Markaziy harbiy klinik gospitalida 400 ga yaqin jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi

18:51 17 Noyabr 2022 Jamiyat
274 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Mudofaa vazirligi harbiy tibbiyot mutaxassislari tomonidan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari hamda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda mudofaa vazirining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi — matbuot kotibi polkovnik Otabek Yuldashev, Mudofaa vazirligi Tibbiy taʼminot boshqarmasi boshligʻi, tibbiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori tibbiy xizmat polkovnigi Bahodir Abdulaxatov, Mudofaa vazirligi Tibbiy taʼminot boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari tibbiy xizmat polkovnigi Abdugʻani Yuldashev, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali bosh otolaringologi tibbiy xizmat polkovnigi Shuhrat Qoʻchqorov spiker sifatida mavzu yuzasidan olib borilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar haqida tegishli maʼlumotlar berdi.

Shuningdek, respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillarining tibbiy xizmat koʻrsatishni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqidagi savollariga javob berdilar.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish va Qurolli Kuchlarimiz jangovar shayligini yanada oshirish maqsadida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi masalalari bilan bogʻliq koʻplab masalalar huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilgan hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini yanada yaxshilash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada taʼkidlash lozimki, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari, faxriylarimiz hamda aholining sogʻligʻini saqlash va mustahkamlash, qoʻshinlar tibbiy taʼminotini oʻz vaqtida va sifatli tashkillashtirish milliy armiyamizning jangovar salohiyatini oshirishda muhim omil hisoblanadi.

Ana shu maqsadda Mudofaa vazirligida malakali harbiy shifokorlarni tayyorlash, ularning mahorati va tajribasini oshirish borasida keng miqyosli ishlar olib borilmoqda. Jumladan:

— Markaziy harbiy klinik gospitali hududida zamonaviy davolash-diagnostika binosining qurilishi yakunlanib, yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy apparatlar bilan taʼminlandi va 1-avgustdan boshlab toʻliq faoliyatini boshladi;

— Nukus harbiy gospitalida davolash-diagnostika binosi rekonstruksiya qilindi va zamonaviy tibbiy apparatlar bilan jihozlandi hamda foydalanishga topshirildi;

— Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi va ambulator-poliklinika markazi binolarini qurish ishlari hamda Termiz va Fargʻona harbiy gospitallarida qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlari davom etmoqda. Oʻndan ortiq harbiy qismlar tibbiyot punktlari yangidan barpo etildi;

— harbiy-tibbiy muassasalarga 98 turdagi zamonaviy tibbiyot uskunalari sotib olindi.

Harbiy gospitallar faoliyatiga yuqori texnologiyalarni tatbiq etish natijasida 7-may kuni Markaziy harbiy klinik gospitalida ilk bor akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya tibbiyot markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda “buyrakni koʻchirib oʻtkazish amaliyoti” muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Shuningdek, gospital mutaxassislari tomonidan 2 nafar bemorda ishlab turgan yurakda aorta-koronar shuntlash yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti oʻtkazilib, ularning hayotini uzaytirishga erishildi.

Tibbiy kadrlarning malakasi va amaliy koʻnikmalarini oshirish boʻyicha joriy yilda 237 nafar tibbiyot xodimi respublikamiz va xorijdagi (AQSH, Rossiya, Germaniya, Koreya kabi) tibbiyot markazlari va akademiyalarida tahsil oldi. Bugungi kunda 4 nafar harbiy shifokor AQSHda malaka oshirmoqda.

Joriy yilning avgust oyida Markaziy harbiy klinik gospitalida 10 nafar turkiyalik, 2 nafar janubiy koreyalik, oktyabr oyida 3 nafar rossiyalik,
2 nafar hindistonlik, noyabr oyida 3 nafar germaniyalik va 3 nafar hindistonlik tibbiyot mutaxassislari bilan hamkorlikda 400 ga yaqin, shu jumladan, yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер