻtdiku!

Ushbu maqolani tayyorlash asnosida jurnalistikaga qabul boʻyicha xorij davlatlardagi tajriba bilan  qiziqdik. Deylik, Mixail Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetida bu yil ijodiy-kasbiy imtihonlar masofaviy shaklda boʻlsada, oʻtkazilgan.

Bugun axborot texnologiyalari mislsiz darajada rivojlanib, jurnalistikaning davlat hamda jamiyat oldidagi vazifasi tamomila yangi shakl va  mazmun kasb etayotgan bir paytda bu sohada adashib kirib qolganlar emas, chinakam isteʼdodi va layoqati bor yigit-qizlar oliy maʼlumot olishi kerak. Bunday munosiblar esa faqat ijodiy-kasbiy imtihonlarda saralanadi. 

Bizni yanada ajablantirgani esa “Jurnalistikaga qabul: ijodiy imtihonlar nega olib tashlandi?” nomli maqolaga hozirga qadar faqat Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi oʻz munosabatini bildirdi, xolos. Mutasaddi davlat idoralari, xususan, Oliy  va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi, Davlat test markazi hamon jim.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?