Maktabgacha taʼlim vazirligida soʻnggi yarim yillikdagi kamchilik va yutuqlar sarhisob qilindi

20:31 26 Iyul 2022 Jamiyat
451 0

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot xizmati

Maktabgacha taʼlim vazirligida “Maktabgacha taʼlim vazirligining 2022-yil I yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar haqida hisoboti” mavzusidagi matbuot anjumani oʻtkazildi.

Tadbirda joriy yilning oʻtgan vaqti mobaynida erishilgan ijobiy koʻrsatkichlar haqida maʼlumot berildi. Xususan, bugungi kunga qadar Prezidentimiz tomonidan berilgan jami 412 ta topshiriqning 362 tasi bajarib boʻlingani alohida taʼkidlandi. Shuningdek, maktabgacha taʼlim tashkilotlari 28 012 taga oshirilib, qamrab olish darajasi 69,4 foizga hamda 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov qamrovi 84 foizga yetkazilgani sohadagi samarali ishlarning natijasidir.

Bundan tashqari, Namangan va Qoʻqon shaharlarida tajriba-sinov tariqasida 1 400 nafardan ortiq maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish boʻyicha maktabgacha taʼlim klasterlari faoliyatini tashkil etilgani aytib oʻtildi. Quvonarlisi, Pedagogika kollejlarining 28 245 bitiruvchisining 21 915 nafari ish bilan taʼminlangan.

Shuni aytish joizki, Jizzax, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga subsidiyalar ajratilishida 7,4 mlrd soʻm miqdoridagi kamchiliklar aniqlangan. Shuningdek, 10 ta korrupsiya bilan bogʻliq holat qayd etilgani achinarli hol.

Toshkent, Samarqand va Xivada ota-onalar farzandini 4-5 mln sarflab bogʻchaga bermoqda, — deydi Milliy mass-media rahbari Sherzodxon Qudratxoʻja. — Ammo bu ham talabni qondira olgani yoʻq. Faqatgina Qoraqalpogʻistonning Kegeyli tumanida bolalar 100 % maktabgacha taʼlim bilan qamrab olingan.

Quyidagi tumanlarda maktabgacha taʼlim qamrovi juda past. Yaʼni Chiroqchida 32,8%, Qamashida 41,5%, Kitobda 41%, Yangiyoʻlda 45,3% va Denovda 44,9% bola bogʻcha taʼlimi bilan qamrab olingan, xolos.

Hozirda maktabgacha taʼlim tizimida 149 ming 24 nafar pedagog faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, ularning atigi 34,5 foizi oliy maʼlumotli ekani sohada qilinishi zarur boʻlgan ishlarning koʻpligini anglatadi. Tadbirda ushbu muammoni bartaraf etish uchun universitetlarni tamomlagan 8 814 nafar malakali kadrni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ishga yoʻllanma asosida yuborish choralari koʻrilayotgani aytildi.

Anjumanda nutq soʻzlagan YUNESKO Bosh qarorgohining Uzluksiz taʼlim siyosati va tizimlari boʻlimi direktori Borxen Chakrun: “Maktabgacha taʼlim imkoniyati va sifat oʻrtasidagi muvozanatni saqlab qolish zarur. Oʻzbekiston hukumati islohotlar jarayonida bu masalaga eʼtibor qaratmoqda. Uzoq qishloqlarda yoki nogironligi mavjud bolalarni maktabgacha taʼlim olish muammosini nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda hal qilish uchun harakat qilmoqdamiz”, — deb taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?