Mamlakatimizda davlat tilida ish yuritish va maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar hamda ularning amaliy natijalari

14:41 26 Avgust 2022 Jamiyat
687 0

Mustaqillik yillarida barcha sohalar kabi davlat tilida ish yuritish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, aholining, ayniqsa, yoshlarning intellektual va maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish boʻyicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Barchamizga maʼlumki, 1989-yil 21-oktyabrda “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilingan. Ushbu Qonun bilan Oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlidagi muhim qadamlaridan biri boʻlgan desak adashmagan boʻlamiz.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan ushbu kun – 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayram kuni” deb belgilandi. Oʻzbek tili Oʻzbekiston degan oʻtmishi buyuk mamlakatning davlat tilidir. Shunday ekan davlat tili ham har bir davlatning ramzi sanaladi.

Davlatimiz Rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti oliy minbarida davlat tili – oʻzbek tilida nutq soʻzlagani yoki Oʻzbekiston delegasiyalarining xorijiy davlatlarga tashriflari, sportchilarimizning erishgan munosib gʻalabalari sharafiga davlat tili – oʻzbek tilida madhiyamizni yangrashi har birimizni gʻururlantirmasdan qoʻymaydi.

Yaqinda Hindistonning Chennay shahrida oʻtkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasining yopilish marosimida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Oʻzbekiston terma jamoasiga oltin medallarni topshirilishi, oʻzbek bayrogʻini eng yuqorida turishi hamda tarixiy gʻalaba uchun oʻzbek madhiyasi yangragan paytda butun jahondan kelgan barcha marosim ishtirokchilarning biz uchun oʻrinlaridan turishini koʻrib bundan butun oʻzbek xalqi faxrlandi.

Bu oʻz navbatida barchamizga ona tilimizni qay darajada ardoqlashimiz va hurmat qilishimiz kerakligini, Ona tilimiz umrboqiy, maʼnaviy-maʼrifiy yuksalishning dadil qadami ekanligini bildiradi.

Shuni taʼkidlab oʻtish joizki, Davlat tilida ish yuritish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish davlatimiz tomonidan alohida eʼtiborga olingan hamda bu borada bir qator tegishli hujjatlar qabul qilinmoqda.

Oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, Oʻzbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, oʻzbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktyabrdagi PF-6084-son Farmoni bilan 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va uning asosiy yoʻnalishlari tasdiqlandi.

Kadastr agentligi tomonidan Davlat tilida ish yuritish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish sohasida ham islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.

Birinchidan, “Kadastr agentligi, hududiy boshqarmalar hamda tizim tashkilotlarida oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Kadastr agentligining buyrugʻi qabul qilinib, ushbu buyruqqa asosan 2021-yil 1-avgustdan boshlab barcha turdagi ish yuritish hujjatlari, shu jumladan ishlab chiqiladigan va qabul qilinadigan hujjatlar lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida amalga oshirilmoqda.

Ikkinchidan, ichki va tashqi axborot matnlari hamda barcha turdagi ish yuritish hujjatlari va blanklari hamda qonunchilik hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishini taʼminlash boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruhi tashkil etildi.

Uchinchidan, Kadastr agentligining hududiy boshqarmalar hamda tizim tashkilotlarida Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha alohida masʼul xodimlar belgilandi.

Toʻrtinchidan, Vazirlar Mahkamasining davlat tilida ish yuritish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish dasturlari doirasida Kadastr agentligi markaziy apparati va tizim tashkilot xodimlari uchun taqdimot materiallari tayyorlanib, grafik asosida oʻquv-seminarlar oʻtkazildi.

Beshinchidan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda Davlat tilida ish yuritish asoslari boʻyicha Kadastr agentligi va tizim tashkilotlaridan 100 nafar xodim malaka oshirib, Davlat tilida ish yuritish asoslari boʻyicha sertifikatga ega boʻlishdi.

Oltinchidan, Kadastr agentligini rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda axborotlar lotin yozuvidagi oʻzbek alifbosida yuritilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar Kadastr agentligining tizim tashkilotlarining barcha rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari lotin yozuvidagi oʻzbek alifbosida axborotlar toʻliq yoritilib boriladi.

Davlat tilida ish yuritish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar har bir Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchining “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yanada masʼuliyat bilan faoliyat yuritishga undaydi.

Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini

taʼminlash masalalari boʻyicha Direktor maslahatchisi

Rustamova Zarnigor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?