Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining 21-Vazirlar konferensiyasi boʻlib oʻtdi

18:52 24 Noyabr 2022 Siyosat
368 0

Foto: Illustrativ foto

Shu yilning 24-noyabr kuni videokonferensiya tarzida Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (MOMIH) dasturining 21-Vazirlar konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Konferensiyani Xitoy moliya vaziri Lyu Kun va Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti Masatsugu Asakava qutlov soʻzlari bilan ochib berdi.

Konferensiyada Ozarbayjon Respublikasi, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, XXR, Moʻgʻuliston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston delegatsiyalari ishtirok etdi.

Dasturiy hujjatlar muhokamasida, shuningdek, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi yuqori darajadagi delegatlar qatnashdi.

Oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda oʻsishning yangi nuqtalari va mintaqaviy rivojlanish drayverlaridan foydalanishga asoslangan mintaqada iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish dolzarbligi qayd etildi.

Konferensiya davomida «MOMIHning 2023-2025-yillarga moʻljallangan pandemiyadan keyingi yashil, barqaror va inklyuziv tiklanish Rejasi», «MOMIH mintaqasida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq – ovqat xavfsizligi boʻyicha hamkorlikning hadli dasturi», “Yashil energiya Alyansi”ning konsepsiyasi va “Iqlim oʻzgarishi boʻyicha loyihaoldi tadqiqot oʻtkazish doirasida mintaqaviy hamkorlik va integratsiya” masalalari kelishildi.

Spikerlar MOMIH iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikka erishish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, infratuzilmaviy, transport va iqtisodiy oʻzaro bogʻliqlikni kengaytirish boʻyicha umumiy yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish platformasi sifatida yuqori salohiyatga ega ekanligi toʻgʻrisida yakdil fikrlar bildirdilar.

Maʼlumot uchun: 2022-yilning yanvar-oktyabr oylarida Oʻzbekiston Respublikasi eksportining qariyb 36 foizi MOMIH dasturida ishtirok etuvchi davlatlar bozorlariga toʻgʻri keldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?