Margʻilonda “Sanʼatkorlar xiyoboni” bunyod etildi

14:23 12 May 2025 Jamiyat
164 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Xotira va Qadrlash kuni arafasida Margʻilon shahridagi “Ijodkorlar bogʻi”da barpo etilgan “Sanʼatkorlar xiyoboni” tantanali ravishda ochildi.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat faollari, ijodkorlar, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari hamda yosh avlod vakillari ishtirok etdi.

Margʻilon azaldan sanʼat va madaniyatning boy oʻchogʻi hisoblanadi. Bugungi kunda shaharda keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Yangi Oʻzbekiston” massivida Burhoniddin Margʻinoniy nomidagi xalqaro ilmiy-amaliy majmua, turizm markazi, “Otabek va Kumush uyi” kabi loyihalar roʻyobga chiqmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ijodkorlar bogʻi”da barpo etilgan “Sanʼatkorlar xiyoboni” esa oʻzbek sanʼati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ ijodkorlarga boʻlgan yuksak hurmat va ehtiromning yorqin ifodasidir.

Shodiyona tadbirida milliy sanʼatimiz fidoiylari Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilov, Muhiddin Qoriyoqubov, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turgʻunboyeva, Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov, Nabi Rahimov, Hamza Umarov, Murodjon Ahmedov, Tavakkal Qodirov, Berta Davidova, Gavhar Rahimova kabi sanʼat arboblarining nomi ardoqlandi.

— Xalqimiz ardogʻidagi bu ustozlar hayoti va ijodi mangulikka daxldor, — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli soʻz ustasi Hotamjon Hakimjonov. — Bugun ularning minnatdor ruhi shod boʻldi. Ishonamizki, bu qutlugʻ maskan kelgusida sanʼat va madaniyatimiz ixlosmandlari, umuman olganda, xalqimizning sevimli goʻshasiga aylanadi.

Tadbir doirasida ramziy tasma kesildi. Mehmonlar yangi xiyobon va unda oʻrnatilgan sanʼatkorlar byustlari bilan tanishdi. Shu bilan birga, sanʼat ustalari hayoti va ijodi haqida maʼlumotlar berildi, yosh ijodkorlar tomonidan teatrlashtirilgan badiiy chiqishlar namoyish etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?