Maʼmuriy sud ish yurituvi xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtiriladi

19:32 26 Sentyabr 2022 Jamiyat
713 0

Joriy yilning 26-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda fraksiya aʼzolari “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya etilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.

Yigʻilishda qayd etilganidek, qonun loyihasi davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining maʼmuriy sudlar tomonidan samarali himoya etilishini taʼminlashga hamda maʼmuriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish orqali maʼmuriy sudlarni fuqarolarning haqiqiy himoyachisiga aylantirishga qaratilgan.

Ushbu hujjjat bilan sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish, jumladan sudlar tomonidan daʼvo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli boʻlmaganligi sababli qabul qilishni rad etish yoki ish boʻyicha ish yuritishni tugatishni taqiqlash, bunda daʼvo arizasi, ariza, shikoyat yoki ishni ularni koʻrib chiqishga vakolatli sudga oʻtkazish belgilanmoqda.

Qonun loyihasidagi normalar davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya etilishini taʼminlashga, maʼmuriy sud ish yurituvini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirishga hamda aholining sudlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Qizgʻin muhokama qilingan mazkur hujjat yuzasidan elektorat manfaatlarini koʻzlab koʻplab savollar berildi. Deputatlar qonun loyihasi davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini oʻrnatish, aholining sudlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qilishini taʼkidlab, uni maʼqulladilar.

Fraksiya yigʻilishida kun tartibidagi masalalar atroflicha koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?