“Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar misli koʻrilmagan darajaga koʻtarildi” — V. Matviyenko

19:27 25 Noyabr 2021 Siyosat
317 0

2021-yil 25-noyabr kuni mamlakatimiz parlament delegatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtayotgan MDH Parlamentlararo assambleyasining navbatdagi yalpi majlisida ishtiroki doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T. Norboyevaning Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi V. Matviyenko bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

V. Matviyenko Oʻzbekistonda mamlakat Prezidenti Sh. Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, joriy yilning 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Prezident saylovini yuqori baholadi.

— Ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro ishonchga ega boʻlib, ular Rossiya – Oʻzbekiston hamkorligi kun tartibini belgilab beradi. Shuningdek, davlatlarimiz rahbarlarining saʼy-harakatlari tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar misli koʻrilmagan darajaga koʻtarildi, — dedi V. Matviyenko. — Hamkorligimiz iqtisodiy, gumanitar va boshqa sohalarda muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti parlament hamkorligini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Yuksak “Doʻstlik” ordeni uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.

Uchrashuvda Oʻzbekiston — Rossiya hamkorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari Sh. Mirziyoyevning qayta saylanganidan soʻng Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning oʻziga xos xususiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.

— Tashrif chogʻida davlat rahbarlari Oʻzbekiston — Rossiya parlamentlararo hamkorligini yanada rivojlantirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratdi. Mamlakatlarimiz rahbarlarining yuksak bahosi barcha sohalarda hamkorlikni rivojlantirish uchun barchamizga yanada katta masʼuliyat yuklaydi, — deb taʼkidladi T. Norboyeva. — Erishilgan kelishuvlarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Muloqotda mazkur xalqaro tashkilot doirasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar Toshkentda boʻlib oʻtgan Federatsiya Kengashi va Oliy Majlis Senati oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha Parlamentlararo komissiyaning oltinchi majlisi ishi yakunlarini yuqori baholadi.

Tanzila Norboyeva parlamentlararo hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish maqsadida Valentina Matviyenkoni Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Shuningdek, Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari, jumladan, yangi koronavirus infeksiyasiga qarshi birgalikda kurashish yuzasidan fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?