Masofadan amalga oshiriladigan notarial harakatlar doirasini kengaytirish maqsad qilingan — Adliya vaziri

11:41 10 Oktyabr 2023 Jamiyat
219 0

Bugun, 10-oktyabr kuni Samarqandda Xalqaro notarial hamkorlik komissiyasining navbatdagi yigʻilishi koferensiya shaklida boshlandi. Ikki kun davomida 33 ta davlatdan tashrif buyurgan 150 nafarga yaqin soha vakillari, ekspertlar ishtirokida “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishda notariusning oʻrni” hamda “Raqamlashtirish asrida notariatning oʻrni” mavzular muhokama qilinadi.

Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar Toshqulov soʻzga chiqib, oxirgi yillarda mamlakatimizda notariat sohasida amalga oshirilgan islohotlar va kelgusidagi rejalarga toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlangandek, Oʻzbekistonda 2020-yildan xususiy notariuslar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunda 1000 nafardan ortiq xususiy notariuslar faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekiston Notarial palatasi tashkil etildi, uning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilandi. 2022-yilda Oʻzbekiston notariat tizimi Xalqaro notariuslar ittifoqining 91-aʼzosi boʻldi.

Fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida koʻchmas mulk ijara va tekin foydalanish shartnomalarini, mulkdorning yaqin qarindoshlariga beriladigan avtotransport vositasini boshqarish uchun ishonchnomalarni, birlamchi bozordagi garov va ipoteka shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilindi. Bitimlarni tasdiqlashda eksterritoriallik prinsipi joriy etildi.

“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga huquqiy maqom berildi va barcha notarial harakatlar ushbu tizimda roʻyxatga olinmoqda.  Notarial harakat rasmiylashtirish uchun fuqarolardan talab qilinadigan hujjatlar idoralararo elektron hamkorlik orqali notarius tomonidan olinishi yoʻlga qoʻyildi. Fuqarolardan talab etiladigan hujjatlar va maʼlumotlar hajmi 87 foizga qisqartirildi. “E-notarius.uz” rasmiy veb-sayti ishga tushirildi. Ayrim notarial harakatlarni dunyoning istalgan joyidan videokonferensaloqa orqali onlayn ravishda amalga oshirilmoqda.

Xususiy notarial faoliyatni litsenziyalash “Litsenziya” axborot tizimi orqali toʻliq elektron shaklda amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi. Shaffoflikni taʼminlash maqsadida xususiy notariuslarga litsenziya berish boʻyicha imtihonlar onlayn translyatsiya qilinmoqda.

Ayrim turdagi notarial harakatlar uchun davlat boji stavkalari miqdorlari optimallashtirildi, shaffoflashtirildi hamda kamaytirildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston tomonidan notariat sohasida xalqaro aloqalarni oʻrnatish va uni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Bugungi kunda Germaniya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Vyetnam, Mongoliya, Dominika, Benin, Ukraina, Litva, Belarus, Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va boshqa davlatlarning notariat sohasidagi tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.

“Butun dunyo huquqshunoslari oʻzaro tajriba almashish hamda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali yuzaga keladigan muammolarni birgalikda tartibga solish mumkin. Bu esa sohani rivojlanishiga zamonaviy, tushunarli va barcha hurmat qilib, itoat etadigan huquqiy zamin yaratishga xizmat qiladi”, — deya taʼkidladi adliya vaziri.

Xususan, 2024-yildan notarial idoraga kelmasdan, shu jumladan chet eldan turib mol-mulkdan foydalanish bilan bogʻliq bitimlarni (mulk huquqini boshqa shaxsga oʻtkazishdan tashqari) videokonferensaloqa orqali rasmiylashtirish yoʻlga qoʻyish, masofadan amalga oshiriladigan notarial harakatlar doirasini kengaytirish maqsad qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер