Markaziy Osiyo davlatlari va Afgʻoniston tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlari yigʻilishi

19:22 14 Dekabr 2019 Siyosat
658 0

Toshkentda 14-dekabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari va Afgʻoniston tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlarining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan uchrashuv BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazi tomonidan tashkil etildi.

Unda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston hamda Afgʻoniston tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlari qatnashdi.

Tadbirda, shuningdek, BMT tuzilmalari – Bosh kotibning maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markaz rahbari Natalya German, Yevropa va Markaziy Osiyo boʻlimi boshligʻi Levent Bilman, taraqqiyot masalalari boʻyicha maxsus vakil oʻrinbosari Tobi Lanser ishtirok etdi.

Uchrashuvda zoʻravon ekstremizm, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga qarshi kurash hamda iqtisodiy va ekologik muammolar bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi. Joriy va kelgusida kutilayotgan mintaqa, transchegaraviy tashabbuslar haqida fikr almashildi.

Markaziy Osiyo davlatlarining oʻzaro va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazi oʻrtasida hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Mazkur formatdagi uchrashuv tarixida ilk bor ishtirokchi davlatlar hukumatlari vakillarining mamlakatlar yoshlari bilan mintaqaviy muloqoti uyushtirildi.

Joriy yilda Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markaz tomonidan “Preventiv diplomatiya akademiyasi”ni ishga tushirish tashabbusi ilgari surilgan edi. Markaziy Osiyo va Afgʻoniston yoshlari oʻrtasida muloqotni mustahkamlashni maqsad qilgan loyiha, ayniqsa, chegara tumanlaridagi yoshlarda preventiv diplomatiya madaniyatini shakllantirishga qaratilgan. Unda yoshlar hukumat miqyosida qaror qabul qiluvchi shaxslar bilan Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi omillarni hal etish boʻyicha fikr almashish imkoniga ega boʻladi.

Tadbir ishtirokchilari BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazining Markaziy Osiyoda mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Muloqot va preventiv diplomatiya boʻyicha tashabbuslar orqali mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishning muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
OʻzA
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?