Malayziya oʻzbek yoshlarini tahsil olishga chorlamoqda

16:48 17 Mart 2022 Jamiyat
1015 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Malayziya oliy taʼlim tizimi dunyodagi yetakchi oʻrinlarda turadi. Ayni paytda bu mamlakatda 300 nafardan ziyod Oʻzbekiston yoshlari tahsil olmoqda. Oʻzbekistonlik iqtidorli yoshlar Malayziyaning xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinda turuvchi oliy taʼlim muassasalarida bundan keyin ham tahsil olishlari mumkin. Bu haqda Malayziyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hendi Assan 17-mart kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan taʼlim sohasidagi hamkorlikka bagʻishlangan davra suhbatida maʼlum qildi. Zero, 1-apreldan boshlab mamlakatda koronavirus pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan cheklovlar bekor qilinmoqda.

Malayziya va Oʻzbekiston oʻrtasida turli sohalarda hamkorlik izchil rivojlanayotganini qayd etgan diplomat taʼlim yoʻnalishi ham muhim ahamiyat kasb etishini urgʻuladi.

“Malayziya oʻzbekistonlik talabalar uchun eng talabgir mamlakatlar sirasiga kiradi. Buni koʻp sonli talabalar tahsil olayotgani ham tasdiqlaydi. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston ham malayziyaliklar uchun qiziqarli yoʻnalish sanaladi. Malayziyada xalqaro reytinglarga kirgan koʻplab oliy taʼlim muassasalari bor. Ularda oʻzbekistonlik iqtidorli yoshlar koʻproq tahsil olishini istaymiz”, deydi elchi Hendi Assan.

Diplomat talabalar va oʻqituvchilar almashuvi, hamkorlikda ilmiy anjumanlar oʻtkazish, akademik tadqiqotlar oʻtkazish muhimligini ham taʼkidladi.

Keyingi yillarda ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim jabhasida hamkorlik kuchaymoqda. 2019-yil oktyabr oyida Toshkent moliya instituti bazasida Malayziya menejment va tadbirkorlik “Binary” universiteti bilan Oʻzbekiston — Malayziya qoʻshma fakulteti ochilgan. 2020-yil iyun oyida Oʻzbekiston oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi va “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti oʻrtasida Urganchda universitetning xalqaro filialini tashkil etish toʻgʻrisida uch tomonlama shartnoma imzolangan.

Maʼlumotlarga qaraganda, hozirda Malayziyada 100 mingdan ziyod xorijlik talaba tahsil olmoqda. Mamlakat YUNESKO tomonidan chet ellik talabalar soni boʻyicha dunyo oʻntaligiga kiritilgan. Birgina 2021-yilda Malayziya OTMlariga 150 ga yaqin davlatdan 40 mingdan ziyod talaba qabul qilingan. 2022-yilda bu koʻrsatkich yanada oshishi kutilmoqda.

Malayziya oliy taʼlim tizimi zamonaviy fanlar, jumladan, axborot texnologiyalari, menejment, islom moliyasi, dizayn kabi yoʻnalishlarda yuqori reytinglarga ega. Masalan, Malayya universiteti QS reytingida 59-oʻrinda qayd etilgan.

Darvoqe, Janubi-sharqiy Osiyoda joylashgan ushbu mamlakat oliy taʼlimiga doir batafsil maʼlumotni Malayziya oliy taʼlim vazirligi huzuridagi agentlik sayti orqali olish mumkin.

Malayziya elchisining aytishicha, agar “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Toshkent — Kuala-Lumpur —Toshkent toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni yana tiklasa, bu nafaqat taʼlim, balki ziyorat turizmi sohasiga ham oʻzining hissasini qoʻshishi mumkin.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?