Maʼnaviy mushtimiz — “Mushtum” qisqa tanaffusdan soʻng yana qaytdi

00:42 13 Oktyabr 2021 Jamiyat
288 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Salkam 100 yoshni qarshilayotgan “Mushtum” dolzarb va oʻtkir hajviyalari, karikatura va maqolalari bilan barcha oʻzbek oilalariga tanish va qadrdon. Jurnalning xalqimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotini aks ettiruvchi oʻtkir yumoristik ruhi taraqqiyparvar jadidlarimizning saʼy-harakatlari natijasi oʻlaroq bugungi kungacha yetib keldi.

Abdulla Qodiriy va Gʻozi Yunus asos solgan “Mushtum” hajviy-tanqidiy jurnalining birinchi soni 1923-yil 18-fevralda Turkiston gazetasiga ilova tarzida 3 ming nusxada bosilgan. Mazkur sonda jurnalning yoʻnalishini belgilagan Abdulla Qodiriyning “Mushtum taʼrifida” degan bosh maqolasi berilgan. Shu oʻrinda maqoladan olingan quyidagi parchani keltirish lozim: “Bu «Mushtum” zoʻrlik mushtumi emas, haqlik mushtumidir, bu “Mushtum” zolimlar mushtumi emas, mazlumlar mushtumidir. Shuning uchun buning maʼnosi ham boshqachadir...»

Jurnalning rivojlanishida Gʻozi Yunus, Choʻlpon, Hoji Muin, Rafiq Moʻmin, Gʻafur Gʻulom, Komil Aliyev, Abdulla Qahhor, Nosir Sayd, Gʻayratiy, Sobir Abdulla, Said Ahmad, Anvar Muqimov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Anvar Obidjon va boshqa ijodkorlarning hissasi katta. Jurnalda turli yillarda Gʻ. Gʻulomning “Shum bola”si, A.Qahhor, S. Ahmadning eng sara hajviyalari, E.Vohidovning «Donishqishloq hangomalari», A.Oripovning “Jannatga yoʻl” dramasi kabi adabiyotimizning bebaho durdonalari chop etilgan.

Mazkur jurnal haqida gapirganda jamiyatni turli illatlardan tozalovchi maqola, felyetonlar bilan bir qatorda karikaturalarga toʻxtalmaslik mumkin emas. T. Ishtvan, T.Muhamedov, D. Siniskiy, M. Vorobeynikov, N.Ibrohimov, A.Xoliqov, S. Subhonov, A.Qambarov, S.Salohiddinov va boshqa rassomlarning ishlari keyingi yillarda jurnalning rivojlanishidagi bosh omil boʻldi deyishimiz mumkin.

“Mushtum” jurnali 2019-yilda iqtisodiy qiyinchiliklar va epidemiologik vaziyat sabab oʻz faoliyatini toʻxtatgan edi. Joriy yilning 12-oktyabr sanasida Oʻzbekiston Milliy Matbuot markazida “Mushtum” jurnalining qayta tashkil etilishiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Anjumanda uning bosh muharriri Nosirjon Toshmatov jurnalning yangi yoʻli, yangi rejalari, xulosalar haqida va faoliyatini toʻxtatish sabablari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

— “Mushtum” jurnali — bizning maʼnaviy mushtimiz. Jurnal har doim, ayniqsa, bugungi kunda jamiyatimizga nihoyatda kerak. Pandemiya vaqtida xalqimizdan jurnalni qayta chop etishni soʻrab koʻplab murojaatlar kelib tushdi, — deydi Nosirjon Toshmatov. —Koʻplab saʼy-harakatlar natijasida va ayrim millatparvar homiylar koʻmagida biz jurnal faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyishga erishdik.

Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov ham jurnalning hozirgacha boʻlgan va bundan keyingi faoliyatidagi muhim nuqtalarga toʻxtaldi. “Mushtum” jurnali va uning tanilishida katta mehnat qilgan jurnalistlar, karikaturachilarning ijodi hali oʻrganilmaganligini, bu borada chuqur izlanishlar olib borilishi kerakligini taʼkidladi.

Anjumanda aytilgan dolzarb mushohada va mulohazalar jurnalning keyingi faoliyatiga amaliy tatbiq qilinsa, xalqimizning dunyoqarashi yangi bosqichga koʻtarilishiga ishonamiz.

Madina Gʻuzorova, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?