Masʼuliyatsizlik javobsiz qolmaydi

20:35 26 Noyabr 2021 Jamiyat
271 0

Mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish, bu borada ortiqcha byurokratik toʻsiqlar va korrupsion holatlarning oldini olish chora-tadbirlari tizimli amalga oshirilmoqda. Buning samarasida koʻplab davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat xizmatlari markazlari tomonidan qamrab olingan xizmatlarni koʻrsatish muddati va talab etiladigan hujjatlar soni sezilarli darajada qisqartirildi.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatishda erishilayotgan salmoqli natijalar bilan birga ayrim tashkilotlarda qonunbuzilish holatlari ham, afsuski, uchrab turibdi. Jumladan, belgilangan tartibda oʻrganishlar davomida Samarqand tuman arxitektura va qurilish boʻlimi masʼul xodimi A.N.ning faoliyatida shunday illatlar kuzatildi.

Misol uchun, joriy yilning 5-oktyabr kuni fuqaro M.X. Samarqand tuman Davlat xizmatlari markazi orqali yakka tartibda uy-joy qurishga (rekonstruksiya qilishga) loyiha-smeta hujjatlarini kelishish yuzasidan soʻrov bergan. Tuman arxitektura va qurilish boʻlimi boshligʻi soʻrovni oʻrganib chiqish uchun A.N.ga yoʻnaltirgan. Ammo bu masʼul oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, soʻrov ijrosini 9 kunga kechiktirgan. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentda vakolatli organ soʻrovnoma tushgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida loyiha-smeta hujjatlari yuzasidan kelishishi yoki uni asosli rad etishi kerakligi koʻrsatilgan.

Bundan tashqari A.N. xizmat faoliyati davomida 7 ta obyektlarni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma berish, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan 18 ta yakka tartibda uy-joy qurishga (rekonstruksiya qilishga) loyiha-smeta hujjatlarini kelishish xizmatlarini koʻrsatishda maʼmuriy reglamentda belgilangan tartib va muddatlarni buzganligi aniqlandi.

Masʼuliyatsizlik, ayniqsa, bu boshqa insonlar manfaatiga, qonuniy xohish-istaklariga daxl qilsa, hech qachon javobsiz qolmaydi. Xuddi shunday, masʼul A.N.ga ham yuqorida bayon etilgan barcha holatlar boʻyicha toʻplangan hujjatlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 2155-moddasi, 1-qismida nazarda tutilgan jazo chorasi qoʻllanildi.

Viloyatda ayni yoʻnalishdagi nazorat tadbirlari davom etmoqda.

  Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?