Oʻzbekistonda yiliga 50-60 mingta hamyonbop avtomashina va elektromobil ishlab chiqariladi

20:10 13 Yanvar 2021 Siyosat
582 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-yanvar kuni mashinasozlik tarmogʻini transformatsiya qilish va sohada raqobatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Mazkur tarmoq mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi yoʻnalishlaridan boʻlib, sanoatdagi ulushi 11 foizni tashkil qiladi. Shu bilan birga, hisob-kitoblarga koʻra, ushbu sohada ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish imkoniyati bor.

Bugungi kunda bir qator kompaniyalar Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va investitsiyalar olib kirish istagini bildirmoqda.

Shu bois davlatimiz rahbari lokalizatsiya darajasidan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchilar uchun bir xil sharoitlar joriy etish boʻyicha koʻrsatma berdi. Bunda, avtomobillarni sanoat usulida yigʻish, yiliga 50-60 mingta hamyonbop avtomashina va elektromobillar ishlab chiqarishga investitsiya kiritish zarurligi taʼkidlandi.

Joriy yilda Xorazmda kuzov detallarini tayyorlash korxonasi, Andijonda 4 ta, Navoiy viloyatida 2 ta mahalliylashtirish loyihalari ishga tushiriladi. Kooperatsiya platformasi doirasida 122 ta xususiy korxona ishtirokida yana 80 ta detal ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi.

Mamlakatimizda barcha davlat korxonalarini isloh qilish dasturi amalga oshirilmoqda. Yigʻilishda shu masalaga eʼtibor qaratilib, xorijiy mutaxassislar ishtirokida “Oʻzavtosanoat” faoliyatini transformatsiya qilish ofisini tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi. Ushbu jarayonlarda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi yetakchi boʻlib, ishlarni muvofiqlashtiradi.

1-iyulga qadar tarmoq tarkibidagi 40 ta korxonani transformatsiya qilish boshlanadi. Tarmoqda raqobat muhitini rivojlantirish uchun kompaniya tarkibidagi ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan 23 ta korxonani xususiylashtirishga tayyorlash lozimligi qayd etildi. “Oʻzavtosanoat”ning asosiy faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan 14 ta tashkilotdagi ulushlarini sotuvga chiqarish vazifasi yuklatildi.

Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi mashinasozligini isloh qilish masalasi ham atroflicha muhokama etildi. Tarmoqda iqtisodiy samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha vazifalar belgindi.

Mutasaddilarga korxonalarning boʻsh yer maydonlarini optimallashtirish, texnikalar tannarxini 30 foizgacha tushirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Hamyonbop texnikalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, shu yil yakunigacha ularning lokalizatsiyasini 30 foizga, kelgusi yilda esa kamida 45 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?