Matbuot uyi sizlarniki, tez orada uni zamonaviy mediamarkazga aylantiramiz — Shavkat Abdurazzoqov

14:30 28 Dekabr 2021 Jamiyat
345 0

Foto: «Халқ сўзи»

Toʻrt qavatli Matbuot uyi Namangan shahring qoq markazida joylashgan. U yaqin vaqtga qadar oʻziga tutash yuqori quvvatli bosmaxona bilan butun bir majmua vazifasini bajarib kelgan. Namangan viloyatining ikki gazetasi, qator tumanlar, hatto Andijon viloyatidan ham bir qator nashrlar shu yerda chop etilgan. Biroq bundan oʻn-oʻn besh yillar avval Ibrat nomidagi bosmaxonadan fayz qochdi, moddiy va maʼnaviy jihatdan eskirgan ishlab chiqarish texnologiyasini yangilash rejalari qogʻozda qolib ketdi. Tanazzul yoqasiga kelib qolgan korxonaning mulk shakli oʻzgartirilishi ham, afsuski, vaziyatni yaxshilamadi. Bugun xayhotday bosmaxona binosi savdo majmuasiga aylantirilgan. Bundan bir asr avval Namanganga ilk chop etish texnikasini olib kelgan Isxoqxon Ibrat nomida faoliyat koʻrsatib kelgan korxona endi yoʻq. Hovlining bir burchagida tashabbuskorlar harakati bilan kichikkina chop etish korxonasi ishlayapti, xolos. Masalaning boshqa jihati, yaʼni Matbuot uyi, uning saqlanishi masalasi namanganlik jurnalistlarning ogʻriqli nuqtasiga aylandi. Keyingi paytlarda koʻpchilikning xayolida bu binoning boshiga ham bosmaxona taqdiri tushmasmikin, degan hadik bor.

Hayriyat, ish bu darajaga borib yetmaydigan boʻldi. Kecha viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishchi guruhi bilan Matbuot uyiga kelib, bu yerdagi ahvol bilan yaqindan tanishdi. Gazetachi va matbaachilar vakillari, “Namangan haqiqati”, “Namanganskaya pravda”ning bosh muharrirlari bilan suhbatlashdi, mutaxassislar fikrini oldi.

— Matbuot uylari sizlarniki, tez orada uni zamonaviy mediamarkazga aylantiramiz, — dedi Sh. Abdurazzoqov.

Nafaqat matbuotchilar, balk, viloyat ziyolilari, maʼrifatga xayrixoh insonlarning sevimli maskaniga aylangan Matbuot uyi oʻtgan asrning yetmishinchi yillari oxirida barpo etilgan. Oʻshanda bu yerga Oʻzbekistonning shu davrdagi birinchi rahbari Sharof Rashidov tashrif buyurganini keksa avlod vakillari yaxshi eslashadi. Biroq oʻtgan yillarda viloyatning hech bir yetakchisi bu tabarruk maskanga qadam ranjida qilishni oʻziga ep koʻrmadi. Tabiiyki, boshqa mutasaddilarning eʼtibori ham bundan ortiq boʻlmagan. Natijasi aniq, mukammal taʼmiri uchun biror marta mablagʻ ajratilmagani, boz ustiga uning asosiy egalari boʻlgan viloyat gazetalari tahririyatlari moddiy ahvoli nochorligidan bino, uning infratuzilmasi eskirdi. Birinchi va ikkinchi qavatning sobiq bosmaxonaga tegishli qismi boshqa maqsadlar uchun moslashtirildi.

Shavkat Abdurazzoqovning matbuotchilarning dardiga quloq tutganidan, eng avvalo, soha xodimlarining boshi osmonda. Chunki bino oʻzlarida qoldi. Yangi yil boshidan uni mukammal taʼmirlashga kirishiladi va yaqin vaqt orasida koʻplab gazetalar, internet nashrlarini oʻz bagʻriga olgan zamonaviy mediamarkaz koʻrinishini oladi. Darvoqe, bugungi kunda “Namangan poligraf press” masʼuliyati cheklangan shaklida faoliyat olib borayotgan bosmaxona ham rivojlantiriladi. Hokim ayni masalada maqsadli kredit ajratilishida yordam koʻrsatish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

Namangan matbuoti uchun jiddiy boʻlib turgan masalaning bu singari xayrli yechimi koʻp sonli gazetachilar, ular atrofiga uyushgan ziyokor faollar, butun media ahli uchun chinakam Yangi yil sovgʻasi, desa boʻladi. Shunday emasmi?!

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?