Maktablarni epidemik oʻchoqqa aylantirib qoʻyishga haqqimiz yoʻq — vazir

22:00 29 Avgust 2020 Jamiyat
515 0

Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligida maktablarda 2020-2021 oʻquv yilini tashkil etishda sanitariya-epidemiologik barqarorlikni taʼminlash chora-tadbirlariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Bu haqda vazirlik Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Unda shu yilning 28-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquv yiliga tayyorgarlik masalalariga bagʻishlangan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosi, maktablarning yangi oʻquv yiliga tibbiy, sanitariya-epidemiologik tayyorgarligini nazorat qilish, mazkur jarayonda tibbiyot xodimlarining ishtiroki, ularga yuklatilgan vazifalar hamda tegishli idoralar bilan hamkorlikda hal etilishi zarur boʻlgan muhim masalalar muhokama qilindi.

Vazir Alisher Shadmanov oʻz soʻzida pandemiya sharoitida mahalliy hokimliklar, tibbiyot va taʼlim muassasalari oldida turgan dolzarb muammolarni sanab, ularning yechimlariga ham toʻxtalib oʻtdi.

Misol uchun, mamlakatimizdagi mavjud 9942 ta maktabning barchasi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan. Mahalliy hokimliklar tomonidan bu muammo hal etilishi muhimligi taʼkidlandi.

— Taʼlim muassasalarida tozalik va ozodalikni saqlash, dezinfeksiya ishlariga alohida eʼtibor qaratishimiz muhim boʻlgan masalalardan biri, — dedi Alisher Shadmanov. — Bu uchun sanitariya xizmati markazlari shu yilning 5-sentyabriga qadar oʻz hududlaridagi oʻquv dargohlarini tayyorgarlik holatini oʻrganib, maktab jamoasini tekshiruvchi boʻlib emas, balki ularga har jihatdan amaliy koʻmak berib, dars jarayonlarida epidemiologik xavfsizlikni taʼminlash borasida trening va repetitsiyalar oʻtkazishi zarur. 480 ming nafardan ortiq oʻqituvchi faoliyat koʻrsatadigan va 6,2 million nafardan oshiq oʻquvchi tahsil oladigan taʼlim muassasalarini epidemik oʻchoqqa aylantirib qoʻyishga haqqimiz yoʻq, — deb soʻzini davom ettirdi Sogʻliqni saqlash vaziri. 

Yigʻilishda, shuningdek, taʼlim muassasalarining 1 057 tasida tibbiyot xonalari mavjud emasligi, tibbiyot xonalari va izolyatorlarni tashkil etishda mahalliy hokimliklar va xalq taʼlimi mutasaddilariga tibbiyot xodimlari oʻz tavsiyalari va koʻrsatmalari bilan yaqindan yordam berishi aytildi.

Bundan tashqari, maktab oshxonalarining holati, ularning sanitariya talablariga javob berishi zarurligi, sifatiga shubha qilingan ovqatlarni muassasa hududiga kiritish va noqonuniy savdoning oldini olish kerakligi, koʻp maktablarda hojatxonalarning ham gigiyena talablariga javob bermasligi kabi qator muammolarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?