“Masofaviy taʼlim sharoitida xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik” mavzusida xalqaro vebinar oʻtkaziladi
Joriy yilning 12-avgust kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Jahon banki va Rossiya taʼlim akademiyasining Taʼlim strategiyalarini rivojlantirish instituti mutasaddilarining navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.
Videokonferensiya formatida oʻtkazilgan tadbirda masofaviy taʼlim sharoitida xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston ilk marotaba taʼlim sifatini baholash boʻyicha PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlariga ishtirok etish boʻyicha tayyorgarlik koʻrmoqda. Xususan, Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ushbu tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish uchun 6000 nafardan ortiq pedagoglarning malakasini oshirish vazifasi belgilab berilgan.
Muhokamalar davomida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev Jahon banki va Rossiya taʼlim akademiyasining Taʼlim strategiyalarini rivojlantirish instituti vakillariga hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar uchun minnatdorchilik bildirar ekan, yurtimizda PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlari tayyorgarlik koʻrish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berdi. Pandemiya tufayli murakkab sharoitga qaramasdan, taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish dolzarb masala ekanligini inobatga olgan holda hamkorlik aloqalarining keyingi bosqichlari borasida fikr almashildi.
Eslatib oʻtish joizki, Jahon bankining READ dasturi doirasida 2019-yil davomida PISA va PIRLS boʻyicha seminarlar Moskva, Toshkent va Samarqand shaharlarida tashkil etilgan. Xususan, Rossiya poytaxtida oʻtkazilgan oʻquvlarda 20 nafar mutaxassislar tajriba orttirgan boʻlsa, Toshkent va Samarqandda oʻtkazilgan mashgʻulotlar davomida maktab direktorlari, ularning oʻrinbosarlari, oʻqituvchilardan iborat jami 2800 nafar pedagoglarning malakasi oshirilgan edi. Shuningdek, yurtimizda oʻtkazilgan seminarlarda 3 asosiy yoʻnalish: “Matematik savodxonlik”, “Tabiiy fanlar boʻyicha savodxonlik” hamda “Oʻqish savodxonligi” boʻyicha 260 nafar trenerlar oʻqituvchilar tayyorlangan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida ushbu trener oʻqituvchilar tomonidan hududlardagi umumtaʼlim muassasalari xodimlari va oʻqituvchilari uchun kaskad usulida oʻquvlar tashkil etish orqali xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik darajasini oshirishga xizmat qilib kelmoqdalar.
Uchrashuv davomida olib borilgan muhokamalar natijasida koʻp yillik tajribaga ega rossiyalik ekspertlar ishtirokida joriy yilning 24-25-avgust kunlari Taʼlim inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Rossiya taʼlim akademiyasining Taʼlimni rivojlantirish strategiyalari instituti hamda Jahon bankining READ dasturi bilan hamkorlikda “Masofaviy taʼlim sharoitida xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik” mavzusida xalqaro vebinar tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Oʻz navbatida Jahon banki va Rossiya taʼlim akademiyasining Taʼlim strategiyalarini rivojlantirish instituti vakillari mazkur tadbirni avvalgi seminarlarning mantiqiy davomi sifatida yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi.
Koʻp yillar davomida PISA boʻyicha Rossiyaning milliy koordinatori sifatida faoliyat olib borgan, Rossiya taʼlim akademiyasining Taʼlim strategiyalarini rivojlantirish instituti Taʼlim sifatini baholash markazi rahbari Galina Kovaleva Rossiya mazkur tadqiqotlarda 2000-yildan beri ishtirok etib kelayotganini taʼkidlar ekan, shunday dedi:
– Maʼlumki, taʼlim sifati baholash boʻyicha tadqiqotlar konsepsiyalari maʼlum muddatlarda oʻzgarib turadi. Tadqiqotlarning nafaqat konseptual ramkasi balki oʻzgarish tendensiyalarni ham kuzatib borish zarur. Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishda pedagoglarning malakasini oshirish hamda oʻquv metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlash juda muhim. Shuning uchun ham ushbu vebinar masofaviy taʼlim sharoitida xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha pedagoglar malakasini oshirish, oʻzaro tajriba almashishga xizmat qilishiga ishonchim komil.
Tadbir davomida xalqaro vebinarni qay tartibda tashkil etish, unga puxta tayyorgarlik koʻrish, xususan mavzularni chuqurroq oʻrganish uchun tadbirni samarali va mazmunli oʻtkazish kabi masalalar ham muhokama qilindi.
Yakunda xalqaro vebinar dasturini ishlab chiqish va kelishish, ishtirokchilar soni, tarkibi hamda maʼruzachilar taqdimotlari mavzularini aniq belgilab olishga kelishildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Hotdogdan choʻchqa yogʻigacha: maktab oshxonasida qanday oziq-ovqatlarni sotish taqiqlangan?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- Asila Mirzayorova Paralimpiya oʻyinlari rekordini oʻrnatdi (+video)
- “Mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat!”: Davlat soliq xizmati va Bolalar ombudsmani Qashqadaryodagi holatga munosabat bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring