Markaziy Osiyo yoshlarini birlashtirgan anjuman

15:43 20 May 2022 Jamiyat
489 0

Foto: Халқ сўзи

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi ASTRUM IT akademiyasi mezbonlik qilgan Markaziy Osiyo davlatlari yoshlar forumi mintaqa hayotida muhim tadbirlardan biri boʻlishi taʼkidlanmoqda. Ushbu xalqaro anjuman gʻoyasi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan edi. Shu asosda Oʻzbekiston hukumatining tegishli yoʻriqnomalari ham ishlab chiqildi. Bugun boshlangan forum Markaziy Osiyo davlatlaridan tashrif buyurgan iqtidorli yoshlar vakillarini bir safga jamladi.

Forum oʻsib kelayotgan yosh avlodning porloq kelajagi yoʻlida rejalashtirilgan ijtimoiy loyiha va dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, mintaqadagi intellektual salohiyatga ega yoshlarni ezgulik yoʻlida birlashtirish, ilm-fanni jadal rivojlantirish, axborot texnologiyalari yutuqlaridan munosib foydalanish borasida juda katta ahamiyatga ega. Qolaversa, Markaziy Osiyo davlatlari yoshlari oʻrtasida oʻzaro ishonch va doʻstona munosabatlarni shakllantirish, tashabbuskor yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ular ilgari surayotgan ijtimoiy loyihalarni samarali amalga oshirishda ham bu tadbir muhim qadam boʻldi.

— Ushbu forumga Markaziy Osiyo mintaqasidagi yoshlar siyosatiga masʼul davlat organlari va jamoat tashkilotlari rahbarlari, xalqaro va respublika fan olimpiadalari gʻoliblari, xalqaro darajadagi yosh shaxmatchilar, grossmeysterlar, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasining yetuk bilimdonlari tashrif buyurdi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Xalqaro aloqalarni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Islom Oxunov. — Anjuman ishtirokchilari mintaqa davlatlarida yoshlar siyosati borasida Oʻzbekiston tajribasidan unumli foydalanish lozimligini taʼkidlashdi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari, atrof-muhit muhofazasi, sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish borasida yurtimizda olib borilayotgan tizimli ishlar alohida eʼtirof etildi.

— Forumda mintaqa yoshlarining iqtidor va salohiyati toʻla-toʻkis namoyon boʻlmoqda. IT texnologiyalarini puxta oʻzlashtirish, jamiyatda undan unumli foydalanish borasidagi joʻyali gʻoya va takliflar ishlab chiqildi. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlovchi tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada izchil yoʻlga qoʻyish, mintaqa yoshlarining axborot texnologiyalari borasidagi tajribalarini oʻrganish, yoshlar oʻrtasida tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasidagi loyihalar menda juda katta taassurot qoldirdi. Bizda ham yoshlarni xususiy tadbirkorlikka jalb etish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Bizning oilaviy korxonamiz negizida tashkil etilgan tadbirkorligimiz avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan. Bu yerda olgan maʼlumotlarim, oʻrgangan tajribalarim oilaviy biznesimizni rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi, — deydi Turkmanistonning Lebap viloyati Kerki tumanidan tashrif buyurgan Zubayda Xoʻjamova.

— Tadbirda qirgʻizistonlik talaba-yoshlarning “Yashil iqtisodiyot” jamoatchilik birlashmasi nomidan ishtirok etmoqdaman. Mintaqada ekologik muammolar vujudga kelib, iqtisodiy boʻhronlar xavfi tugʻilayotgan bir paytda bunday tadbirlarning oʻtkazilishi gʻoyatda muhim, — deydi qirgʻizistonlik yoshlar vakili Sevotaslav Lyuxin. — Bu yerdagi doʻstlashuvlar, ilgari surilgan ijtimoiy loyihalar, sohalar yoʻnalishidagi tajribalar yaqin kelajakda mintaqa hayotida muhim burilish boʻlishiga aminman. Ayniqsa, atrof-muhit muhofazasi, tabiat neʼmatlarini kelajak avlodga ziyon-zahmatsiz yetkazish masalasi hech kimni befarq qoldirmadi. Bu borada butun Markaziy Osiyo davlatlarida ilm-fan asosidagi yangi yutuqlar ommalashishiga aminman. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining dastlabki natijalari bizni mamnun etdi. Iqlim muvozanati oʻzgarib, daryo va koʻllarimizdagi suv zaxiralari kamayib borayotgan, qishloq xoʻjalik ekin maydonlarini sugʻorish jarayonlarida tanqislik yaqqol sezilayotgan bugungi kunda bunday tashabbus va tajriba nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa davlatlari uchun ham katta ahamiyatga ega. Yuzaga keladigan tabiiy ofatlar, qurgʻoqchiliklar, iqlimdagi keskin oʻzgarishlar “Yashil makon” kabi loyihalarning muvaffaqiyatli kelajagi bilan bartaraf etilishi mumkin.

Xalqaro forumning birinchi ish kuni qizgʻin bahs-munozaralar, tajriba va tashabbuslarga boy boʻldi. Ikki tomonlama uchrashuvlar va memorandum imzolash marosimlari boʻlib oʻtdi. ASTRUM IT akademiyasida “Markaziy Osiyo yoshlar bogʻi”ning tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.

Maʼlumot uchun. Joriy yilning 21-23-may kunlari Andijon viloyatida Oʻzbekiston-Qirgʻiziston yoshlar forumi, Fargʻona viloyatida esa Oʻzbekiston-Tojikiston yoshlar forumini oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?