Maktablarda ona tili soatlari koʻpaytiriladi

10:05 21 Oktyabr 2020 Hujjatlar
304 0

“Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yoʻnalishlari tasdiqlandi.

Asosiy yoʻnalishlar quyidagilarni nazarda tutadi:

2025-yilgacha davlat maktabgacha taʼlim tizimida oʻzbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030-yilgacha esa 80 foizga yetkazish;

2030-yilgacha maktablarda oʻquv yillari uchun tayanch oʻquv rejalarida ona tili fanini oʻqitish koʻlamini haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish;

OTMda oʻzbek tili kafedralari sonini 2025-yilgacha 120 taga, 2030-yilgacha esa 140 taga yetkazish;

lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida “Oʻzbekiston milliy qomusi” jildlarini nashr etishni bosqichma-bosqich koʻpaytirish;

2020-yilda oʻzbek tilining lugʻat boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lugʻatlar yaratish;

teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining oʻzbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida oʻqitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030-yilgacha 100 foizga yetkazish;

2025-yilga qadar davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini va ulardan foydalanish uchun 14 ta onlayn dastur ishlab chiqish, 2030-yilgacha esa ushbu koʻrsatkichni 25 taga yetkazish;

dasturiy mahsulotlarning oʻzbekcha ilovalari va elektron lugʻat dasturlarini yaratish;

xorijliklar uchun oʻzbek tilini oʻrgatuvchi dasturlar yaratish;

2030-yilgacha xorijiy OTMda oʻzbek tilini oʻrgatuvchi markazlar sonini 17 tadan 60 tagacha koʻpaytirish.

2021-yil 1-apreldan rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatlari joriy etiladi.

Oʻzbek tilidagi mavjud lugʻatlar asosida uzluksiz taʼlimning barcha turlari uchun oʻquv lugʻatlari yaratiladi.

Shuningdek, oʻzbek tilidan jahonning yetakchi xorijiy tillariga va xorijiy tillardan oʻzbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturi yaratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?