Maktabgacha taʼlim tizimiga yangicha yondashuv

13:17 06 Oktyabr 2020 Siyosat
479 0

Bugungi kunda mamlakatimizda taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlarida ulkan islohotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, mamlakatimiz kelajagi va ravnaqida muhim oʻrin tutadigan maktabgacha taʼlim sohasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Zero, bu tizim jamiyatning birlamchi va eng muhim boʻgʻinidir.

Farzandlarimiz 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan davrda oladigan barcha maʼlumotlarning 70 foizini oʻzlashtirishi mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan ekan, demak, taʼlim tarbiyaning asosi va poydevori bu maktabgacha taʼlim va tarbiyadir.

Uzoq yillar qaysidir maʼnoda egasiz va qarovsiz qolgan bu tizim soʻnggi yillarda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli bolani qarab, boqib turadigan tashkilotdan, haqiqiy taʼlim-tarbiya maskaniga aylandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga oid qabul qilingan qaror va farmonlar natijasida chekka qishloqlarda ham yangi zamonaviy bogʻchalar barpo etilib, qisqa vaqt ichida maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 3 barobar oshdi. Eng muhimi, bolalarni qamrab olish koʻrsatkichi 28 foizdan 54 foizga yetdi.

Sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmi joriy etilishi tufayli 223 mingdan ortiq oʻringa ega boʻlgan 7 ming 400 ta xususiy bogʻcha tashkil qilindi. Bu maqsadlar uchun 1 trillion 850 milliard soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari yoʻnaltirilib, 20 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.

Yaqinda Prezidentimiz chinakam maʼnoda umumxalq bayramiga aylangan 1-oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuniga bagʻishlangan bayram tadbirida barcha taʼlim tizimi jonkuyarlari uchun zarur vazifalarni belgilab berdi. Yangi Oʻzbekistondagi boʻlgʻusi Renessansning birinchi halqasi maktabgacha taʼlim tarbiya maskanlari, birinchi ustuni tarbiyachilar deb eʼtirof etdilar.

Shu oʻrinda bugungi kunda bir necha ming farzandlar taqdiriga daxldor xalq noibi sifatida bir qator takliflar bildirmoqchiman.

Birinchidan, tegishli vazirlik va idoralar barcha imkoniyatlardan unumli foydalangan holda davlat xususiy sheriklik tizimini rivojlantirib, nodavlat sektorning ulushini oshirish kerak.

Ikkinchidan, avval bogʻcha boʻlib faoliyat yuritgan va bugungi kunda boshqa tashkilotlar balansiga oʻtib ketgan binolarni xatlovdan oʻtkazib maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻlib qaytadan faoliyat yuritishini taʼminlash, ayniqsa, 2 yoki 3 guruh boʻlib faoliyat yuritayotgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarini davlat dasturi asosida rekonstruksiya qilish, qoʻshimcha binolar qurish hisobiga quvvatni koʻpaytirish choralarini koʻrish lozim.

Uchinchidan, Maktabgacha taʼlim vazirligi huzurida tashkil etilgan Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi maktabgacha taʼlim tizimi obyektlarini qurish, kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash boʻyicha buyurtmachi sifatida hududdagi bogʻcha yoshidagi bolalar soniga muvofiqlashtirilgan, ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan loyiha ishlarini tashkil etishda katta masʼuliyat bilan yondashish zarur.

Shuningdek, mahalliy kengash deputatlari maktabgacha taʼlim muassasasi mavjud boʻlmagan hududlarda yangi taʼlim tashkilotlarini qurish uchun har yilgi qabul qilinadigan davlat dasturiga taklif kiritishi hamda mahalliy byudjet mablagʻlari taqsimlanishida mazkur hududlarga alohida eʼtibor qaratishlari maqsadga muvofiqdir.

Tuman, shahar hokimlari xususiy bogʻcha ochish istagini bildirgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashi, mazkur vazifalar ijrosida faol ishtirokchi boʻlishlari gʻoya muhimdir. Zero, bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga 100 foiz qamrab olish, bogʻchalar uchun bilimli pedagoglar, yetuk kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishning amaldagi tizimini jahon talablariga javob beradigan darajaga yetkazishimiz eng muhim vazifalardan biridir.

Xulosa qilib aytganda, Uchinchi Renessansning poydevorini yaratish uchun bizga kichik Xorazmiy, Beruniy, Termiziy, Moturidiy, Navoiylar tarbiyalaydigan taʼlim maskanlari kerak. Bu yuksak marrani zabt etishga maʼrifatga “iligi tuq” xalqimiz, ilm-fan, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun barcha kuch, mablagʻ va imkoniyatimiz bor.

Shahnoza XOLMAXAMATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?