Marhamatdagi 53 ta xonadonda «Lotto» yetishtirilmoqda

09:03 11 Iyun 2021 Jamiyat
130 0

Marhamat tumanida aholi daromadini oshirish maqsadida olib borilayotgan ishlar oʻz samarasini bera boshladi. Jumladan, “Mirishkor” mahallasida 53 ta xonadonga subsidiya asosida bir sotixli issiqxona qurib berilgan edi. Ularda Gollandiyaning «Lotto» navli bulgʻor qalampiri yetishtirilmoqda. Dehqonchilikning hadisini olgan aholi ekinni tomchilatib sugʻorish orqali hosildorlikni oshirishga erishmoqda. Qolaversa, koʻchat yoniga bodring, loviya va makkajoʻxori ekib, qoʻshimcha daromad topishmoqda. Xuddi shunday imkoniyatdan unumli foydalangan “Toʻlgʻa” koʻchasida ham 38 ta xonadonda ana shunday issiqxonalar barpo etildi.

— Ishning koʻzini bilgan odam uchun bu katta maydon, — deydi uy sohibi Abdumutalib Aysarov. — Shaxsan men bulgʻor qalampirining oʻzidan 5-6 million soʻm daromad olmoqchiman. Undan boʻshagan maydon ham bekor turmaydi. Koʻkat ekib, qishda ham daromad topsa boʻladi. Umuman olganda, bir mavsumda 8-10 million soʻmgacha daromadni koʻzlab turibman.

Aholi tomorqasida yetishtirilgan hosilni sotishda muammo yoʻq. Boisi, tuman markazidagi “Dehqon bozorida” “Daladan dasturxongacha” savdo yarmarkasi ochilgan boʻlib, bu yerda aholi tomorqasida yetishtirilgan hosil sotilyapti.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?