«Maʼnaviyat sektori» hayotimizga oʻzgacha mazmun olib kirmoqda

20:37 18 Aprel 2024 Jamiyat
311 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Mamlakatimizning janubdagi javohiri hisoblangan Termiz shahrida Surxondaryo tajribasi misolida «Maʼnaviyat sektori»ni tashkil etish boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi.

Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlardan Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlar, Maʼnaviyat va maʼrifat markazining hududiy boʻlinma rahbarlari, Oʻzbekiston Mahallalar uyushmasi hududiy boshqarmalari hamda Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi boshqarmalari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 16-17-noyabrda Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturi doirasida maʼnaviyat va maʼrifat sohasiga alohida urgʻu berib, joriy yilning birinchi choragida mavjud 4 ta sektorga koʻmakchi beshinchi – «Maʼnaviyat sektori»ni tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan edi.

Zero bugungi globallashuv sharoitida maʼnaviyat, maʼrifat, taʼlim-tarbiya, ilm-fan yutuqlarisiz yuksak choʻqqilarni zabt etib boʻlmaydi.

Ajdodlarimiz taʼlim-tarbiyaning eng muhim omili sifatida maʼnaviyat va maʼrifatga alohida ahamiyat berishgan. Zero maʼnaviyatli avlod hech qachon yot gʻoyalarga ogʻishib, oʻz Vatanidan voz kechmaydi.

Aholi, xususan yoshlar oʻrtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning ijtimoiy mohiyatini tahlil qiladigan boʻlsak, ularning aksariyati maʼnaviy qashshoqlik oqibatida yuzaga kelayotganligiga guvoh boʻlamiz.

Inson ongida yuzaga keladigan maʼnaviy kemtiklikni hech qanday moddiy boyliklar bilan toʻldirib boʻlmaydi. Yaʼni maʼnaviyat oqsasa, jamiyat tanazzulga yuz tutadi.

Shuning uchun ham Davlatimiz Rahbari yoshlar tarbiyasi, inson kapitalini rivojlantirish, mahallalarda aholi oʻrtasida muntazam targʻibotni yoʻlga qoʻyish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli amalga oshirish zarurligini taʼkidlab, Termiziydek buyuk allomalarga beshik boʻlgan koʻhna zaminda «Maʼnaviyat sektori»ni tashkil etishda Surxondaryo tajribasini yaratish zarurligi boʻyicha topshiriq bergan edi.

Shu oʻrinda, «Maʼnaviyat sektori» tajribasi nega aynan Surxondaryoda yoʻlga qoʻyildi, degan haqli savol paydo boʻlishi tabiiy. Bu voha azaldan maʼnaviyat va maʼrifatning koʻhna oʻchogʻi sifatida tariximizda oʻz oʻrniga ega.

Viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov rahbarligida bir necha oylardan buyon «Maʼnaviyat sektori»ni tashkil etish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, viloyatdagi boshqarma boshliqlari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari 15 ta tuman (shahar) «Maʼnaviyat sektori»ga masʼul etib belgilandi. Shu maqsadda 454 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 960 ta maktab, 54 ta professional taʼlim va 7 ta oliy taʼlim muassasasi, 724 ta mahalla, 360 ta boshqarma va tashkilotda «Maʼnaviyat sektori»ning boshlangʻich tayanch tuzilmalari tashkil etildi.

«Maʼnaviyat sektori» zimmasiga taʼlim, mahalla tizimlarida hamda hududlarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlash, yoshlarga alohida eʼtibor qaratish, ularni bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash, boy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, kitobxonlikni rivojlantirish, millatlararo totuvlik va oʻzaro mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash hamda mafkuraviy immunitetini oshirish vazifalari yuklandi.

Seminar ishtirokchilari Termiz shahrida maktab va maktabgacha va oliy taʼlim, mahallada tashkil etilgan «Maʼnaviyat sektori» bilan yaqindan tanishishdi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, anjumanda oila, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda maʼnaviy tarbiyaning uzviyligini taʼminlash, shu asosda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini yuritish, muvofiqlashtirib borish borasida batafsil maʼlumotlar berildi.

Dastlab seminar ishtirokchilari kunni Hakim Termiziy meʼmoriy majmuasi ziyoratidan boshlashgan boʻlsa, shunday soʻng ular Termiz shahridagi 26-umumtaʼlim maktabida sektor faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Jumladan, maktab direktori oʻquv muassasasi sektor rahbari, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, psixologlar, kutubxonachi, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik va tarbiya fani oʻqituvchilaridan iborat jamoa oʻquvchi-yoshlarning tafakkurini boyitish, ruhiyatini koʻtarish, ilmga chanqoq, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha ish olib borayotir.

Shu bois boʻlsa kerak, ushbu taʼlim maskanida 2023-yilda 55 ta fan, ijodiy va besh tashabbus toʻgaraklariga 632 nafar oʻquvchi jalb qilingan boʻlsa, Sektor faoliyati yoʻlga qoʻyilgach, toʻgaraklar soni 98 taga koʻpaydi va 1680 nafar oʻquvchi qamrab olindi. Qamrov darajasi 80 foizni tashkil qiladi.

— Maktabimizda faoliyati yoʻlga qoʻyilgan radiouzel, biz oʻquvchilar uchun erkin minbarga aylandi. Ushbu radiouzelda men «Yangiliklar», «Maktabim faxri», «Kitob – bilim bulogʻi» kabi dasturlarni olib boraman. Unda nafaqat boshlovchilik koʻnikmam shakllanmoqda, balki ijodkorlik salohiyatimni yuzaga chiqarishimga imkoniyat yaratmoqda, , — deydi 8-sinf oʻquvchisi Rohatoy Rayimqulova.

— Maktabimizda «Haftalik devoriy» gazetani chiqaryapmiz. Ushbu gazetada men singari 40 dan oshiq ijodkorlar oʻquvchilar faoliyat yuritayotgani quvonarlidir. Gazetamizning har sonida maktabimizda yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar, taʼlim, sanʼat, madaniyat, sportdagi koʻrsatkichlar yoritib borilishiga asosiy eʼtibor qaratilmoqda, — deydi 11-sinf oʻquvchisi Gulsoatbonu Elomonova.

Shundan soʻng mehmonlar shahardagi 31 maktabgacha taʼlim tashkilotida boʻlib, sektor faoliyati bilan tanishildi.

Bogʻchada tashkil etiladigan sektorda ham sektor rahbari – bogʻcha mudirasi boshchiligida, psixolog, metodist, bosh tarbiyachi, enaga hamda hamshirasigacha bola tarbiyasi bilan yaxlit muvofiqlashtirilgan tizimda faoliyat olib boradi. Bu boʻyicha alohida ishlash mexanizmlarni yoʻlga qoʻyilgan.

2022-yilda maktabgacha taʼlim tashkilotida 4 toʻgarak tashkil etilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib, 24 taga yetkazilgani va qamrov ham 6 barobarga oʻsganligini koʻrsatmoqda.

-Bogʻchada sektor faoliyati yoʻlga qoʻyilgandan soʻng eng muhim jihat – tarbiyalanuvchilarga salomlashish, kutish, dasturxon, ovqatlanish odobini zaruriy ehtiyojga olib chiqqanimiz boʻldi, –deydi maktabgacha taʼlim muassasasi uslubchisi Gulbahor Yoʻldosheva. Oiladan bogʻchaga kelgan farzandlarimiz yoshiga mos holda milliy qadriyat, urf-odat, anʼanalarimiz ruhida kamol topishiga asosiy eʼtibor qaratilmoqda.

Bolajonlarimizni milliy ruh va milliy madaniyat asosida tarbiyalash maqsadida «Zukko bolajon» , «Nafosat boʻstoni», «Mening ilk kitob javonim», «Bor ekanda yoʻq ekan», «Sanʼat gʻunchalari», «Milliy cholgʻular», «Milliy liboslar» toʻgaraklari tashkil etildi.

Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida «Salomlashish odobi», «Qoʻl yuvish odobi» targʻibot vositalari oʻrnatildi. Maʼnaviy tarbiyadagi faoliyatini takomillashtirish, tarbiyalanuvchilarda mustaqil va baxtli hayot uchun zarur ijtimoiy malaka hamda fazilatlarni yoshiga mos, bosqichma-bosqich shakllantirish, farzand tarbiyasida maʼnaviy komillik, vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida turkum tadbirlar tashkil etilishi yoʻlga qoʻyildi

Shundan soʻng anjuman ishtirokchilari Termiz davlat universitetida Seminarning tantanali ochilish marosimida ishtirok etishdi. Unda viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov soʻzga chiqib, sektor faoliyati va amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi natijalar haqida soʻz yuritishdi. Seminar respublikamiz boʻylab onlayn tarzda ZOOM platformasi orqali yoritilib borildi.

Anjuman davomida mutaxassislar tomonidan sektor faoliyati boʻyicha taqdimotlar namoyish etildi.

Kunining ikkinchi yarmida ishtirokchilar Termiz shahridagi «Oʻzbekiston» mahallasida tashkil etilgan sektor faoliyati bilan tanishishdi.

Ushbu sektorda mahallaga kiraverishdagi «Assalomu alaykum, mahallamizga xush kelibsiz!» yozuvidan tortib, har bir koʻchaga ijtimoiy-maʼnaviy mazmundagi inson, oila, Vatanni ulugʻlovchi vatanparvarlikni targʻib etuvchi tashqi targʻibot vositalari joylashtirilgan. Bu ham oʻz navbatida aholi va oʻsib kelayotgan avlodning goʻzal fazilatlarini shakllantirishda muhim oʻrin tutadi.

Mahallada har bir koʻchada «Salomatlik yoʻlagi», «Yoshlar yoʻlagi», «Sport yoʻlagi» tashkil etilgan. Har bir yoʻlakda haftaning shanba kuni maʼnaviy-maʼrifiy, sport, sogʻlomlashtirish tadbirlari oʻtkaziladi. Har birida yoshlar, yoshi ulugʻ ota va onaxonlarning ishtiroki taʼminlanmoqda.

Aytish kerak, mahalla – maʼrifat oʻchogʻi hisoblanadi. Bu – insonlar oʻrtasida mehr-oqibat, bagʻrikenglik, insoniylik fazilatlari shakllanadigan, rivojlanib keng palak otadigan buyuk maskan hisoblanadi. Shu bois maʼnaviyat sektorida amalga oshirilgan ishlar mana shu sektordan boshlanib, maʼno-mazmun jihatidan boyib qolgan sektorlarga ulanib, bogʻlanib ketadi.

Xulosa oʻrnida aytish kerakki, Maʼnaviyat sektorining amaldagi 4 ta sektordan farqli tomoni, taʼlim tizimi – bogʻcha, maktab va oliy taʼlim yoʻnalishlarida boshlangʻich tayanch sektorlariga egaligidadir.

Taʼlim tashkilotlarida maʼnaviyat sektorlari tashkil qilinib, boshlangʻich boʻgʻini viloyat sektorigacha bogʻlanib keladi.

Taʼlim muassasalari, mahalla, tashkilot va idoralarning maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish bilan birga, milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid boʻlgan yot gʻoyalar hamda dabdababozlik, maʼnisiz rasm-rusumlar va urf-odatlarga qarshi kurashish tashabbusini ilgari suradi.

Bir soʻz bilan aytganda, bu kabi saʼy-harakatlar maʼnaviy tahdidlarning mohiyatini, aholining turli qatlamlariga taʼsirini oʻrganish hamda tushuntirish ishlarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Buning natijasida tuman va hududlarda ilk ijtimoiy-maʼnaviy muhit holati koʻrina boshlaydi. Bu jarayon qanday amalga oshiriladi, albatta shu uzluksiz taʼlimning samarali faoliyati bizga dastlabki mexanizmni yoʻlga qoʻyib olishga tayanch vazifasini oʻtab beradi.

Biz Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida barchamiz hamjihatlikda katta bir tarixiy jarayonga qadam qoʻymoqdamiz. Bu yoʻlda yuksak maʼnaviyat, milliy gʻoyamiz bizga soʻnmas azmu shijoat, yuksak vatanparvarlik ruhini baxsh etadi.

Biz hammamiz jonajon Vatanimiz uchun hamjihat, yakdil boʻlib harakat qilsak, barcha ulugʻ niyat va maqsadlarimizga albatta erishamiz.
Nargiza RAHMATULLAYEVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Surxondaryo viloyat boʻlimi rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер