Masofaviy notariat, Ijro yozuvi. Sohadagi ushbu yangiliklar haqida Toshkentda oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada maʼlumot berildi

23:12 27 Iyul 2022 Jamiyat
809 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Toshkentda Litva, Belarus hamda Ozarbayjon Notarial palatalari hamkorligida “Notariat sohasidagi yangiliklar” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Unda Litva Notarial palatasi Marius Strachkaytes “Masofaviy notariat” mavzusida maʼruza qildi.

— Notariat sohasini raqamlashtirish, masofaviy notariatni yoʻlga qoʻyish orqali aholiga koʻrsatilayotgan huquqiy xizmat qulay, tezkor va ovoragarchiliklarsiz ekani, bu borada Litvalik hamkasblarimizning tajribalari haqida maʼruzani qiziqib tingladik, — deydi tadbir ishtirokchisi, Zangiota tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Zulfiya Osmanova.

Belarus Notarial palatasi prezidenti Natalya Borisenko “Ijro yozuvi” boʻyicha maʼruzasi ham ishtirokchilarda katta qiziqish qoldirdi.

Ushbu notarial harakatning ijobiy tomonlari, Belarus notariuslari tomonidan ushbu notarial harakatni amalga oshirish borasida tajriba haqida gapirib berdi.

Aytish joizki, beloruslik notariuslar tomonidan 28 turdagi ijro yozuvi amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurovning eʼtiroficha, bu mavzu bejiz tanlanmagan. Beloruslik notariuslar ushbu notarial harakatlar boʻyicha katta tajribaga ega. 

Oʻzbekistonda qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlanmoqda.

Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligining Notariat va roʻyxatdan oʻtkazish bosh boshqarmasi bosh maslahatchisi Zaur Gasanovning Ozarbayjon adliya vazirligi tomonidan mobil notariat ilovasi yaratilgani, ushbu ilova orqali ishonchnomalar va rozilik arizalari toʻgʻridan toʻgʻri mobil notariuslar tomonidan tasdiqlanayotganligi, ushbu ilovani tobora takomillashtirish ustida ish olib borilayotganligi haqida maʼlumot uchrashuv ishtirokchilari tomonidan qiziqish bilan kutib olindi.

— Mobil ilova elektron saytlardan ham koʻra oson va qulay, odamlar koʻproq telefon ilovalaridan foydalanadi va bu ularga hech qanday qiyinchilik tugʻdirmaydi, — dedi Ozarbayjon adliya vazirligi masʼul xodimi Zaur Hasanov. — Mobil ilova orqali video hamda suratlardan foydalangan holda 100 mingdan ortiq notarial harakat amalga oshirildi, ayniqsa, bu ilova orqali ishonchnoma hamda rozilik arizalari tasdiqlanishi chet ellarda vaqtincha istiqomat qilayotgan vatandoshlarga juda ham qulaylik tugʻdirayotganligini notariat sohasining yutugʻidir. Mobil ilovalarini rivojlantirish orqali notariuslarning xarajatlarini kamaytirish, inson omili kamayishi orqali korrupsiyaning oldi olinganligi muhim qadam boʻldi.

Shuningdek, Oʻzbekiston notarial palatasining konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda notariat uchun uch muhim mavzu — “Meros haqida barcha maʼlumot”, “Dalillarni taʼminlash” hamda “Ijro yozuvi” mavzularida maʼruzalar tinglandi.

— Shiddat bilan oʻzgarishlar ketayotgan davrimizda notarial harakatlar turlari oʻzgarib boradi, rivojlangan davlatlardagi kabi dalillarni taʼminlash, ijro yozuvi kabi yangi notarial harakatlar kirib keladi, bu tabiiy, —  deydi Notarial palata raisi Dilshod Ashurov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?