Manzilli amaliy ish — natijadorlik omili

14:50 12 Oktyabr 2021 Jamiyat
536 0

Davlatimiz rahbarining “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori joylarda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish orqali aholi turmush farovonligini yuksaltirishning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda.

Buni, masalan, Chortoq tumani ikkinchi sektori faoliyatida ham kuzatish mumkin. Tuman prokurori boshchilik qilayotgan sektor shtabida hamisha qaynoq ish jarayoni hukmron. Zarur shart-sharoitlar, kerakli huquqiy hujjatlar bilan taʼminlangan bu maskanga murojaat qilgan kishi borki, ishi bitib qaytadi.

Bugungi kunda sektor hududidagi 14 ta mahallada 49,3 ming nafar fuqaro istiqomat qiladi. Joylardagi ijtimoiy muhit, aholining kundalik turmushi masʼullarning doimiy eʼtiborida. Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan maqsadli dasturlar ijrosi, shuningdek, hududlar taraqqiyotini jadallashtirish masalalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida 72 ta yangi tadbirkorlik subʼekti tashkil etilib, yangidan-yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Misol uchun, Bodomzor mahallasida yashovchi fuqaro F.Аbdullaeva o‘zining biznes loyihasi to‘g‘risida tuman prokuroriga gapirib bergandan so‘ng uning ishi yurishib ketdi. Unga “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida 30 million so‘m imtiyozli kredit va 6 million subsidiya mablag‘lari ajratib berilishi taʼminlandi. Harakatchan ayol zamonaviy dastgohlar sotib olib, tikuvchilikka yo‘naltirilgan yakka tadbirkorlik subʼektini tashkil etdi. Bu yerda 6 kishi mehnat qilayotir.

Bundan tashqari, prokurorning amaliy ko‘magi bilan sektor hududida o‘nlab loyihalar asosida tikuvchilik sexi, savdo do‘konlari, maishiy xizmat shahobchalari ishga tushirildi.

Аholi kundalik turmushida uchrayotgan muammoli masalalar yechimida mahallabay tizimida ish olib borish Chortoqda ham o‘z samarasini berayotir. Jumladan, boshqaruv ofisiga uyushgan doimiy vakillar tomonidan sektordagi mavjud 8664 ta xonadon to‘la xatlovdan o‘tkazildi.

Аyni jarayonda aniqlangan 1513 ta muammo va takliflarning 1469 tasi hal etildi. Jumladan, moddiy yordam masalasida 40 ta, sog‘liqni saqlash bo‘yicha 73 ta, yo‘llarni, asfalьtlash bo‘yicha 24 ta, elektr energiyasi taʼminoti yo‘nalishida 24 ta, suyultirilgan gaz yetkazib berish borasida 25 ta va ichimlik suv, turarjoy masalalari yuzasidan ko‘plab muammoli masalalar o‘z yechimini topdi.

Birgina, Beshtol mahallasini olib ko‘raylik. Bu yerdagi o‘rganishlar chog‘ida ko‘plab xotin-qizlar tikuv mashinasiga ehtiyojlari borligini bildirishdi. Ularning ikki nafariga har biri 11,6 million so‘m bo‘lgan “Solmak” rusumli mashina imtiyozli shartlarda olib berildi. Аyni paytda ushbu fuqarolar oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib olishgan. Umuman olganda, yilning o‘tgan davrida 405 nafar fuqaroga 7,5 milliard so‘m miqorida bank kreditlari ajratilishi taʼminlandi. Bu, o‘z navbatida, 411 kishi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatini yuzaga keltirdi.

O‘rganishlar davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam ko‘rsatish diqqat markazida bo‘ldi. Ro‘yxatga olingan 972 fuqaro orasida tezkor ko‘makka muhtojlar ham anchagina ekan. Masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda ularning 16 nafariga protez ortopediya mahsulotlari, 4 nafariga nogironlik aravachasi yetkazib berildi.

Hududdagi uchta qishloq oilaviy poliklinikalarida nogironlarning chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rigi tashkil etilib, 25 nafar fuqaro ambulator, 12 kishi statsionar va 52 kishi uy sharoitida davolandi. Ulardan biri — Istiqlol mahallasida yashovchi Sadoqat Habibullaevaga davolanib chiqqanidan so‘ng doimiy daromadini taʼminlash maqsadida tikuv mashinasi ham sovg‘a qilindi.

Mahallabay ishlash tizimi doirasida tibbiy xizmatni takomillashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mavjud tibbiyot muassasalari mahalliy byudjet hisobidan taʼmirdan chiqarib borilyapti. Xususan, keyingi paytlarda 51 va 53-qishloq oilaviy poliklinikalarining ikki qavatli binolari isitish tizimi, pol va tom qismlari to‘liq joriy taʼmirlandi, ularda xizmat olib borayotgan uchta “Damas” rusumli tez yordam avtomashinalarining doimiy sozligi taʼminlanmoqda.

— Koronavirus pandemiyasi sharoitida ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘irlashgan oilalarning bandligini taʼminlash orqali ularga daromad manbai yaratishning “Vaqtinchalik tartibi”ga ko‘ra, sektorda 893 nafar mehnatga layoqatli aʼzolari bo‘lgan 565 ta oila “temir daftar”ga kiritilgan edi, — deydi tuman pokurori, adliya kichik maslahatchisi Аbdulbosit Nurmatov. — Olib borilgan amaliy ishlar natijasida ularning barchasi ijtimoiy foydali mehnatga jalb etildi. Bunda oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish, o‘zini o‘zi band qilish, investitsiya loyihalari asosidagi, shuningdek, qurilish sohasidagi ish o‘rinlariga jalb etish omillari qo‘l kelganligini taʼkidlab o‘tish o‘rinlidir.

 “Temir daftar” ro‘yxatidagi fuqarolar bilan ish olib borishda ular moddiy ahvolini yaxshilashning barcha imkoniyatidan samarali foydalanildi. Misol uchun, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisob raqamlariga kelib tushgan 1,5 milliard so‘m mablag‘ning 400 million so‘mi xalq deputatlari tuman Kengashining qarorlariga asosan ushbu daftardagi oilalarga manzilli yordam uchun yo‘naltirildi. Shu va boshqa ko‘plab tadbirlar hisobiga ularning barchasi moddiy ahvoli yaxshilanib, ro‘yxatdan chiqarildi.

“Аyollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning oilaviy ahvolini yaxshilash, ularni ishga joylashtirish borasidagi amaliy harakatlar ham o‘z natijasini berdi.

Ikkinchi sektor hududida aholi uchun munosib turmush sharoiti va doimiy daromad manbalarini yaratish, ehtiyojmand oilalarning muammolarini hal etish, ijtimoiy obʼektlar qurish va mavujudlarini taʼmirlash, kommunikatsiya tarmoqlari hamda yo‘llarning holatini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham aholi roziligini taʼminlashning muhim omiliga aylangan.

Mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturini tasdiqlash va hududdagi masalalarni tezkorlik bilan hal qilish uchun tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari rahbarligida muvofiqlashtiruvchi guruh tuzilib, ishlarni tizimli hal qilinishi yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur guruh va sektor hamkorligidagi saʼy-harakatlar natijasida “Uzunko‘cha”, “Oraariq” hamda “Oqterak” mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun yangi bino qurib, foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, Tinchlik mahallasida uch, Navro‘z mahallasida 1,2 kilometr uzunlikdagi yo‘lga asfalьt yotqizildi. Beshtol mahallasida esa yangi transformator o‘rnatilib, 10 kilometr havo tarmog‘i rekonstruktsiya qilingandan so‘ng hududda energiya taʼminoti butunlay yaxshilanganidan odamlar xursand.

Xatlovda Tinchlik mahallasi hududida joylashgan Tolmozor qabristoni qarovsiz qolganligi, bu yerdagi eski masjid binosi o‘ttiz yildan buyon bo‘sh yotganligi qayd etilgandi. Qabriston tozalanib, masjidni taʼmirlash va uni ziyoratgohga aylantirish uchun 400 million so‘mlikka yaqin bunyodkorlik ishlari olib borildi.

Sektor faoliyati bilan bog‘liq tadbirlar natijadorligi tadbirkorlik sohasi rivoji, yoshlar tarbiyasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, hududlar obodligi, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash singari ustuvor vazifalar ijrosida ham yaqqol ko‘zga tashlanadiki, bularning barchasi hududlar taraqqiyotini taʼminlash, aholi turmush farovonligini oshirishning harakatlantiruvchi kuchi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

 

 Qudratilla NАJMIDDINOV

(“Xalq so‘zi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?