Maqsadlar mushtarakligini ta’minlash – asosiy vazifa

18:06 27 Aprel 2023 Jamiyat
662 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Shu yilning 27 aprel kuni Toshkent shahrida “Markaziy Osiyoda yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish: muammolar va yechimlar” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi.

BMTning Taraqqiyot dasturi (UNDP), Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati (GIZ) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Markaziy Osiyo, Germaniya, Turkiya, Rossiya, Koreya Respublikasi kabi davlatlardan soha ekspertlari, olimlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi yerlari unumdorligini saqlash va oshirish, degradatsiyaga qarshi kurashish, eroziya, sho‘rlanish va cho‘llanish jarayonlarining oldini olish global miqyosdagi ulkan muammoga aylanib bormoqda. Ayni paytda yer sayyorasining 29 foizini quruqlik tashkil etsa, uning atigi 11 foizida insoniyat uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining 90 foizi yetishtiriladi. Hozirda dunyo bo‘yicha 2 milliard gektarga yaqin maydonlar turli darajada degradasiyaga duchor bo‘lgan.

Yuzma-yuz muloqotda ushbu muammolar ko‘lamini kamaytirish, degradatsiya oqibatlarini yumshatish, tuproq unumdorligini yaxshilash borasida keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar alohida e’tirof etildi.

Xususan, ushbu yo‘nalishda davlatimiz rahbarining 2022 yil 10 iyun kungi “Yerlar degradasiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasurilamal bo‘lmoqda. Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha departament tashkil etildi. Departament zimmasiga davlat dasturlari va istiqbolga mo‘ljallangan strategiyalarni ishlab chiqish hamda ijrosini ta’minlashda vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklatildi.

Bu borada 2026 yilga qadar mamlakatimizda 1 million gektar ekin yer maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish, sho‘rlangan yerlar miqdorini 100 ming gektarga kamaytirish, 1,7 million gektar degradasiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash hamda 26 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarida ixotazorlar barpo qilish borasida izchil sa’y-harakatlar olib borilyapti.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish, sohaga yangi va zamonaviy innovasion texnologiyalarni keng joriy etish, tabiiy resurslardan ilmiy asoslangan holda oqilona va samarali foydalanish maqsadida xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda umumiy qiymati 50 million dollarga yaqin 15 ta loyiha amalga oshirilyapti. Degradatsiyaga uchragan 232,8 ming gektar yerda o‘rmon barpo etish ishlari bajarildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqaro tashkilotlar ko‘magida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonida saksovul, cherkez, kandim singari sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat “yashil qoplamalar” barpo etilmoqda.

Ilk bor o‘tkazilgan xalqaro forum mintaqaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, global iqlim o‘zgarishlari salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir,-deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov. – Shu tariqa ona zamin ne’matlarini muhofaza qilish, bu borada maqsadlar mushtarakligini ta’minlash masalasiga jahon hamjamiyati tomonidan jiddiy e’tibor qaratilishiga erishiladi.     

Forum doirasida milliy parlamentimiz vakillari, ilmiy-amaliy markazlar rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, shu bilan birga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Belarus, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ekspertlarining ma’ruzalari tinglandi. Ilmiy yangiliklar va ilg‘or tajribalar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi. Shuningdek, mavzu yuzasidan qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi.

Botir MADIYOROV “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?