Manfaatlar toʻqnashuviga oid talablarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda — Qonun loyihasi

14:05 16 Iyun 2022 Jamiyat
376 0

“Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun kiritildi. Loyihada manfaatlar toʻqnashuvi tushunchasiga aniqlik kiritilmoqda.

Unga koʻra, manfaatlar toʻqnashuvi davlat tashkiloti xodimining, uning yaqin qarindoshlarining va unga aloqador shaxslarning shaxsiy manfaatlari bilan fuqarolarning, tashkilotning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan va kelayotgan yoxud yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyat, deya taʼrif berilmoqda.

Davlat tashkiloti xodimlari manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha koʻrilgan choralar ustidan yuqori turuvchi davlat tashkilotiga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda;

Davlat tashkiloti xodimlari mavjud manfaatlar toʻqnashuvida oʻzining ish yurituvidagi hujjatlar boʻyicha qaror qabul qilinishidan oldin bevosita rahbariga yoki maxsus boʻlinmaga xabar berishi, bundan tashqari, davlat tashkilotining boshqa xodimlari boʻyicha oʻziga maʼlum boʻlgan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar berishi majburiy etib belgilanmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilanmoqda va Agentlikka quyidagi vakolatlar berilmoqda:

— davlat tashkilotlarining manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

— manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha davlat tashkilotining faoliyatini oʻrganish;

— manfaatlar toʻqnashuvi holatlari toʻgʻrisidagi xabarnoma, taxmin qilinayotgan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiya hamda manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllarini tasdiqlash;

— manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq har qanday holatlar aniqlanganda, bitim, buyruq va boshqa hujjatni bekor qilish toʻgʻrisida davlat tashkilotiga taqdimnoma yoki ularni haqiqiy emas deb topish boʻyicha sudga daʼvo kiritish.

Manfaatlar toʻqnashuviga oid talablarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda:

— davlat organi xodimlarining manfaatlar toʻqnashuvi haqida xabar bermaganligi uchun – BHMning 3 baravardan 5 baravarigacha miqdorda jarima (takroran boʻlsa – BHMning 5 baravardan 10 baravarigacha);

— mansabdor shaxslarning ushbu vaziyatni tartibga solmaganligi uchun – BHMning 5 baravardan 10 baravarigacha miqdorda jarima (takroran boʻlsa – BHMning 10 baravardan 15 baravarigacha) jazosini belgilash nazarda tutilmoqda.

Bunda maʼmuriy bayonnoma tuzish va sudga yuborish vakolati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?