Masofaviy elektron deklaratsiyalash — ham bojxonachiga ham tadbirkorga qulay yangi tizim

14:41 07 Sentyabr 2022 Jamiyat
350 0

Foto: Xalq so‘zi

Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 17-fevral kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqqa asosan Davlat bojxona qoʻmitasi hududiy boshqarmalarida bosqichma-bosqich bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish jarayoni muloqotsiz masofaviy elektron tizimga oʻtkazilmoqda.

Xususan, joriy yilning 28-aprelidan Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi maʼmuriy binosida “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti faoliyati yoʻlga qoʻyilgan edi. Oʻtgan davr mobaynida ushbu masofaviy bojxona posti orqali bugungi kunga qadar “yashil” yoʻlakda 13089 dona, “sariq” yoʻlakda 15701 dona va “qizil” yoʻlakda 10309 dona bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirildi.

—  “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti faoliyati yoʻlga qoʻyilishi, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlarining samarali faoliyatiga zamin yaratdi, — deydi viloyat bojxona boshqarmasi “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti boshligʻi Gʻolib Mavlonov. — Bu tizim tadbirkorning vaqtini tejaydi, eksport va import operatsiyalarini bir necha daqiqalarda amalga oshirishga imkon yaratadi hamda bojxona sohasini korrupsiyadan holi tizimga aylantirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda ushbu bojxona postida 22 nafar xodim viloyatimiz tadbirkorlik subyektlari tomonidan toʻldirilayotgan bojxona yuk deklaratsiyalarini nazoratdan oʻtkazadi. Bir kunda oʻrtacha 300 donaga yaqin bojxona yuk deklaratsiyasi koʻrib chiqiladi.

Ushbu postni tashkil etishdan maqsad tadbirkorlik subyektlariga olib kirilayotgan yoki olib chiqilayotgan mahsulotlarni tezkor, jahon standartlariga mos tarzda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish sharoitini yaratishdan iborat. Taqdim etilgan hujjatlar toifasiga qarab belgilangan vaqt oraligʻida bojxona yuk deklaratsiyasini masofaviy elektron rasmiylashtirish imkonini bermoqda.

Yana bir eʼtiborli tomoni shundaki, mazkur bojxona posti tomonidan 2022-yilning 28-aprelidan bugungi kunga qadar 923,7 milliard soʻm bojxona toʻlovlari davlat byudjetiga undirildi.

Samarqand shahridagi “Saxari” masʼuliyati cheklangan jamiyati mazkur tizim qulayliklaridan bevosita foydalanib, maʼlum imtiyozlar orqali faoliyat samaradorligiga erishayotgan tadbirkorlik subyektlaridan biri. Korxona 2021-yilda ish boshlagan boʻlib, unga 2021-2022-yillar davomida Eron, Xitoy va Turkiya davlatlaridan qiymati 2 396,67 ming AQSH dollari boʻlgan 445,93 tonna asbob-uskunalar olib kelingan. Ushbu import qilingan tovarlarga nisbatan bojxona toʻlovlaridan 2 milliard 454 million soʻm imtiyoz qoʻllanilgan.

— Korxonamiz muzlatkich ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boʻlib, kuniga 200 dona, yiliga esa 60 ming dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega, — deydi “Saxari” masʼuliyati cheklangan jamiyati boʻlim boshligʻi Xalilullo Muhiddinov. — Hozirda 120 nafardan ziyod kishi mehnat qilayotgan korxonamizda 3 turdagi muzlatkichlar ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar ichki va tashqi bozorga yetkazib berilyapti. Jumladan, Qirgʻiziston, Tojikiston va Qozogʻiston kabi davlatlarga mahsulot eksportini amalga oshiryapmiz. Joriy yil boshidan xorijga 49 ming AQSH dollari qiymatidagi tovarlar eksport qilindi. Bunda bojxona tizimidagi islohotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postini tashkil qilinganligi bojxona yuk deklaratsiyalarini tez va oson rasmiylashtirish imkonini beryapti. Bu bizning vaqtimizni behudaga sarflamay, samarali faoliyat yuritishimizga xizmat qilmoqda.

Yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda xaridorlarning talablaridan kelib chiqib, korxonada yaqin kunlarda ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshirish koʻzda tutilgan. Natijada ishchilar soni 200 kishiga yetkaziladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?