Mavlud ulamolarni birlashtirdi

20:30 13 Noyabr 2020 Jamiyat
146 0

Ayni kunlarda koinot sultoni, olamlar sarvari, koʻzimiz nuri, qalbimiz sururi, boshimiz toji Muhammad sollallohu alayhi va sallamning muborak tavallud sanalari — Rabiul avval oyi butun dunyo boʻylab keng nishonlanmoqda.

Oʻzini musulmon bilgan kishi borki, Alloh taoloning “Albatta, Alloh va Uning farishtalari Paygʻambarga salavot ayturlar. Ey moʻminlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom aytingiz!” (Ahzob surasi, 56-oyat) oyatiga muvofiq, mavlud oyining har soniyasini gʻanimat bilib, habibimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga salavot, salom va durudlar aytmoqda.

Bu oy butun Islom ummatini bir soʻz – «Allohumma solli ʼala sayyidina Muhammadin va ʼala aalihi va asʼhabihi ajmaʼin» – atrofida jipslashtirdi. Chunki qalbida imoni bor kishi Nabiy alayhissalomning: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh taolo unga oʻn marta salavot aytadi” (Imom Muslim rivoyati), degan soʻzlarini chuqur idrok etib, unga ogʻishmay amal qiladi va buning natijasida ulkan savoblarni qoʻlga kiritadi.

Kuni kecha Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligidagi bir guruh ulamolarning “Siyrat oqshomi”dagi maʼruzalari qalblarimizni sel qilgan boʻlsa, bugun, muborak juma kuni Hindistonning Kerala shtatidagi “Sunniy madaniyat markazi” tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro mavlud anjumani onlayn tarzda efirga uzatilgani barchamizni xushnud etdi.

Eng quvonarlisi, bugungi xalqaro mavlud anjumanida butun dunyodan qatnashgan mashhur shayxlar, ulamolar qatorida yurtimizning taniqli ulamosi, Sayyid Rahmatulloh Termiziy domla taʼsirchan maʼruzasi bilan barcha musulmonlarni lol qoldirdi.

Shu bilan birga, ustoz Rahmatulloh domla Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiydek zabardast ulamolarning munosib vorisi ekanini amalda isbotladi.

Toshkent shahar Yunusobod tumani bosh imom-xatibi, “Mirza Yusuf” jome masjidi imom-xatibi Sayyid Rahmatulloh domlaning «Odamlar orasida unsu ulfat hosil qilish yoʻli va bu borada Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam taʼlimotlari» mavzusidagi arab tilida qilgan maʼruzasini dunyoning turli burchaklaridagi musulmonlar katta ishtiyoq bilan tinglashdi.

Butun dunyo boʻylab keng nishonlanayotgan muborak mavlud oyi barchamizga muborak boʻlsin.

Tolibjon NIZOM

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?