Maʼnaviyat festivalida viloyat hokimi targʻibotchilarga doʻppi sovgʻa qildi

15:57 24 Iyun 2021 Madaniyat
1107 0

Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev Guliston shahridagi Alisher Navoiy nomli “Bilimdonlar maskanida” poytaxt va respublikamizning turli hududlaridan kelgan maʼnaviyat targʻibotchilari - adabiyot, sanʼat, madaniyat vakillariga oʻzbekona tuhfa – doʻppi ham sovgʻa qildi.

Xovos tumanidagi 14-bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻquvchisi Behroʻz Rahmatullayev esa eksklyuziv ravishda “Bilimdonlar maskani” hovlisidagi fonus ustunida qoʻnib turgan qushning suratini chizdi. Hayratlanarlisi, parranda festival ishtirokchilari ushbu rasmni tomosha qilib turgan pallada ham chiroq ustida edi.

Oʻzbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova yoshi ulugʻ boʻlsada, sahnaga yugurib chiqdi va tushdi! Mashhur aktrisa Alisher Navoiyning barcha zamonlarda ham oʻlmas, chuqur mohiyatli ruboiylarini uning siymosiga yuzlangan holda qoʻlini koʻksiga qoʻyib oʻqigani barchaga ham maʼnaviy ozuqa ulashdi, ham oʻzbekona tarbiyaning betakror qadriyatlaridan biridan ibrat namunasi boʻldi.

Ha, Sirdaryoda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining oʻttiz yilligi munosabati bilan “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu gʻoya asosida oʻtkazilgan “Maʼnaviyat festivali” ana shunday xalqona qadriyatlar va noodatiy, ammo tabiiy ijodiy yondashuvlar namoyishi sifatida ham esda qolarli boʻldi. Umuman olganda uch kun davom etgan festival eskicha formatlardan holi, xalqqa yaqin shakl-shamoyilda tashkil etilgani unga oʻzgacha shukuh baxsh etdi. Ayniqsa, tadbirning yuqorida misollar keltirganimiz, yakuniy – “Bilimdonlar maskani”da boʻlib oʻtgan “Nazm va navo kechasi” yana-da tarovatli boʻldi. Uning ochiq osmon ostida tashkil etilgani gulistonliklar va shahar mehmonlari, hamma uchun, musiqa va nazm sehridan bahramand boʻlishiga sharoit yaratdi.

— Festival kunlari Sirdaryoning koʻp joylarida boʻldik, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasidan kelgan baxshi-xonanda Maxsuma Umrbekova. — Hamma shahar-qishloqlarda tomoshabinlar sherigim Juzumgul Karimbergenova bilan chiqishlarimizni olqishlar bilan kutib oldi. Xalqimizning sanʼatsevarligi bizni yana-da joʻshib ijod qilishga ilhomlantirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan ushbu festival doirasida “Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy”, “Bir ziyoli – bir mahallaga maʼnaviy homiy” tamoyili asosida amaliy seminarlar, davra suhbatlari oʻtkazildi va maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi yana koʻplab loyihalar amalga oshirildi .

Ahmadali SHERNAZAROV,
“Xalq soʻz”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?