Maʼmuriy sudlar haqiqiy xalq sudiga aylanmoqda

14:09 03 Fevral 2022 Jamiyat
898 0

Mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida keng koʻlamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi hamda 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining maqsadlariga erishish davlat boshqaruvining mutlaqo yangi, samarali va sifatli faoliyat yurituvchi tizimini yaratishni, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining samarali va qonuniy faoliyatini tashkil etishni talab qiladi.

Bu borada maʼmuriy islohotlarni izchil davom ettirish yoʻlida oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, Yangi Oʻzbekiston sharoitida davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati tizimining samaradorligini oshirish, ular faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirish orqali aholi farovonligini taʼminlash va “mobil boshqaruv apparati”ni yaratish asosiy masalalardan biridir.

Shu jihatdan, Prezidentimizning 2021-yil 22-noyabrdagi “2022-2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishida 2022-2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

Maʼmuriy yustitsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida joriy yilning 29-yanvar kuni qabul qilingan “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda aholining sudlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori alohida ahamiyatga ega boʻldi.

Bosh qomusimizning 44-moddasida “Har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi”, deb belgilab qoʻyilgan. Mamlakatimizda maʼmuriy sudlarning tashkil etilishi Asosiy qonunimizda mustahkamlangan ushbu huquqlarni samarali amalga oshirilishini taʼminlashga xizmat qilayotir.

Maʼmuriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini taʼminlash bilan bir qatorda ular huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish hisoblanadi. Shu bilan birga, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning, ayniqsa, maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqaro va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirish zarur.

Jamiyatda maʼmuriy sudlarga boʻlgan ishonchni yanada oshirish maqsadida davlat organlari tomonidan sud qarorlari ijro etilishi ustidan nazoratning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish talab etiladi. Shu munosabat bilan Prezidentimizning mazkur qarorida davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda maʼmuriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirishga oid chora-tadbirlar belgilab berildi.

Haqiqatdan ham, amaliyotda yuzaga kelayotgan holatlar tahlili maʼmuriy sudlarda ish holatlarini isbotlash majburiyati taraflarning oʻziga yuklatilgani ularni tengsiz holatga keltirayotganini koʻrsatmoqda. Xususan, huquqi buzilgan oddiy fuqaro yoki yuridik shaxsning oʻz talablarini isbotlab berish boʻyicha imkoniyatlari davlat organlarining resurslariga qaraganda birmuncha cheklangan.

Shuningdek, fuqaro yoki yuridik shaxsning shikoyati asosida chiqarilgan sud hujjati ijrosi davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishini taʼminlash uchun taʼsirchan nazorat mexanizmlari mavjud emas edi. Buning natijasida koʻp holatlarda fuqarolar yoki yuridik shaxslar manfaatida chiqarilgan sud hujjati davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan ijro etilmasdan qolayotganining guvohi boʻlayotgan edik.

Ushbu holatlar inobatga olingan holda hujjatda davlat organlari qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqishda maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining haqiqiy himoyachisiga aylantirishga qaratilgan muhim choralar belgilandi. Masalan, maʼmuriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, bunda maʼmuriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun oʻz tashabbusi bilan dalillarni yigʻish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga esa dalillarni yigʻishda faqat oʻz imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratish nazarda tutildi.

Shuning barobarida, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bogʻlanishda boʻlgan zararni undirish talabini ham maʼmuriy sudga bildirish huquqi taqdim etilgan holda bunday talablarni koʻrib chiqishni maʼmuriy sudlar vakolatiga oʻtkazish belgilandi.

Endilikda qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganidan soʻng maʼmuriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar boʻyicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qoʻllaniladi.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi davlat organlari faoliyatini qonuniy asosda yuritilishini, fuqaro va yuridik shaxslar huquqlari va manfaatlari samarali himoya etilishini taʼminlashga, maʼmuriy sud ish yurituvini xalqaro standartlarni inobatga olgan holda takomillashtirishga, eng muhimi, maʼmuriy sudlarni haqiqiy xalq sudiga aylantirishga xizmat qiladi.

Shuhrat POLVONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari

qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?