Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining muloqoti boʻlib oʻtdi

11:33 24 Dekabr 2020 Siyosat
496 0

Kecha Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining muloqotini tashkil etish boʻyicha videokonferensaloqa shaklida ilk uchrashuv oʻtkazildi.

Tadbirda Markaziy Osiyoning beshta mamlakati vakillari, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi hamda BMTTDning Yevropa va MDH mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy byurosi rahbarlari qatnashdi.

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.

Uchrashuvda Markaziy Osiyoda davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda xotin-qizlarning oʻrni, ularning davlat va jamoat ishlaridagi ishtiroki, oʻzgarishlarni roʻyobga chiqarish va islohotlarni amalga oshirishga koʻmaklashish, shu jumladan, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.

Ishtirokchilar Oʻzbekiston Prezidenti rahbarligida ushbu sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan toʻliq xabardor qilindi.

Mamlakatda gender tenglikni taʼminlash Oʻzbekiston siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi qayd etildi.

Parlament yuqori palatasi Raisi T.Narbayeva xotin-qizlar eng masʼuliyatli lavozimlarga tayinlanayotgani davlatimiz rahbarining ularga boʻlgan katta ishonchi va hurmatidan dalolat berishini taʼkidladi.

Katta tajribaga va muhim natijalarga ega mamlakat sifatida Oʻzbekistonda xotin-qizlarni uy-joy va ish bilan taʼminlash, jamiyatda ularning rolini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, umuman, mazkur yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar Markaziy Osiyoda ijobiy baholanmoqda.

Tadbir davomida tomonlar taʼkidlaganidek, “Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari bilan muloqot” norasmiy mexanizmining faoliyati mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni saqlash, mamlakatlar oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlash, barqaror rivojlanish erishish, davlat va jamiyat boshqaruvi, tadbirkorlik tizimida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishga, qolaversa, xotin-qizlar, yoshlar va bolalarning huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan loyihalar va dasturlarni amalga oshirishni jadallashtirish hamda gender tenglikni taʼminlashga koʻmaklashadi.

BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari N. German qayd etganidek, markaz muhokamalar uchun platforma yaratishda, keyingi ishlarda, shu jumladan, mintaqaviy va global hamkorlik aloqalarini kengaytirishda, tajriba almashishda yordam berishga tayyor.

Mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning rolini oshirish boʻyicha samarali ishlar tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi. Shu munosabat bilan, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbarining taklifiga binoan 2021-yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilish Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayevaga topshirildi.

Uchrashuv davomida tomonlar ishning birinchi yilidagi hamkorlik sohalari va norasmiy tuzilmaning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflarni ham koʻrib chiqdi.

Markaziy Osiyo yetakchi ayollarining norasmiy muloqoti faoliyatini taʼminlash boʻyicha kompleks tashkiliy masalalarni hal qilish va mazmunli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Asosiy maqsad — oʻzaro tajriba almashish, ijobiy ish tajribasini oʻzlashtirish va ularni oʻz mamlakatlarida qoʻllashdir.

Mintaqa davlatlari oʻrtasida hamkorlikning mazkur yangi formati mamlakatlarimizda xotin-qizlar rolini kuchaytirishga qaratilgan qarorlarni birgalikda ishlab chiqishda samarali mexanizm boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?