“Mashʼal” bosh murabbiyining koʻkragiga musht tushirgan “Metallurg” boshligʻi futboldan 1 yilga chetlatildi

19:24 03 Sentyabr 2021 Sport
1435 0

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda bir qator futbolchi hamda rasmiylarga nisbatan tartib-intizom choralari belgilandi.Bu haqda OʻFA matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, Coca-Cola Superliga 16-turi doirasidagi “Paxtakor” – AGMK uchrashuvida AGMK futbolchisi Abbosjon Otaxonov bahsning 82-daqiqasida toʻp uchun kurash boʻlmagan vaziyatda tirsagi bilan raqib oʻyinchisining yuziga zarba berib, oʻyin qoidasini qoʻpol ravishda buzgani uchun 3 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilindi va unga nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

Coca-Cola Superliga 16-turi doirasidagi “Metallurg” – “Mashʼal” uchrashuvi yakunidan soʻng “Metallurg” jamoasi rasmiy vakili Shavkat Saidov oʻzini noprofessional tutgan holda, agressivlik bilan “Mashʼal” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakovning koʻkrak qismiga musht bilan zarba berdi. Mazkur xunuk holat keng jamoatchilikning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻldi. Ushbu xatti-harakati uchun Shavkat Saidovga 1 (bir) yil muddatga har qanday futbol faoliyati bilan shugʻullanishdan chetlashtirish intizom chorasi qoʻllanildi. Shuningdek, klubdan ushbu rasmiy shaxsga 2021-yilgi mavsum uchun OʻzPFL tomonidan taqdim qilingan litsenziyani 3 kun muddat ichida topshirish talab etiladi.

Mazkur qaror eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Shuningdek, Coca-Cola Superliga 16-turi doirasidagi “Metallurg” – “Mashʼal” uchrashuvi yakunidan soʻng “Metallurg” futbol klubi aʼzolari stadionda ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarib, hakamlar shaʼniga haqoratli soʻzlar ishlatishdi. “Metallurg” futbol klubi uchrashuvda tartib-intizomni taʼminlamagani, maydon va uning atrofida vujudga kelgan tartibsizliklarning oldi olinmagani uchun jazolanadi va klubga nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllaniladi.

U-18 chempionati 13-turi doirasidagi “Aral Samali U-18” – “Navbahor U-18” uchrashuvi 45+2-daqiqasida “Aral Samali U-18” jamoasi futbolchisi Baxit Perdebayev va “Navbahor U-18” jamoasi oʻyinchisi Sarvar Bahodirov nojoʻya soʻzlar ishlatish orqali bir-birini haqorat qildi va keyinroq tajovuzkor xatti-harakatlar amalga oshirildi. Shu sababli Sarvar Bahodirov hamda Baxit Perdebayevga nisbatan 2 ta oʻyinga chetlashtirish intizom chorasi qoʻllanildi.

Shuningdek, “Aral Samali U-18” – “Navbahor U-18” uchrashuvining 71-daqiqasida “Aral Samali U-18” futbolchisi Zulpuxar Quvanshibayev raqib oʻyinchisiga qasddan jaroxat yetkazish maqsadida raqib oyogʻiga zarba bergani uchun 3 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?